16:59 / 12.04.2020
2 669

Eldor Shomurodov Rostovdagi karantin, hayotidagi eng muhim shaxs va azaliy orzulari haqida

Eldor Shomurodov Rostovdagi karantin, hayotidagi eng muhim shaxs va azaliy orzulari haqida
Foto: «Rostov» matbuot xizmati
«Rostov» klubi va O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Rossiyaning Sportbox nashriga intervyu berdi.

— Eldor, futbolsiz qiyin emasmi?
— Qiyin. Noodatiy hissiyotlarni boshdan kechiryapman. Bunaqasini tasavvur ham qilmagandim.

— Rostovdamisiz?
— Ha, turmush o‘rtog‘im bilan.

— Izolyatsiya qoidalariga amal qilyapsizmi?
— Ha, uyda o‘tiribmiz. Faqat oziq-ovqat do‘koniga chiqyapmiz.

— Shaharda vaziyat qanday?
— Menimcha, har yerda bo‘lgani kabi. Faqat supermarket va dorixonalar ishlayapti. Odamlar faqat uyi yaqiniga chiqmoqda.

— Nima deb o‘ylaysiz, bu uzoqqa cho‘ziladimi?
— Unday bo‘lmaydi deb umid qilaman. Bu tez orada tugaydi va hammasi yaxshi bo‘ladi.

— Uyda shug‘ullanyapsizmi?
— Ha, turli mashqlarni bajaryapman, mushaklarimga zo‘riqish beryapman. Har birimizga bu borada dastur va jadval berilgan.

— Ortiqcha vazn yig‘ishdan qo‘rqmaysizmi?
— Yo‘q, menda har doim vazn bilan hammasi joyida bo‘lgan. Hatto ortiqcha ikki kilo yig‘ib qolsam ham, uni yo‘qotish muammo emas.

— Odatdagidek ovqatlanyapsizmi?
— Ha.

— «Rostov»ning boshqa vakillari bilan aloqada bo‘lib turibsizmi?
— Shunday desa ham bo‘ladi. Shuningdek, Valeriy Georgiyevich (Karpin) bilan ham. Agar biror nimani so‘ramoqchi bo‘lsam, unga qo‘ng‘iroq qilib tushish oson.

— Bilishimcha, PES 20 futbol simulyatorini muntazam o‘ylab turasiz, hatto RPL o‘tkazayotgan musobaqada ham qatnashyapsiz...
— Bu juda qiziq-ku! To‘g‘ri, menda hozircha u qadar o‘xshamayapti, chunki PES 13 o‘ynashga o‘rganib qolganman. Ular o‘rtasida farq bor.

— FIFA ham o‘ynaysizmi?
— Ha.

— Kibersportga anchadan beri qiziqasizmi?
— Bir nech yil bo‘lib qoldi.

— Bo‘sh vaqtda yana nimalar bilan shug‘ullanyapsiz?
— Ayolim bilan kino ko‘ryapmiz, kitob o‘qiyapman, musiqa tinglayman. Shu tariqa kun o‘tmoqda.

— Ota-onangiz O‘zbekistonda yashaydimi?
— Ha, janubda, men tug‘ilib o‘sgan Surxondaryo viloyatida.

— Ular ham karantindami?
— Albatta, u yerda qoidalar Rossiyaga qaraganda ancha qattiq. Ular bilan muntazam aloqadaman, har kuni qo‘ng‘iroq qilaman.

— Uyingizda kim ovqat tayyorlaydi?
— Odatda turmush o‘rtog‘im, biroq men ham bir nimalar tayyorlashni bilaman. Pazandalik — juda qiziq.

— Palov tayyorlay olasizmi?
— Hozircha o‘rganyapman. Bu ko‘ringanidek oson ish emas.

— Qaysi ovqatni tayyorlay olasiz?
— So‘nggi marta dimlama qildim. Bu qo‘y go‘shti va sabzavotlardan tayyorlanadigan o‘zbek taomi. Ayolimning aytishicha, yomon chiqmagan. Men uchun yoqimli bo‘ldi.

