09:50 / 25.02.2020
2 983

Ruslan Chagayev promouterlik kompaniyasiga asos soldi yoxud u Toshkentda katta shou o‘tkazadi

Ruslan Chagayev promouterlik kompaniyasiga asos soldi yoxud u Toshkentda katta shou o‘tkazadi
Hozirda AQSHda istiqomat qilayotgan hamyurtimiz Ruslan Chagayev nafaqat o‘zbek, balki jahon boksida ham o‘ziga yarasha nom qozongan charmqo‘lqop ustasi sanaladi. Uning erishgan yutuqlari haqida istalgancha yozish mumkin. Chagayevning havaskor va professional yo‘nalishda qo‘lga kiritgan yutuqlari barchaga birdek ma’lum deb o‘ylaymiz. Shu sababli batafsil to‘xtalib o‘tishni lozim topmadik. Lekin u bilan uyushtirilgan maxsus intervyuni e’tiboringizga havola etamiz.

- Assalomu alaykum.
- Va alaykum assalom. Assalomu alaykum.

- Siz bilan bog‘lanish juda qiyin bo‘ldi.
- To‘g‘ri, hozirda ulkan loyiha ustida ishlayotgandim. Shuning uchun internetga ko‘p ham vaqt sarflamayapman. Biroz kuttirganimni to‘g‘ri tushunasiz.

- Aslida, biz uchun vaqt ajrata olganingizdan xursandmiz. Darvoqea, loyiha sportga oidmi?
- Albatta.

- Sir bo‘lmasa batafsilroq ma’lumot bersangiz?
- Buning sir joyi yo‘q. Hayotim boks bilan chambarchas bog‘liq. Shunday ekan qolgan faoliyatimni ham ushbu sport turiga bag‘ishlash niyatidaman. Shu sababli promouterlik kompaniyasini ochdik.

- Kompaniya qanday nomlandi?
- M-13.

- Bu borada rasman ish boshlandimi?
- Katta ishlarga endi qo‘l uramiz. Hozircha uch nafar mijozga egamiz.

- Ular?
- Osetiyalik Fotima Turdiyeva hamda ikki nafar ukrainalik bokschi bor.

- Demak, tez orada o‘zbekistonlik charmqo‘lqop ustalari ham mijozingizga aylanadi?
- Albatta.

- Bevosita internet tarmoqlarida Stas Denisovni "Salam O‘zbekistan" qo‘shig‘iga miriqib raqs tushganingiz tarqaldi. Demak, vataningizni juda sog‘inyapsiz?
- Shubhasiz! Shuning uchun ham tez orada O‘zbekistonga boraman. Aniqrog‘i, muqaddas ramazon oyidan avval, aprelga rejalashtirganman.

- Mazkur tashrifdan qanday yangilik kutsak bo‘ladi. Odatda, har gal kelganingizda sizga ba’zi bir mashhur insonlar hamrohlik qilardi?
- Shuni ayta olamanki, Toshkentda katta tadbir o‘tkazish niyatidamiz. Shou desak ham bo‘laveradi. Bu borada o‘zimizning maxsus dasturimiz bor.

- Okean ortida siz bilan bir davr bokschilari istiqomat qilib keladi. Jumladan, G‘ayrat Ahmedov, Timur Sulaymonov, Timur Ibragimovlar... Ular bilan uchrashib turasizmi?
- G‘ayrat Ahmedov bilan ko‘proq ko‘rishaman. Qolganlar bilan ba’zida telefonda gaplashib turamiz. AQSH juda katta mamlakat. Hammaning o‘z ishi, tirikchiligi bor. Shu tufayli tez-tez uchrashishning imkoni yo‘q.

- Keling endi bokschilik faoliyatingizga o‘tsak, Sidney 2000 Olimpiadasida kutilmaganda Vladimir Chanturiyaga imkoniyatni boy berib qo‘ygandingiz. Ushbu jangni qanday xotiralar bilan eslaysiz?
- Buni birgina holat bilan ifodalash mumkin. Shunchaki uni kuchiga to‘g‘ri baho bera olmaganman.

- Mashhur Feliks Savon bilan janglardan so‘ng u bilan muloqotda bo‘lganmisiz. U sizga qanday gaplarni ayta olgandi?
- Yo‘q, gaplashmaganman. U mag‘lubiyatdan achchiqlangan xolos. Lekin tan olish kerak, u buyuk bokschi. Uni hurmat qilaman.

- Vladimir Klichko hamda Aleksandr Povetkin bilan bo‘lgan janglar borasida turli mish-mishlar yuradi. Ya’ni siz jangga tayyor holatda emasdingiz, sog‘lig‘ingiz ham yaxshi bo‘lmagan ekan. Lekin ushbu to‘qnashuvni qabul qilgansiz. Bunga nima sabab bo‘lgandi?
- To‘g‘ri, ushbu janglarda imkoniyatni boy berganman. Aslida, mag‘lubiyatni biror sabab bilan izohlashni xohlamayman.

- Lekin mish-mishlarchi?
- Klichko bilan jangni uch hafta qolganida aytishgan. Shu tufayli yaxshi tayyorgarlik ko‘ra olmaganligimni aytishim mumkin.

