O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Bunyodkor” klubi bosh murabbiyi Vadim Abramov bilan gaplashish uchun har doim sabablar topiladi. Ayniqsa, milliy termamizni boshqarayotgan mutaxassis sifatida doimo unga beriladigan savollar tug‘ilaveradi.
Jasur Jaloliddinovning “Lokomotiv”ga ketgani haqida
Abramov qo‘li ostida to‘p surgan 18 yoshli futbolchimiz endi barcha e’tiborini “Lokomotiv”ga qaratmoqda. Albatta, Jasurning Moskva klubi bilan shartnoma imzolagani barcha uchun yoqimli xabar bo‘ldi. O‘z o‘rnida Jaloliddinovga “Bunyodkor”da ustozlik qilgan Vadim Karlenovich shogirdining “Lokomotiv”ga ko‘chib o‘tgani borasida o‘z fikrini bildirdi.
- Umuman aytganda, “Lokomotiv”dagilar uning potensialini munosib baholagan holda tarkibga qo‘shib oldilar. Aftidan, ular Jaloliddinovni ancha vaqt kuzatib yurib, imkoniyatini chamalab chiqqan ko‘rinishadi. Shu boisdan ham temiryo‘lchilar Jasurni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldilar. Agar Jaloliddinov bundan keyin ham o‘z ustida ishlashda davom etar ekan, kelajagi porloq bo‘lishiga shubha yo‘q. Umid qilamanki, u “Lokomotiv”da o‘ynab keta oladi va boshlang‘ich tarkibdan joy olishga erishadi.
Abramov uning “Bunyodkor”da ijarada o‘ynashiga qarshi emas
Yana shuni ham aytish kerakki, hozircha yosh legionerimizning temiryo‘lchilar safida qolish yoki qolmasligi aniq emas. Balki “Lokomotiv” uni o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib turish uchun boshqa klubga ijaraga berishi ham mumkin. Balki “Bunyodkor”ga qaytishi ham ehtimoldan holi emas. Abramov esa uni ijara hisobida yana o‘z jamoasida o‘ynashiga qarshi emasligini ma’lum qildi.
- Ular Jasurni kelajak rejalari uchun sotib olib, 5 yillik shartnoma tuzishdi. Bu esa “Lokomotiv”ning futbolchiga nisbatan jiddiy yondashganligini anglatadi. O‘yinchi bu yoshda o‘sishda davom etar ekan, albatta unga qiziquvchilar ham ko‘p bo‘ladi. Jumladan, Jasurning “Bunyodkor”dan “Lokomotiv”ga o‘tishi shuni tasdiqlaydi. “Lokomotiv” klubi rahbariyati va bosh murabbiyi o‘yinchimizni ancha kuzatgan ko‘rinadi. Shu boisdan ham kelishuv amalga oshdi.
Endi bu yog‘i faqat Jasurning o‘ziga bog‘liq. U o‘z ustida ishlashda davom etsa, “Lokomotiv” tarkibidan mustahkam joy egallaydi. “Lokomotiv” ustozi Nikolich yosh ijrochini qo‘lga kiritish orqali klubning kelajak rejalari yo‘lida jiddiy qadamni tashladi. Bu esa mutaxassisning unga umid qilayotganligini anglatadi. Aks holda jamoalar o‘rtasida bu tranfser amalga oshmagan bo‘lardi. Basharti, imkon tug‘ilsa biz Jaloliddinovni ijara asosida bo‘lsa ham “Bunyodkor”ga qaytarishga urinib ko‘ramiz.
Hammasi endi “Lokomotiv”dagilarning istak-xohishlariga bog‘liq. O‘zimga qolsa, uni bundan keyin ham “Bunyodkor”da to‘p surishini istardim. Shak-shubhasiz hammasi endi voqealar rivoji qanday tus olishiga bog‘liq. “Loko”dagilar 7 avgust kuni Superkubok uchun o‘yinga hozirlik ko‘rishmoqda. Ular shu yo‘lda ham ushbu transferni amalga oshirishdi, deb o‘ylayman. To‘g‘ri, Jasurning bo‘lajak o‘yinda ishtirok etishi hali mavhum. Ammo boya aytganimdek, ular Jasurni kelajak rejalari yo‘lida qo‘lga kiritishdi.
Superliga yana qoldirilgani Abramovning rejalariga qanchalik ta’sir o‘tkazmoqda?
Xabaringiz bor, milliy chempionatimiz bahslari yana qoldirildi. Bundan foydalangan holda Abramov milliy terma jamoamizda qisqa muddatli yig‘in o‘tkazishni rejalashtirib qo‘ygan. Superliganing yana qoldirilgani bosh murabbiyning rejalariga qanchalik ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin? Bu xususida Vadim Abramov shunday dedi:
- So‘zsiz, yuzaga kelgan vaziyat chindan ham murakkab. To‘g‘risi, chempionat qayta boshlanib, oradan hech qancha o‘tmasdan karantin tufayli yana to‘xtatib qo‘yilishi mumkinligini kutmagandik. Endi 15 avgustdan birinchilik yana qayta yo‘lga qo‘yilgan taqdirda ham xuddi avvalgi yo‘sinda – ishqibozlarsiz o‘ynashimizga to‘g‘ri kelishi aniq. Aytishim kerakki, voqealarning bunday tus olishi meni terma jamoaning ustozi sifatida befarq qoldirmaydi. Axir oktabr-noyabr oylariga o‘yinlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Futbolchilarning bunday sharoitda qanday formada bo‘lishlari va o‘sha paytga borib qanday jismoniy holatda qolishlari hozirdan meni o‘ylantiryapti. Bunday rejimda to‘p surish o‘z-o‘zidan futbolchilarning ruhiyati va jismoniy holatiga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. O‘z-o‘zidan uch-to‘rt oylik tanaffus va boshlangan chempionat o‘yinlaridagi uzilishlar aks ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Nima bo‘lgan taqdirda ham vaziyatdan munosib chiqib ketishga harakat qilamiz.
Terma jamoa tarkibidagi kutilmagan o‘zgarishlar xususida
Bu hali hammasi emas. Gap shundaki, Vadim Abramov terma jamoa yig‘ini uchun tarkibni e’lon qilgandi. Lekin kutilmaganda “Paxtakor”dan chaqirilgan o‘yinchilar koronavirus sababli tarkibda o‘zgarishlar yuz berdi. Oqibatda Vadim Abramov “Paxtakor” futbolchilarining o‘rniga boshqa nomzodlarni chaqirdi.
- Chempionat bahslari yana to‘xtatib qo‘yilganligi, “Paxtakor” o‘yinchilari bilan yuzaga kelgan kutilmagan holat sabab bo‘lajak yig‘inlarga kimlarni taklif qilish yuzasidan rejalarimizni o‘zgartirishga majbur bo‘lganligimizni aytib o‘tishim joiz, - deya mavzuni davom ettirdi, Vadim Karlenovich. - Sentabr oyida ikkita o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazamiz. Aslida yig‘inni o‘sha bellashuvlarga qadar tashkil etishni rejalashtirgandik. Lekin yuzaga kelgan tanaffus tufayli rejalarni o‘zgartirishga majbur bo‘ldik. Biz vaziyat taqozosidan kelib chiqqan holda shu ishga qo‘l urdik. Nega deganda, sentabrga borib bunday imkoniyat yuzaga kelmasligi mumkinligiga o‘zimiz ham shubhalanmasdan qo‘ygandik.
Shundan kelib chiqqan holda yig‘inni yaqin kunlarda tashkil etish maqsadga muvofiq bo‘ladi, degan to‘xtamga keldik. Axir gap milliy terma jamoa ustida bormoqda. Yig‘in davomida unga birinchi bor chaqirilgan o‘yinchilarning imkoniyatlarini chamalab olish uchun bizda qulay fursat tug‘iladi. Boz ustiga avvaldan termada o‘ynab kelayotgan ijrochilar bilan ularning mashg‘ulotlarda qanday til topishib ketishlarini kuzatishimiz mumkin. Ustiga-ustak bir yildan ortiq vaqt davomida yig‘inni “Paxtakor” o‘yinchilarisiz tashkil etishimizga to‘g‘ri kelyapti. Baxtga qarshi ularning hammasi karantinga olindi.
Boshqalarni ham kasallikka chalintirmaslik uchun “Paxtakor” tarkibidagi va milliy termaga nomzodlarning yig‘inga chaqirilmasligi rejalarimizni butkul o‘zgartirib yubordi. Endi hammasini boshqatdan muhokama qilib olishimizga to‘g‘ri kelyapti. Yig‘inga chaqirilgan o‘yinchilar bilan qisqa fursat oralig‘ida yanada yaqinroq tanishib olishdan umid qilayotganimni alohida ta’kidlab o‘tmog‘im joiz. O‘sha yig‘in bahonasida ulardan qaysilariga ishonch bildirishni aniqlab olamiz. Yig‘inga taklif etilganlar orasida Jasur Hasanovdek faxriy yoshda bo‘lgan futbolchi ham bor.
E’tiborlisi u ayni paytda boshqalardan yaxshiroq ekanligini namoyish qila oldi. Shu boisdan ham u ancha davom etgan tanaffusdan so‘ng o‘z pozitsiyasidagi o‘yinchilar orasida eng munosibi sifatida terma jamoaga taklif qilindi. Tarkibda tajribali o‘yinchilarning borligi yoshlarga namuna bo‘lib xizmat qilishi aniq. Bu yo‘lda o‘rtoqlik uchrashuvidagi ishtirok ayni muddao bo‘lib, qo‘l kelishi turgan gap. O‘z navbatida biz murabbiylar shtabi vakillaridan qisqa fursat ichida terma jamoa tarkibida kimlarni olib qolishdek juda og‘ir vazifa turganligini e’tirof qilib o‘tishim joiz. O‘ylaymanki, yig‘inga taklif qilinganlar uchun ham bunday jarayon foydadan holi bo‘lmaydi.
Tojikistonga qarshi o‘yin atrofidagi gap-so‘zlar to‘g‘risida
Terma jamoamiz sentabr oyining dastlabki kunlarida ikkita o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi. Dastlabki uchrashuv 4 sentabrda Tojikistonga qarshi o‘tkazilishi lozim edi. Keyin esa bahs 3 sentabrga ko‘chirildi. So‘ng ushbu bellashuvning o‘tkazilmasligi mumkinligi haqida ham gap-so‘zlar yo‘q emas. Abramov esa bunga o‘z munosabatini bildirdi.
- Bunday mish-mishlar qayerdan chiqayotganligini bilmayman. Ayni chog‘da bizda Tojikistonga qarshi o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuv bekor qilinishi yuzasidan hech qanday ma’lumot yo‘q. Nafaqat Tojikiston, balki Eron bilan ham o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish borasida kelishuv bor. O‘ylaymanki, hammasi o‘sha kelishuv asosida yuz beradi. Yana takrorlayman: hammasi faqat mish-mishlar xolos. To‘g‘ri, pandemiya sabab yuzaga kelgan vaziyat tufayli o‘yinlar belgilangan vaqtda tashkil etilishini oldindan hech kim kafolatlay olmasligini ham istisno qilib bo‘lmaydi. Umid qilamanki, rejadagi o‘rtoqlik o‘yinlari albatta belgilangan kunlarda o‘tkaziladi.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...