12:46 / 18.07.2020
1 708

Superliga 12talik formatga qaytishi kerakmi?

Superliga 12talik formatga qaytishi kerakmi?
Yaqinda O‘zPFL direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev intervyularini birida 2022 yildan e’tiboran Superliga 12ta jamoalik formatga o‘tishi mumkinligi haqida fikr bildirgan edi.

Barchangizga ma’lum 12ta jamoalik format chempionatimiz, jamoalarimiz va muxlislarimiz uchun begona emas. 2018 yilgi, ya’ni deyarli ikki yil oldin buni sinovdan o‘tkazganmiz. Biroq, o‘shanda ayrim yo‘l qo‘yilgan xatolar sabab bu o‘zini oqlamaganini hamma yaxshi biladi. Keling avval o‘shanda qanday xatoga yo‘l qo‘yilgani va bugungi kunda yana nima uchun 12talik formatga qaytishimiz kerakligi haqida mulohaza yuritamiz.

Chempionat yakunlanishiga sanoqli turlar qolganda PFL 2018 yildan e’tiboran Oliy liga Superligaga o‘zgarishi va unda 12ta jamoa ishtirok etishi haqida xabar chiqardi. Bu esa klublarni ustidan kulish va reglamentga zid borish edi. Endilikda o‘z-o‘zidan quyi ligaga tushirilgan va faoliyati to‘xtatilgan “Obod” bilan birgalikda yana uchta jamoa sababsiz majburan Oliy ligadan pastga ravona qilindi. “Dinamo”, “Sho‘rtan”, “Mash’al” mavsumni xavfli hududdan uzoqroqda tugatganiga qaramasdan ular ham Pro ligaga haydaldi. Xo‘p PFL chempionatimizni yangi zamonaviy ko‘rinishda o‘tkazishni reja qilgan ekan, nega o‘shanda bu xabar hamma narsa bir joyga qadalganda klublarga e’lon qildi? Buning uchun kamida bir mavsum ilgari jamoalarni, rahbarlarni va murabbiylarni ogohlantirishi kerak edi. Vadim Abramovning birgina shu gapi uchun futboldan haydashdi.

Ikkinchidan bizning futbolimiz bu darajadagi birdaniga katta revolyutsiyaga tayyor emasdi. Buni ochiq va oydin gapirish mumkin. Xo‘p ular jahon tajribasidan andoza olishga intilishgandir. Lekin, kechirasiz, Ispaniya yoki Germaniyada chempionat yakunlanishiga bir nechta tur qolganda birdaniga formatni yoqasidan ushlab uloqtirishmaydi. Reglamentga amal qilishadi. Yoki, ularda biron bir klubni sababsiz quyi ligaga badarg‘a qilishganini ko‘rganmisiz? Majburan klub bankrotlik yoqasiga kelgandagina shu yo‘lni tutishadi. Bizda esa o‘sha payt barchasi oyog‘i boshidan bo‘lib ketdi.

Akademiyasi bor “Mash’al”, poytaxt klublariga yaxshigina bosh og‘riq bo‘layotgan “Sho‘rtan” PFL talablariga javob bermaydi qabilida osongina bahona bilan Pro ligaga tushirildi. 2018 yilgi mavsum qanday o‘tganini yaxshi bilasiz. Format o‘zgargani bilan chempionlik uchun kurash o‘sha-o‘sha davom etdi. Faqatgina “Navbahor”ni bronza medallariga ega chiqqanini hisobga olmaganda. Oltin ochkolar qoidasi esa ayrim jamoalarning zarariga ishladi deyishimiz mumkin. Deylik “Neftchi”ning “Paxtakor”dan tortib olgan ochkosi, “Bunyodkor”ning avvalgi davradagi jamg‘argan qimmatli ochkolari bari havoga uchib ketdi. So‘ngi turlarda jamoalar nima uchun maydonga chiqayotganini tushunmadi ham. Chunki, ular uchun vazifa bajarildi hisob.

Endilikda ikkinchi savol. O‘zini oqlamagan 12talik tizmga yana nima uchun ehtiyoj sezmoqdamiz? Bugungi kundagi holatdan kelib chiqib gapiradigan bo‘lsak, 14ta jamoalik formatni va shiddatli o‘tayotgan chempionatimizni husnini buzayotgan klublarimiz ham yo‘q emas. Ya’ni ular turnir jadvalidagi o‘rtamiyona jamoalarga ham raqobat tug‘dira olishmayapti. Gap qaysi jamoalar haqida ketayotganini tushunib yetdingiz deb o‘ylayman.

Endi aytingchi ular proffessional jamoa degan nomga munosib harakat qilmoqdami? Aniq maqsadi yo‘q, na futbolimizga va na terma jamoalarimizga biron bir foyda keltirmayotgan klublardan bugunoq voz kechish kerak. Shundagina ularni ko‘zi ochilishi mumkin. Diyor Imomxo‘jayevni bir narsasiga qoyil qoldim, u 12talik formatga o‘tishni bugun ta’kidlayapti, to‘g‘ri klublar bilan maslahatlashgan holatda bu ish amalga oshirilishi aniq. Lekin, PFL rahbari jamoalarni bir mavsum emas, deyarli ikki mavsum oldin ogohlantirmoqda.

Ya’ni chempionatimiz va klublarimiz bunga tayyor bo‘lib borsin, 2018 yildagi holat takrorlanmasin degan ma’noda ish tutmoqda. Shaxsan o‘zim 12ta eng yaxshi jamoani olib qolgan holda raqobatni kuchaytirish tarafdoriman. Oltin ochkolar masalasi, format, tartib, reglament haqida esa PFL jiddiy bosh qotirishiga to‘g‘ri keladi. Fikrimizcha, klublarimiz, ya’ni hammasi emas ayrim qo‘shtirnoq ichidagi jamoalar harakatni hozirdan boshlab ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olgani ma’qulroq. PFL bu yog‘dan harakat qilgani bilan, klublarni o‘zi oldinga intilmasa biron bir natijaga erishish qiyin. Axir qarz ikki qo‘ldan chiqadi!

Abdulaziz Iskandarov.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superliga 12talik formatga qaytishi kerakmi?