— Men va boshqa ko‘plab kishilar uchun o‘zbek oshxonasining asosiy taomi — bu palov. Oilangizda uni kim yaxshi tayyorroq tayyorlaydi?
— Ko‘pchilik. Odatda uni bayram kunlari, odam ko‘p to‘plangan paytda tayyorlashadi.

— Jamoangiz Rostovda noodatiy tarzda yig‘ilib turadimi? Masalan, restoran yoki tabiat qo‘ynida?
— Jamoada yaxshi atmosfera hukmron. Bo‘lib turadi, barcha jamoa a’zolari yig‘ilamiz. Masalan, kimningdir tug‘ilgan kuni yoki qandaydir bayram bahonasida.

— Rostovning mashhur qisqichbaqalarini tatib ko‘rdingizmi?
— Albatta.

— Yoqdimi?
— Juda. Ayniqsa yoqimli sheriklar bilan. Qayerdaligini farqi yo‘q — Don qirg‘oqlaridami yoki restoranda.

— Eldor, «Rostov»da eng xushchaqchaq futbolchi kim?
— O‘ylashimcha, Xoren Bayramyan. U hech qachon nolimaydi. Pozitiv yigit!

— Futbolga qaytamiz. Karantindan so‘ng formaga qaytish uchun qancha vaqt talab etiladi?
— O‘ylashimcha, bir oycha.

— Mavsumda o‘z oldingizga qanday maqsadlar qo‘ygansiz?
— «Rostov» musobaqa jadvalida yuqoriroq o‘rinni egallashi uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman. Shaxsiy istaklarga kelsak — Rossiya chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘lishni istayman. Menimcha, buning uchun imkoniyatlar saqlanib turibdi.

— Ya’ni to‘purarlar poygasida Dzyubani quvib o‘tish imkoniyati bormi?
— Albatta.

— Aytgancha, nega penalti tepmay qo‘ydingiz? Buning evaziga gollar soni yanada ko‘proq bo‘lishi mumkin edi...
— «Rostov»da penalti tepuvchilar bor, bu borada tajribali o‘yinchilar. Bu ishni ular bajaradi.

— O‘zbekiston terma jamoasidagi maqsadingiz?
— Jamoa bilan Jahon Chempionatiga chiqishni va yaqin orada eng yaxshi to‘purar bo‘lishni xohlayman.

— Qaysi hujumchiga o‘xshashni istardingiz?
— Hech kimga. Men o‘zligimcha qolmoqchiman. Agar qaysi futbolchilarning o‘yini yoqishini nazarda tutgan bo‘lsangiz, bular: Drogba va Fernando Torres.

— O‘tgan davr o‘zbek futbolchilaridan kimlarni ajratib ko‘rsatasiz?
— Mirjalol Qosimovni. U bizning afsona.

— Joriy mavsumdagi eng yorqin o‘yiningiz?
— Menimcha, «Spartak» jamoasiga qarshi safar o‘yini (1:4 hisobida «Rostov» foydasiga hal bo‘lgan o‘yinda Eldor samarali uzatma muallifiga aylangandi).

— Faoliyatingizdagi eng chiroyli gol-chi?
— O‘zbekiston chempionatida «Nasaf» darvozasiga urgan golim. O‘shanda «Bunyodkor» bilan 1:0 hisobida g‘alaba qozongandik.

— Hayotingizdagi eng muhim shaxs kim?
— Otam. Usiz bu darajaga yeta olmasdim. U mening tarbiyamda muhim rol o‘ynagan.

— Yoqtirgan faslingiz?
— Bahor.

— U Rossiya va O‘zbekistonda har xilmi?
— Qayerdaligiga bog‘liq. Agar Rostov bilan solishtirsa, juda o‘xshash.

— Nimalarni orzu qilasiz?
— Futolda Jahon Chempionatida to‘p surish, shaxsiy hayotda esa ota bo‘lish va farzand tarbiyalash.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov Rostovdagi karantin, hayotidagi eng muhim shaxs va azaliy orzulari haqida