20:20 / 12.05.2020
2 551

Xitoy mundialga borish yo‘lini topdi

Xitoy mundialga borish yo‘lini topdi
Xitoy jahon chempionatiga chiqishni orzu qilmoqda. Kamacho, Kannavaro va Lippi kabi mashhur murabbiylar eplolmagan vazifani mahalliy mutaxassis Li Te amalga oshirmoqchi. Uning maqsadi – “Qatar-2022”.

Faoliyati davomida “Everton”da to‘p surgan Te mundialga murabbiy sifatida ham borib, tarixga kirishi mumkin. Boisi, u 2002 yil Yaponiya va Janubiy Koreyada o‘tkazilgan jahon chempionatida Bora Milutinovich qo‘l ostida Xitoy terma jamoasi sharafini himoya qilgan.

Ammo, xitoyliklar bu gal mundialga borish uchun misli ko‘rilmagan ishlarni qilishi kerak. Ular ikki yil ichida top darajadagi futbolchilarni tarbiyalash yoki mavjud futbolchilar o‘yinini yangi darajaga olib chiqishni uddalay olmaydi. Shu bois ular maqsadga erishishning eng oson va oddiy yo‘lini tanlashdi. Xitoyliklar mamlakat Superligasida to‘p surayotgan mahoratli legionerlarni terma jamoaga jalb etishmoqchi. Tez orada Xitoy terma jamoasi 7 nafar mahalliylashtirilgan futbolchi bilan kuchayadi.

“Espanol”da to‘p surayotgan Xitoyning ayni damdagi eng mashhur futbolchisi Vu Leyga terma jamoada 5 braziliyalik va 2 nafar britaniyalik charm to‘p ustasi yordam beradi. 10-27 may kunlari Xitoy terma jamoasi Shanxayda yig‘in o‘tkazadi. Li Te ayni damda “JCH-2022” saralashi doirasida yuzaga kelgan ayanchli vaziyatni zudlik bilan to‘g‘rilashi lozim.

Ma’lumki, ikkinchi saralash raundining “A” guruhidan o‘rin olgan Xitoy 3 ta turdan so‘ng 7 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda. Guruhda esa Suriya 9 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Ushbu guruhdan Filippin, Maldiv va Guam terma jamoalari ham joy olgan. Agar pandemiya tufayli favqulodda ushbu bosqich o‘yinlari to‘xtatilsa, Xitoy hatto uchinchi raundga yo‘llanma beruvchi eng yaxshi 4 ta 2-o‘rinni egallagan terma jamoalar safiga ham kira olmaydi.

Xitoy terma jamoasi bo‘lajak yig‘inga braziliyalik va angliyalik 3 nafar legionerni jalb etadi. “Arsenal” tarbiyalanuvchisi Niko Yennaris “kanonirlar” safida 1 marta asosiy jamoada maydonga tushgan. U “Tottenxem” forvardi Xarri Keyn bilan birga Angliya terma jamoasining turli yosh toifalardagi jamoalarida to‘p surgan. Uning otasi grek, onasi esa xitoy millatiga mansub. 26 yoshli Niko yaqindagina Li Ke ismi bilan Xitoy fuqaroligini qabul qildi. U "Guanchjou Evergrand"ning ikki nafar braziliyalik hujumchisi - Elkeson va Aloisio Gonsalvesh kabi hech qanday ortiqcha o‘ylanishlarsiz o‘z pasportini almashtirdi. Ammo, mahalliylashtirish bo‘yicha ishlar bu bilan yakunlanib qolmaydi. Xitoyliklar tez orada Superligada 5 yildan ortiq vaqt mobaynida to‘p surib kelayotgan yana 4 nafar xorijlik futbolchini mahalliylashtiradi.

Elkeson Xitoy terma jamoasi safida hozirgacha 4 ta o‘yinda maydonga tushib, raqiblari darvozasiga 3 ta gol urdi. 30 yoshli braziliyalik hujumchi Xitoyda Ay Aysen ismi bilan pasport olgan. "Guanchjou Evergrand" sharafini himoya qiladigan ushbu futbolchi ikki marta Xitoy chempionati to‘purari bo‘lgan. 2011 yilda uni Braziliya terma jamoasi yig‘iniga chaqirishgan, ammo o‘zini ko‘rsatishiga imkon berilmagan.

"Guanchjou Evergrand"ning yana bir hujumchisi Aloisio esa Xitoy terma jamoasida o‘z debyutini o‘tkazishga tayyorlanmoqda. U Superliganing 2015 yildagi to‘puraridir.

Alan Karvalo - u ham Xitoy fuqaroligini so‘ragan "Guanchjou Evergrand"ning yana bir a’zosi. 30 yoshli braziliyalik futbolchi Yevropada ham o‘zini ko‘rsatgan. U o‘z vaqtida “Zalsburg”dagi faoliyati davomida 89 ta o‘yinda 59 ta gol urgan. U o‘tgan mavsumni "Beyszin Goan" klubida ijrada o‘tkazdi. Karvalo Xitoy chempionatida jami 92 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 46 ta gol hamda 20 ta golli uzatma yozdirib qo‘yishga erishdi.

Xitoylik muxlislarning yoqimtoyiga aylanib ulgurgan Rikardo Gulart, xitoychasiga aytganda, Gao Latte ham FIFAdan javob kutmoqda. U 28 yoshga keliboq, "Guanchjou Evergrand"ning tirik afsonasiga aylanib ulgurdi. Boisi, uning natijalari chindanda a’lo darajada. Rikardo 157 ta o‘yinda maydonga tushib, raqiblari darvozasiga 103 ta gol urdi. U 2014 yil Braziliya terma jamoasi safida Ekvadorga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushgan. Lekin, o‘z vatani terma jamoasi safida rasmiy o‘yinlarda bir daqiqa ham o‘ynamagan.

"Guanchjou Evergrand"ning Xitoy terma jamoasiga jalb etiladigan so‘nggi futbolchisi bu Fernandinodir. U fuqaroligini almashtirishni so‘ragan hozircha so‘nggi legioner bo‘lib turibdi. U ham Yevropada o‘z so‘zini aytgan futbolchilardan. U Avstriyaning "Red Bull" klubi safida UYEFA Yevropa ligasida 13 ta gol urgan. Xitoy chempionatida esa 100 dan ortiq o‘yinda maydonga tushdi.

Yuqoridagi futbolchilar orasida "Guanchjou Tiyas" klubi Charlz Braun ajralib turadi. “Everton”da tarbiyalangan 25 yoshli futbolchi Xitoy klubiga o‘tgan yili ko‘chib o‘tgan. Uning buvisi xitoylik va shu sababli ham uning hujjatlar bilan bog‘liq muammolari hukumat tomonidan tezda hal qilib beriladi. Jordan Pikford va Erik Dayerlarning sobiq jamoadoshi, Angliya yoshlar terma jamoasi sobiq a’zosi Braun ham ayni damda FIFA ruxsatnomasini kutmoqda.

Xullas, Xitoy terma jamoasida shunaqa gaplar. Chin yurti mahalliylashtirilgan futbolchilar bilan mundialga chiqa oladimi? Buni birgalikda kuzatamiz.

Baxtiyorjon Toshtemirov

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xitoy mundialga borish yo‘lini topdi