- Bu jangni rad qilish imkoniyati ham bormidi?
- Ha, promouterim bu borada ham o‘ylab ko‘rishimni aytgan. Ya’ni xohlasam qabul qilmasligim mumkin edi. Biroq ushbu jangga qadar Nikolay Valuyev bilan revansh bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilayotgandi. O‘shanda Valuyev kasallikka chalinganligim to‘g‘risida har-xil bemaza gaplarni gapirib, jangni rad qilgandi. Keyin men dam olayotganimda promouterim tomonidan ushbu xabarni eshitganman. Tayyorgarlikni qachondan boshlayman deb so‘raganimda, uch xaftadan keyin ringga ko‘tarilishimni aytgan. Agar bu jangni o‘tkazmaganimda rostdan kasallikka chalinganligim borasida tasavvurlar uyg‘onardi. Qolaversa, keyingi faoliyatim ham so‘roq ostida qolishi mumkin edi.

- Sizdan keyin o‘zbek boksining og‘ir vazn toifasida pasayish yuzaga kelgandi. Biroq hozir Bahodir Jalolov yetishib chiqdi va ajoyib muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Ushbu yosh bokschimizning profidagi kelajagiga qanday baho berasiz?
- Bahodirni yaxshi natijalar qayd etayotganligini eshitdim. O‘zbek boksida har doim iste’dodlar topiladi. Havaskor yo‘nalishda yetakchilikni qo‘lga olishganidan juda xursandman. O‘ylaymanki, professionalda ham barchasi katta yutuqlarni qo‘lga kirita oladi va bunga tilakdoshman.

- Barcha muvaffaqiyatlaringizda eng asosiy sababchi bo‘lgan uchta murabbiyni ismini ayta olasizmi?
- Birinchi navbatda, Aleksandr Razmaxovni ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim. U meni bokschi bo‘lib yetishishimda asosiy rol o‘ynagan. Professional boksga o‘tganimdan so‘ng Mixail Timdan ko‘p narsa o‘rganganman va keyinchalik Pedro Dias katta yordam bergan. Shu o‘rinda, Artur Grigoryanni ham aytib o‘tgan bo‘lardim. U bilan 1,5 yil ishlagan bo‘lsak-da, undan ham minnatdorman. Grigoryan bilan aka-ukadekmiz. Uni murabbiy sifatidagi mahoratini ham yuqori baholayman.

- Quvonch Tayg‘onboyevning ta’kidlashicha, AQSHdagi ilk mashg‘ulot zalinglarda sizga sparringda turib bera oladigan raqib topilmagan ekan. Shundan so‘ng Mayk Taysonning jangga tayyorgarlik ko‘radigan sport majmuasiga borgan ekansizlar. Tayson bilan sparring tushish imkoni bo‘lganmi?
- To‘g‘ri, Quvonch bilan borganmiz. Maykni zalida mashg‘ulotlar ham qilgandik. U vaqtda juda yosh bo‘lganman. Uning o‘zini sparring sheriklari bor edi. Shuning uchun u bilan ishlash imkoni bo‘lmagan. Ammo Taysonning harakatlarini bevosita kuzatib, tomosha qilganmiz.

- Jon Ruis, Nikolay Valuyev, Frens Okendo.Ularning qay biri bilan bo‘lgan jang qiyin kechgandi?
- Okendo bilan. Sababi ushbu jang oldidan qoshim yorilgan va 10 ta chok tushgandi. Shu jarohat bilan chiqqanman. Ikkinchi raunddayoq yana yorilib ketgan. Deyarli bir ko‘z bilan jangni davom ettirganman. :)

- "Oq Tayson" nomini qachon va kim tomonidan olgansiz?
- Ochig‘i, esimda yo‘q. Adashmasam, 2001 yil havaskor yo‘nalishdagi jahon chempionatida deyarli barcha janglarimni muddatidan avval yakunlagandim. O‘shanda OAV da o‘zbekistonlik “Oq Tayson” deb yozishgandi.

- Shahlo Ahmedovani klipida rol ijro etgandingiz. Yana shunday takliflar bo‘lyaptimi?
- :) Juda ko‘p. Lekin bunga vaqt yo‘q.

- Rossiyalik qo‘shiqchi Timati bilan yaxshi munosabatdasiz. Balki u ham qandaydir taklif bilan chiqqandir?
- Timati bilan do‘stmiz. Biroq unda bunday g‘oyalar bo‘lmagan.

- Ramzan Qodirovning ham faoliyatingizda o‘z o‘rni bor. To‘g‘rimi?
- Darhaqiqat, Ramzan Axmatovich bizning promouterlik kompaniyamiz Universum Box-Promotion inqirozga uchraganidan so‘ng juda katta yordam bergan. Uning qo‘l ostida keyingi faoliyatimni olib borganman. Unga nisbatan hurmatim cheksiz. O‘z o‘rnida ushbu insonga minnatdorlik bildirib qolaman.

- Samimiy suhbat uchun tashakkur.
- Katta rahmat! Qolaversa, butun O‘zbekiston xalqiga salom yo‘llab qolaman.

Ahmadbek Eshmatov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ruslan Chagayev promouterlik kompaniyasiga asos soldi yoxud u Toshkentda katta shou o‘tkazadi