17:51 / 03.07.2020
2 092

Shahram G‘iyosov- Fransisko Roxo imkoniyatlar qanday yoxud ularning faoliyati haqida...

Shahram G‘iyosov- Fransisko Roxo imkoniyatlar qanday yoxud ularning faoliyati haqida...
Mana deyarli bir yillik tanaffusdan so‘ng, Rio Olimpiadasining kumush medal sohibi, havaskor boksda jahon chempioni Shahram G‘iyosovning navbatdagi jang sanasi ham ma’lum bo‘ldi. Professional boksning super yengil vazn toifasida (63.5 kg) WBA International chempionlik kamari sohibi bo‘lib turgan Shahram G‘iyosov, 15 avgust kuni AQSHning Oklaxoma shtatida “Machroom Boxing” promouterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan boks oqshomida ringga ko‘tariladi. Darvoqea, ushbu boks kechasi promouterlik kompaniyasining pandemiya davridagi ilk tadbiridir. O‘sha kuni yurtdoshimizga meksikalik anchagina tajribali bo‘lgan Fransisko Roxo raqiblik qiladi. Xullas, qiziqarli jang bo‘lishi kutilmoqda.

Biz mazkur qarama-qarshilik borasida qisqacha bo‘lsa-da, so‘z yuritishni lozim topdik. Ya’ni, bokschilarning faoliyatiga nazar solgan holda, ularning reytingdagi o‘rni va imkoniyatlari haqidagi o‘z taxminlarimiz bilan o‘rtoqlashamiz...

Shahram G‘iyosov professional boksdagi faoliyati davomida hozirga qadar 9 ta jang ( umumiy 32 raund) o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan. 7 bora (nokautlar 77.78 foiz) raqiblarini muddatidan oldin mag‘lubiyatga uchratgan. Shahram o‘zining 8-jangida vakant bo‘lib turgan WBA International kamari uchun amerikalik bokschi Emanuel Teylorga (20-6, 14KO) qarshi qiyin jang o‘tkazadi. Shiddatli kechgan bahs davomida hamyurtimiz bir nechta kuchli zarbalar o‘tkazib yuborib, biroz muvozanatni ham yo‘qotadi. Ammo, tezda tiklandi va jang oxiriga qadar irodasini va chidamini ko‘rsatish barobarida raqibidan ustunlikka erisha oldi. Yakunda, hakamlar bir ovozdan 99-91, 97-93, 99-91 hisobida G‘iyosovning g‘alabasini qayd etdi va u mintaqaviy kamarni qo‘lga kiritdi.

Mazkur kamarning ilk himoyasini 2019 yil 15 avgustda jiddiy raqib, kolumbiyalik sobiq jahon chempioni Darley Peresga (34-5, 22 KO) qarshi o‘tkazib, uni 30 soniya ichida nokautga uchratdi.

Bu galgi raqib Fransisko Roxoga to‘xtaladigan bo‘lsak, u ham anchagina tajribali bokschi hisoblanadi. Biroq u o‘zining aksariyat janglarini yengil vazn toifasida (61 kg) o‘tkazgan. Roxo professional faoliyati davomida 25 ta jangdan (umumiy 108 raund) 22 tasida raqiblaridan ustun kelgan. 15 marotaba muddatidan avval g‘alaba qozondi (nokautlar ko‘rsatkichi 60 foiz). Shuningdek, uning hisobida 3 ta mag‘lubiyat ham bor. Roxo dastlabki mag‘lubiyatini 6-jangida Omar Diasdan (3-2, 2 KO) keyingi ikki muvaffaqiyatsizlikni esa, o‘sha vaqt statistikasiga ko‘ra, mag‘lubiyatsiz odimlayotgan Emanuel Lopes (9-0 Roxo bilan bo‘lgan jangga qadar bo‘lgan holat) hamda Rayan Martindan(19-0 bu ham o‘sha vaqtga qadargi natija) ochkolar hisobida qabul qilib olgandi.

Roxo faoliyati davomida 2 bora mintaqaviy kamarlar uchun jang qiladi. Hususan, u 2017 yil 4 fevralda Dante Jardonga qarshi vaqtinchalik WBC Latino chempionlik kamari uchun ringga ko‘tariladi va 5-raundda nokaut evaziga g‘alaba qozonadi. So‘ngra o‘sha yilning 16 oktabrida Gennadiy Golovkin va Saul Alvares jangi anderkardida Rayan Martinga qarshi yengil vaznda WBC Continental Americas hamda vakant WBA Inter-Continental kamarlari uchun bellashadi. Ushbu to‘qnashuv teng kurashlar ostida o‘tgan bo‘lsa-da, yakunda hakamlarning bittasi 98-91 hisobida Roxo foydasiga, qolgan ikki hakam 94-95, 93-96 hisobida Martinga g‘alabani taqdim etishgandi. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu jang va raqib Roxo uchun faoliyatidagi eng qiyini bo‘lgandi.

Ushbu mag‘lubiyatdan keyin, yana ikki bora nisbatan o‘rtamiyona bo‘lgan raqiblar Jon Karlo Aperisioni 4-raundda va Galvin Guyerrani 8-raundda muddatidan oldin mag‘lub etadi. Ketma-ket g‘alabalardan so‘ng, u boshqa jang o‘tkazgani yo‘q. Yanada aniqroq qilib aytganda, 29 yoshli Roxo deyarli ikki yarim yillik tanaffusdan so‘ng, yana ringga qaytmoqda va hamyurtimiz Shahram G‘iyosovga raqiblik qiladigan bo‘ldi.

Shahram G‘iyosov WBA International chempionlik kamari sohibi sifatida WBA reytingida 7-o‘rinda qayd etilgan. Bokschilarning statistikasini o‘rganib boruvchi dunyodagi eng nufuzli “Boxrec” sayti reytingida esa, hamyurtimiz o‘z vaznida 35-o‘rinda bormoqda. Uning raqibi Roxo esa, uzoq vaqtdan buyon jang o‘tkazmaganligi sababli, biror bir yo‘nalish hamda norasmiy reytinglarga ham kiritilmagan. “Boxrec”da esa, u inaktiv ya’ni, faoliyatda emas deya ko‘rsatilgan.

Jang bo‘yicha taxmin:
Bokschilarning faoliyati mobaynidagi raqiblarining darajasi, salohiyatlari hamda meksikalik charmqo‘lqop ustasining uzoq muddatli tanaffusdan so‘ng ringga qaytishi, faoliyatini asosan yengil vaznda o‘tkazganini va G‘iyosovning anchadan beri jangga tayyorgarlik ko‘rayotganligini inobatga olgan holda, ushbu jangda yurtdoshimizning imkoniyati yuqori ekanligini (muddatidan avval g‘alaba qozonishini) taxmin qilishimiz mumkin. Albatta, bu shaxsiy fikrimiz hamda shunchaki qarashlar xolos. Voqealar rivoji qanday ko‘rinish olishini esa, 15 avgust kuni bilib olamiz.

Jalol AHMЕDOV tayyorladi

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shahram G‘iyosov- Fransisko Roxo imkoniyatlar qanday yoxud ularning faoliyati haqida...