Bugun jurnalistlar kuni. Odatda bunday kasbiy bayramlarda soha egalari e’tirof etiladi. Soha egasi kim o‘zi? Jurnalistika kafedralarida yoshlarga jurnalistikadan bilim berayotgan domlalarmi? Gazeta yoki sayt muharrirlarimi?
Bilasizmi, hozir biroz boshqacha davr. Yangilik va fikr yetkazish formati, uslubi, erkinligi shu qadar o‘zgartidiki, uni bir qolipga solib bo‘lmaydi. Bir tomondan baholab bo‘lmaydi. Bu o‘z navbatida oson, ham qiyin davr. Endi qanday yozish, o‘quvchilarni jalb qilish, qanday uslub tanlashdan ham ko‘ra, muqaddas o‘lchovlarni ushlash, unga amal qilish orqali bu sohani tozaroq, xolisroq, erkinroq ushlab turish mumkin.
Sohada qalam tebratayotgan aksariyat jurnalistlar shu sohada o‘qimaganlar, universitet partalarida o‘tirmaganlar. Demak, professional, usta jurnalistlarning mas’uliyati yanada kattalashadi – endi ular o‘z faoliyatlari orqali o‘rnak bo‘lishlari, jurnalistlarga jurnalistikani o‘rgatishlari kerak bo‘ladi.
Futbol, umuman sport jurnalistikasi haqida gap ketganda, ustozim Xayrulla Hamidovni alohida e’tirof etaman. Negaligini quyida tushuntiraman.
Abdulla Qodiriy «O‘tgan kunlar» bilan o‘zbek romanchiligiga asos solmaganida ham baribir, bir kun ilk roman yozilishi muqarrar edi. Chunki abadiy muhit bu uchun sharoit yaratib bo‘lgan, o‘quvchi yangilik uchun tayyor palla kelgandi, menimcha. Ammo bu Qodiriyning hizmatlarini kamsitmaydi, albatta, aynan u - ko‘pchilik hayiqib turgan bir davrda, bu sohada ilk qadamni tashlay olgan adib...
Xuddi adabiyot singari, futbol sharhlovchiligi ham, jurnalistikasi ham turli davrlarda o‘ziga xos o‘zgarishlarni boshdan kechirgani shubhasiz. Chunki jamiyat rivojlanadi, shakl va uslub o‘zgaradi, o‘z-o‘zidan odamlar yangiliklarga tayyor bo‘lib boraveradi. Ammo jurnalistikaning bu o‘zgarishlarga o‘z vaqtida reaksiya bera olishi uchun alohida bir shaxsiyatlarga, qaysidir ma’noda o‘z «qodiriylari»ga tayanishini e’tirof etgan bo‘lardim.
Misol uchun, rus sharhlovchi Vasiliy Utkinni olaylik. Hammamiz ham o‘z vaqtida rus sharhlovchilik maktabi bilan tanish bo‘lganmiz, hozir ham befarq emasmiz. Ozerov, Pereturin, Maslachenko kabi eski avlod bilan bugungi Genich, Stogniyenko yoki yoshi katta bo‘lsa-da, yangi avlod vakili bo‘lgan Rozanovlar o‘rtasida Vasiliy Utkin turadi.
Tengdoshlaridan farqli ravishda, aynan Utkin o‘zgarish payti kelganini his qila olgan, o‘sha paytlargacha borilmagan chegaralarni buzgan, qaysidir ma’noda sharhlovchilik va umuman sport jurnalistikasining yangi davriga asos solishga muvaffaq bo‘lgandi.
O‘zbek futbol sharhlovchiligi yoki jurnalistikasi haqida gap ketganda, Xayrulla Hamidovni mana shunday maktab asoschisi deb bilaman. 90-yillarda yozma jurnalistika, nolinchi yillar boshida sharhlovchilik kasbiga kirib kelgan Xayrulla Hamidov o‘sha chegaralarni ilk bor bosib o‘tgan, o‘zi bilibmi-bilmaymi, o‘zidan oldingi va keyingi jurnalistika o‘rtasida ko‘prik vazifani o‘tagandi. Xabar yetkazishning yangi davri, eng muhim farq, endi yozuvchi va o‘quvchi o‘rtasida muloqot hosil bo‘lishni boshlagan, bu muloqotning o‘zi ham alohida bir matbuotga aylanishni boshlagan pallalarda Xayrulla Hamidovning uslubiga talab paydo bo‘lgandi.
