07:27 / 17.06.2020
2 270

Osiyo chempionatiga tayyormizmi? Ravshan Ermatov javob beradi

Osiyo chempionatiga tayyormizmi? Ravshan Ermatov javob beradi
Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov hozirda juda qizg‘in ish jarayonida. U bilan juda ko‘p masalalarda suhbat qurish mumkin, ammo ish bilan bandligi hamda vaqt tig‘izligi sababli doim ham Ermatovni bezovta qilavermaymiz.

Albatta, uni ham to‘g‘ri tushunamiz, negaki oldimizda hali qiladigan ishlarimiz bisyor. Qolaversa, oldinda bizni yangi marralar va musobaqalar kutmoqda. 14-31 oktabr kunlari esa O‘zbekiston 19 yoshli futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga mezbonlik qiladi.

Ayni paytda esa nufuzli musobaqani har jihatdan yuqori saviyada tashkillashtirish uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Yaqinda esa o‘yinlar qaysi stadionlarda o‘tkazilishi ham belgilab olindi. Bu borada Ermatovning fikrlarini bilish biz uchun muhim edi. Ravshan Sayfiddinovich esa vaqti tig‘izligiga qaramay, bir qator masalalar bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi.

- Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan Osiyo chempionatining O‘zbekistonda o‘tkazilishi e’lon qilinganida biz yaxshi bir reja ishlab chiqqandik, - deya gap boshladi Ermatov. - Unga ko‘ra, guruh bahslarini bittadan vodiy, voha va Toshkentda o‘tkazishni mo‘ljallab turgandik. Lekin OFKning har bir musobaqaga o‘zining ishlab chiqqan reglamenti hamda taqvimi bor.

19 yoshli futbolchilar o‘rtasidagi musobaqada esa ikkita shahardan oshirish mumkin emas, degan talabni qo‘yishdi. Bu albatta hozirgi sharoitdan kelib chiqib shunday yo‘l tutilmoqda. Qolaversa, qaysi stadionda eng ko‘p muxlislar tashrifi kuzatilayotgan bo‘lsa, o‘yinlarni ushbu o‘yingohlarda o‘tkazish bo‘yicha ham tavsiya berilgandi. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, o‘tgan mavsumda eng ko‘p tomoshabin tashrifi Namanganda bo‘ldi.

Natijada bitta guruh o‘yinlari Namangandagi stadionda o‘tkaziladigan bo‘ldi. Osiyo chempionati davomida o‘yinlar birin-ketin o‘tkaziladi. Biz esa maydonlarning holatini yaxshi holatda saqlab qolish uchun OFKga o‘yinlarni uchta emas, balki to‘rtta stadionda tashkil etishni so‘rab iltimos qildik. Natijada “Lokomotiv”, “Bunyodkor” va AGMK stadionlari tanlab olindi. OFKning talablariga aynan Olmaliqdagi stadion ham to‘g‘ri keldi. Shu bois yuqoridagi stadionlarda o‘yinlarni o‘tkazadigan bo‘ldik.

- Ko‘pchilik esa Qarshidagi stadionni ham Osiyo chempionati o‘yinlariga mezbonlik qilishini kutishgandi...
- Ha, biz ham o‘yinlarni Qarshida o‘tkazishni juda xohlagandik. Biroq OFKning talablariga to‘g‘ri kelmagani uchun boshqalarini tanlashga majbur bo‘ldik. Lekin hali oldimizda FIFA hamda OFK musobaqalarini o‘tkazish bo‘yicha rejalarimiz ko‘p. Albatta, Qarshida ham xalqaro o‘yinlarni o‘tkazish imkonini berish rejamizda bor.

