23:51 / 24.06.2020
2 384

Puli bor klublar yuqori o‘rinlarda, puli kamlar esa..."Buxoro"dan taklif olgan Jamshid Saidov haqida

Puli bor klublar yuqori o‘rinlarda, puli kamlar esa..."Buxoro"dan taklif olgan Jamshid Saidov haqida
Yaqin-yaqingacha Aleksandr Xomyakov bilan birga “Andijon”da faoliyat olib borgan buxorolik Jamshid Saidov ham o‘ziga yarasha tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislardan biridir. Boisi, u bemalol mustaqil ravishda bosh murabbiylik vazifasida ishlash xususiyatiga ega. Shu bois bo‘lsa kerak, hozirda uning xizmatiga qiziqish bildirayotgan klublar ham yo‘q emas. Biz esa uning keyingi rejalarini bilishga qiziqdik. Qolaversa, Saidov chempionatimiz haqida ham fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Dastlabki ikkita turni ko‘rdim va tabiiyki, uch oylik tanaffus futbolning sifatiga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi, - deya gap boshladi Saidov. - Lekin shunga qaramasdan, jamoalar yaxshi o‘yin ko‘rsatishga harakat qilishyapti. Pandemiyadan so‘ng tezlik pasaysa kerak, deb o‘ylagandim. Biroq aksariyat klublar o‘yin amaliyoti yaxshi ekanligini ko‘rsatishyapti. Ayrim jamoalar esa hali jismoniy tarafdan tayyor emaslar. Tanaffusdan keyin “So‘g‘diyona”, “Metallurg” kabi jamoalar yaxshi natijalar ko‘rsatishyapti. “Lokomotiv” esa negadir o‘ziga o‘xshamayapti. “Andijon”, “Buxoro” kabilar esa o‘z o‘rnida (kuladi). Bilasizmi, uch oylik tanaffus ayrim klublarga foydali, yana ayrimlariga foydasiz bo‘ldi. AGMK, “Qo‘qon-1912” klublari ham chakki emas.

- Sobiq klubingiz – “Andijon”ni ham kuzatib borayotgandirsiz. Yangi murabbiy boshchiligida jamoa qanchalik o‘zini o‘nglay olarkin?
- Bilasizmi, har qanday yangi kelgan murabbiyga vaqt kerak. Futbolchilar esa 5-6 ta turdan keyin unga moslashishni boshlashadi. Agar yangi murabbiy boshchiligida dastlabki o‘yinlardanoq g‘alabalar qozonishganida bu o‘ziga yarasha sensatsiya bo‘lardi. Lekin “Andijon” “Buxoro”ni yuta olmadi. Har bir murabbiyning o‘z fikri bor. Viktor Kumikovning ham murabbiylik tajribasi katta. Faoliyati davomida yaxshi klublarda ishlagan. Hozircha uning o‘ylagan falsafasini o‘yinchilar to‘liq tushunib yetishganicha yo‘q. Shu bois vaqt kerak. Lekin ular uchun vaqt kam. O‘tgan yili Aleksandr Xomyakov kelganida ham 3-4 ta turdan so‘ng jamoa yaxshiroq o‘ynashni boshlagandi.

- Siz ham bemalol mustaqil ravishda bosh murabbiylik qila olasiz. Masalan, o‘tgan yili ma’lum muddat “Andijon”ni ham boshqargandingiz. Ko‘pchilik esa Xomyakov klubdan ketganidan so‘ng balki uning o‘rnini Jamshid Saidov egallar, degan gap-so‘zlar ham chiqqandi...
- Baribir har qanday vaziyatda ham avvalo rahbariyat munosabat bildirishi kerak. Men esa Xomyakov bilan birga ketdim. Meni esa nafaqat u bilan, balki mustaqil ishlash bo‘yicha ham variantlarim bor edi. Balki o‘shanda rahbariyat aloqaga chiqqanida qolarmidim?! O‘shanda Xomyakovning oldida aniq taklif bor edi. Lekin oxirgi lahzalarga kelganda, uning varianti o‘z kuchini yo‘qotdi. O‘zingiz bilasiz, baribir pulsiz jamoada ishlash qiyin-da. Natija ko‘rsatmoqchi bo‘lsangiz, o‘sha klubda barqarorlik bo‘lishi lozim. Bo‘lmasa, juda qiyin masala. Mana, chempionatimizga qarang, qaysi klublarning puli bo‘lsa, o‘shalar turnir jadvalida yuqori o‘rinlarda yurishibdi. Oxirgi o‘rinlardagi “Buxoro”, “Qizilqum” kabi jamoalarda esa moliyaviy tomondan qiyinchiliklari bor. “Paxtakor”, AGMK, “Metallurg” singari klublarning asosiy tarkibi va zaxira o‘rindig‘iga qarang, boy jamoalarda ikkita teng kuchli tarkib bor.

- Aslida Xomyakov “Andijon”dan ketib to‘g‘ri qildi deb o‘ylaysizmi?
- O‘ylaymanki, 50x50. Xomyakov aniq vazifasi bor, barqaror klubda ishlamoqchi. Ishonamanki, u uzoq vaqt ishsiz qolmaydi. Ayni paytda unda takliflar bor. Yangi ish joyini tanlashda xato qilib qo‘ymay, deya yaxshilab o‘ylayapti.

- Keyingi rejalaringiz qanday?
- Hozircha uyda o‘tiribman. To‘g‘ri, ko‘p gaplar chiqdi, u yoki bu yerga boradi deb aytishdi. Lekin hozirdan hech nima ayta olmayman. Axir ertaga nima bo‘lishini bilmaymiz. Albatta, variantlar bor, yo‘q emas. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

- Eshitishimizcha, “Buxoro”ga bosh murabbiy bo‘lishingiz mumkin ekan. Bu xabar qanchalik haqiqatga mos?
- Ha, menga “Buxoro”dan taklif bo‘lgan. Lekin ayni paytda bu klubda bosh murabbiy bor. Muhsin Muhammadiyev ham Moskvadan qaytgan. Balki u “Buxoro” bilan natija ko‘rsatar. Boya aytganimdek, barchasini vaqt ko‘rsatadi. Baribir qayerda ish boshlasam ham bu haqida birinchi bo‘lib sizga xabar beraman.

- Ammo “Buxoro” mavsumni hali ham g‘alabasiz o‘tkazmoqda. Sizningcha, klubning muammosi nimada?
- Murabbiyga vaqt berish kerak. Klubning o‘tkazgan o‘yinlariga qarasak, raqiblari ham kuchli edi. “Lokomotiv”, “Paxtakor”, “Qo‘qon-1912”, “Navbahor” kabi klublarga yutqazdi. “Andijon” bilan esa durang qayd etdi. Shuningdek, klub hozirda legionerlarisiz o‘ynayapti. Baribir tarkibda xorijlik o‘yinchilarning bo‘lishi ham jamoadagilarning ruhiyatini ko‘taradi.

Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Puli bor klublar yuqori o‘rinlarda, puli kamlar esa..."Buxoro"dan taklif olgan Jamshid Saidov haqida