Mohirona topqirlik deysizmi, o‘zgacha yondashuv deb baho berasizmi, adabiy til va sport jurnalistikasining yanada yaqinlashtirilgani deysizmi, farqi yo‘q, bir jihat bu vazifa Hamidov tomonidan muvaffaqiyatli bajarilganini isbotlaydi. Ya’ni, Hamidov ijodi o‘sha nolinchi yillar boshida qandaydir o‘zgacha uslub, ba’zilarning ensasini qotiradigan yangilik sifatida qabul qilingan bo‘lsa, hozir uning sharhini yoki maqolalarini o‘qib turib, boshqalardan farqlamaymiz.
Aytmoqchimanki, sharhlovchilikda va gazetachilikda ilk yillarda qandaydir yot qabul qilingan bu uslub hozir ajralib turmaydi. Demak, Xayrulla Hamidov bu yo‘nalishda muvaffaqiyat qozona olgan, ko‘pchilikning unga havas qilishiga, shu yo‘lni tanlashiga zamin yarata olgan. Shu yo‘nalishda yangi bir avlod shakllandi yoki jurnalistika o‘sha Xayrulla aka oldinroq borgan nuqtaga yetib bordi.
Bir paytlar hammamiz uchun ustoz sanalgan Axbor Imomxo‘jayev haqida bir fikr aytgandim. Qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri, o‘quvchiga havola, xullas, Axbor akani hammamiz ustoz sanasak-da, aslida u kishidan hech narsani o‘rganib bo‘lmaydi. Nega bilasizmi? Chunki Axbor aka bitgan har bir yozuvning ortida ulkan tajriba va futbolga baxshida umr yotgan bo‘ladi. Biz Axbor akaning umrini, u insonning fidoyiligini o‘z tanamizda his qilmay turib, albatta, u inson kabi yoza olmaymiz. Axbor akaning hayotini yashash, u inson ko‘rsatgan fidoyilikni takrorlash imkoniyati esa, bizda hech qachon bo‘lmaydi, ishonavering. Demak, u inson kabi bo‘lishning sira iloji yo‘q.
Xayrulla Hamidov haqida esa, bu ta’rifning teskarisini ishlataman.
Xayrulla Hamidovni takrorlash mumkin. Xayrulla Hamidovdaqa yozish qiyin emas. Xayrulla Hamidov kabi sharhlashning iloji bor. Yana bir «Futbol plyus» ko‘rsatuvini boshqa jurnalist bemalol yarata oladi. Yana bir «Chempion» gazetasini takrorlash u qadar qiyin ish emas. «Shedevr» yoki «14 hudud»ni tayyorlash juda oson, tan olavering. «Odamlar orasida» kabi ijtimoiy gazetaga judayam o‘xshash bo‘lgan, balki undan ham yaxshiroq ijod namunalarini ko‘rib kelmoqdamiz.
Ya’ni Hamidovning har qanday ijodini o‘qir yoki tomosha qilar ekansiz, yetishish mumkin bo‘lmagan qandaydir buyuk iqtidorni payqamaysiz. Qandaydir sehrli so‘zlar bilan hech kim yeta olmaydigan biror saviyani namoyish qilmaydi Xayrulla aka. Yo‘q. Menimcha, Xayrulla akadan yaxshiroq yozadigan jurnalistlar ham, u kishidan yaxshiroq sharhlaydigan sharhlovchilar ham doimo bo‘lgandir, kim biladi...
Xayrulla akaning o‘ziga xosligi, yutug‘i bunda emas. Boshqalardan farqli ravishda Xayrulla Hamidov mana shu ishlarni birinchi bo‘lib qilgandi, sezyapsizmi? Mana shu haqiqiy Xayrulla Hamidov fenomeni.