- Umuman aytganda, yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati o‘z vaqtida o‘tkazilishi OFK tomonidan tasdiqlandi. Lekin pandemiya tufayli musobaqaga tayyorgarlik ko‘rish borasida muammolarga duch kelmayapmizmi? Osiyo chempionatining boshlanishigacha munosib tayyorlanishga ulguramizmi?
- Pandemiya bo‘lgani sababli O‘FAning o‘zida Osiyo chempionatining maxsus tashkiliy qo‘mitasi tuzilgan. Ular pandemiya paytida ham bir kunga bo‘lsa-da, ishni to‘xtatishgani yo‘q. Mehmonxonalar, maydonlar, stadionlarning holati, yechinish xonalari, umuman OFKning qanday talablari bo‘lsa, tashkiliy qo‘mita a’zolari doimiy ravishda ular bilan onlayn ravishda ish olib bormoqdalar.

- O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi oldiga aniq maqsad qo‘yildimi?
- Albatta. Terma jamoamiz oldiga jahon chempionatiga chiqish vazifasi qo‘yilgan. Bu borada musobaqagacha terma jamoalar bo‘limi, murabbiylar shtabi, hammamiz maslahatlashib rejalar ishlab chiqqanmiz. Mana, 19 yoshli termada Timur Kapadze, 16 yoshli termamizda esa Olim Shokirov boshchiligidagi murabbiylar shtabi mashg‘ulotlarni boshlab yuborishgan. Ikkala terma jamoamiz oldiga jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi aniq qilib qo‘yilgan. Bu borada terma jamoalarimizga barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

- Superligamizning yana davom ettirishga ruxsat berilgani muxlislarni xursand qildi. Hozircha o‘yinlarning tomoshabinlarsiz o‘tishi tabiiy edi. Lekin bu holat mavsum oxirigacha davom etadimi yoki vaziyatga qarab keyinchalik stadionga muxlislarning kelishiga ruxsat beriladimi?
- Hammamiz futbolni sog‘inib qolgandik va chempionatimiz davom ettirilayotganidan beri har kuni futbol ko‘ryapmiz. Masalan, Jizzaxda “So‘g‘diyona” va “Paxtakor” o‘yini ajoyib o‘tdi. Qarshida “Nasaf” bilan “Navbahor” o‘rtasidagi bahs ham juda qiziqarli kechdi. Aslida muxlislarsiz futbolni tasavvur qilishning o‘zi imkonsiz. Yana bir necha turni o‘tkazaylik va keyin, balki maxsus komissiyaga iltimos bilan murojaat qilarmiz. Baribir stadionga ishqibozlarning kelishi bilan uning fayzi ham boshqacha bo‘ladi. Balki muxlislarning tashrifi bo‘yicha ham yangicha yondashuvlar ishlab chiqarmiz. Misol uchun ishqibozlarning yonman-yon o‘tirmasdan, ijtimoiy masofani saqlagan holda futbol ko‘rishlari uchun qandaydir yo‘l-yo‘rig‘ini qilarmiz.

- Shuningdek, milliy terma jamoamizning jahon chempionati saralash bahslaridagi o‘yinlarining taqvimi ham tasdiqlandi. Ko‘pchilikni esa ungacha bosh jamoamizning qachon yig‘in o‘tkazishi va kimlarga qarshi o‘rtoqlik bahslarini o‘tkazishi qiziqtirmoqda.
- Ko‘plab milliy terma jamoalar bilan muzokaralar olib boryapmiz. Lekin hali qaysi mamlakatga ruxsat bo‘lishi-yu, qay biriga ruxsat berilmasligini bilib bo‘lmaydi. Ya’ni, mamlakatlar o‘zidagi vaziyatga qarab qizil, sariq va yashil hududlarga kiradi. Biz esa parallel ravishda bir nechtalari bilan muzokaralar o‘tkazyapmiz. Lekin o‘sha paytga kelib qaysi mamlakat yashil yoki qizil hududda bo‘lishini hech kim bilmaydi. Shuning uchun bu boradagi rejalarimizni oldindan ayta olmaymiz.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Osiyo chempionatiga tayyormizmi? Ravshan Ermatov javob beradi