Ya’ni bu bilasizmi, «gapimiz qiziq» degan yo‘nalishda yuzlab ajoyib iqtiboslarni topish va butun mamlakatni kuldirish mumkin, ammo baribir siz «ikkinchi Hojiboy Tojiboyev» bo‘lib qolaverasiz. Buni men o‘z tanamda ham his qilgan shogird sifatida aytyapman. Bu yo‘nalishda eng mohirlik bilan ijod qilgan har qanday jurnalist baribir faqat Xayrulla Hamidovga eng yaqin kela olganlik bilan ulug‘lanadi, xolos. Ya’ni «ikkinchi Xayrulla Hamidov» bo‘lgani bilan...
Futbol bilan qiyoslaganda, agar Axbor akani Pelega o‘xshatsak, Xayrulla Hamidovni o‘zbek futbol jurnalistikasida Maradonaga mengzash mumkin.
50-60 yillarda futbol insonlarning qalbiga yangi bir g‘oya sifatida, ikkinchi jahon urushidan so‘ng xalqlarni birlashtiruvchi bir kuch sifatida yangi bir bosqichga qadam qo‘ygandi. Butun dunyo mana shunday futbolga ehtiyoj sezgan davr. Pele kabi mukammal futbolchi obrazi o‘sha yillarning futboliga juda zarur edi. Futbolning tinchliksevar, birlashtiruvchi g‘oyasi ortidan odamlarni ergashtirishda Pele va uning fidoyiligi, to‘g‘riligi katta ahamiyat kasb etgan.
Maradona - 80-yillarning, futbol tomosha maqomiga o‘tayotgan davrning qahramoni. Isyonkor. Odamlar bir xillikdan, mukammallikdan zerikkan bir paytda, futbolni maydondan tashqariga ham olib chiqa oladigan, o‘sha maydon chegarasini buzib o‘ta oladigan, insoniyatni o‘rgatib, qafasga tiqib qo‘ygan an’analar, peshvolarga qarshi tura oladigan Maradonaning telbalarcha qat’iyati ko‘pchilikning diliga malham bo‘ldi. Argentinalik yulduz futbolni yangi bosqichga olib chiqdi.
Ikkinchi Pele hech qachon bo‘lmaganidek, har qanday yangi daho doim «ikkinchi Maradona» deb qiyoslanishini tushungandirsiz?
Men gazetada ishlashni boshlaganimda, ilk muharririm Xayrulla Hamidov bo‘lgan. U doim, hamma bilan gaplashar, haftaning yarmi eski sonning muhokamasi bilan o‘tsa, yarmi keyingi son rejalari bilan davom etardi. Gazetada ishlayotgan har bir jurnalist, menimcha, «Xayrulla aka men bilan boshqacha yaqinroq» deb o‘ylardi, nazarimda. O‘shanda men balki, gazeta muharriri o‘zi xuddi shunaqa bo‘ladi, deb o‘ylagandirman. Va aniqki, adashganimni payqashim uchun ko‘p vaqt ketmadi.
Televideniye bo‘ladimi, radiomi yoki gazetami, aynan Xayrulla akaga ergashib, u insonga havas qilib, sohaga qadam qo‘ygan jurnalistlarni boshqalarga nisbatan baxtliroq bo‘lganlar, deb o‘ylayveraman. Balki yana adashayotgandirman. Ammo bir odamning o‘z ustozi haqida shunaqa o‘ylashi ham, o‘sha ustozning yutug‘i emasmikin...
O‘zbek futboliga kim qancha hissa qo‘shganini aniq o‘lchash qiyin. Futbol jurnalistikasida esa, yanada imkonsiz. Ammo aminmanki, bugun emas, juda uzoq kelajakda ham hatto, agar futbol jurnalistikasiga hissa qo‘shgan insonlarning xolis ruyxati tuzilsa, u yerda Xayrulla Hamidov ham albatta o‘rin oladi.
Q.Aslanov
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi