"Lokomotiv" yetakchisi Marat Bikmayev Rossiya klubiga yo‘l olgan Jasur Jaloliddinov hamda "Spartak"ka o‘tishi kutilayotgan Oston O‘runov haqida fikr bildirdi.
Savol tug‘ilishi mumkin, nega Bikmayevdan fikr oldik? Buning sababi shundaki, Marat ham ancha yosh Rossiyaga yo‘l olgandi. Bikmayev 2004 yil "Paxtakor"ni tark etib "Krilya Sovetov" bilan shartnoma tuzganida 18 yosh edi. U futbolchilik faoliyatining 10 yilini xorijda o‘tkazdi.
Ma’lumot uchun, Bikmayev 2004-2005 "Krilya Sovetov", 2006-2007 "Rubin", 2008-2010 "Spartak-Nalchik", 2010-2012 yillarda "Alaniya" sharafini himoya qilgan. Shuningdek, u 2014 yil O‘zbekistonga qaytib "Lokomotiv" bilan shartnoma imzolashdan oldin Qozog‘istonning "Aktobe" klubida to‘p tepgan.
- Marat, yaqinda "Bunyodkor"ning yosh futbolchisi Jasur Jaloliddinov "Lokomotiv" Moskva bilan shartnoma tuzdi. Yana bir yosh futbolchimiz Oston O‘runov "Ufa"ni tark etib "Spartak"ka o‘tishga yaqin turibdi. Siz ham o‘z vaqtida ancha yosh Rossiyaga yo‘l olgandingiz. Shuni hisobga olgan holda hozirgi yangiliklarga munosabatingiz qanday?
- Avvalo shuni aytishim kerak, bizdan qancha ko‘p futbolchi chetga ketsa futbolimiz uchun shuncha yaxshi. Futbolchilar o‘sadi, dunyoni ko‘radi, kuchliroq chempionatlarda o‘ynaydi. Jaloliddinov haqida gapiradigan bo‘lsam, u hali yosh va o‘z ustida ko‘p ishlashi kerak. Eng muhimi, chetga ketib futboldan boshqa bekorchi narsalarga chalg‘ib qolmaslik.
To‘g‘ri, men ham ancha yosh ketganman va Rossiyaga borganimda yonimda hech kim bo‘lmagan. Shu bois juda qiynalgandim. Maslahatgo‘yim yo‘q edi. Natijada ko‘p vaqt bekorchi bo‘lib qolganman. Hali 20ga to‘lmagan yosh yigit edim, ko‘p zerikardim va bekorchilikdan ko‘chaga chiqib ketardim. Xullas atrofimda maslahat bera oladigan yaqinim bo‘lmagan, baribir shu jamoadaman-ku deb yuraverganman. Shu bois Jasurga bir maslahat bermoqchiman: avvalo Moskvaga yolg‘iz ketmasin, yonida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan biror yaqini bo‘lsin.
- Jaloliddinov 17 yoshda legionerga aylandi. Uni oldinda kutayotgan qiyinchiliklar ko‘pmi?
- Qiyinchilik juda ko‘p bo‘ladi. Bu o‘rinda u nima qilishi kerak? Ko‘p ham atrofdagi gap-so‘zlarga chalg‘ib qolmasdan faqat futbolni o‘ylashi kerak. U hali yosh, eng avvalo til o‘rganishi shart. Ruschani qanchalik biladi xabarim yo‘g‘-u, lekin yanada yaxshiroq o‘rganishi lozim. Qolaversa ingliz tilini ham o‘rganishi zarur.
Keyin u faqat futbol bilan cheklanib qolmay o‘qishga kirishga, institutda o‘qishga harakat qilsin. Mening unga beradigan maslahatim shu. Chetga borgandan keyin bekorchi bo‘lib qolmaslik kerak. Qiyinchilik hamma joyda bor. Jamoada barcha bilan yaxshi munosabatda bo‘lishi lozim.
- Sizda qanday qiyinchiliklar boshdan o‘tgan?
- Aytib o‘tganimdek, birinchi navbatda maslahatgo‘y inson bo‘lmagan. O‘z bilganimcha yuraverganman. Boshida "Krilya Sovetov"ga borganimda hammasi yaxshi edi, keyin "Rubin"ga o‘tganimda hech ish yurishmagan.
Natijada yana jamoa almashtirishga majbur bo‘lib, "Spartak-Nalchik"ka o‘tgandim. Aynan shu klubda o‘z o‘yinimni topib keta oldim. Eng yomoni - sen bizga kerak emassan, o‘zingga boshqa jamoa qidiraver degan gapni eshitish. Jasur bilan shunday hol yuz berishini xohlamayman. Buning uchun esa juda qattiq mehnat qilishga to‘g‘ri keladi.
- Jaloliddinov iqtidorini qanday baholaysiz?
- To‘g‘risini aytsam, uning ko‘p o‘yinlarini ko‘rmaganman. Bu yil bizga qarshi o‘yinda ko‘rdim, salohiyati va iqtidori borligi ko‘rinib turibdi. Lekin bo‘yi pastligi sabab Rossiyada o‘ynab ketish oson bo‘lmaydi.
Agar to‘p uchun havoda kurasha olmasa, unda yerda to‘p bilan zo‘r harakat qilishi talab etiladi. "Lokomotiv" Moskva ushbu futbolchi bilan kelajakni o‘ylab shartnoma tuzdi deb o‘ylayman. Ular bekordan bekorga qaysidir o‘yinchini xarid qilmaydi.
- Rossiyaning yana bir klubi "Ufa"da o‘zini ko‘rsatgan Oston O‘runov haqida fikringiz?
- Ostonga gap bo‘lishi mumkin emas. U tezda o‘zini ko‘rsata oldi. Unda tabiat bergan iqtidor, jismoniy chidamlilik, xullas hamma narsa bor. Shu bois ham uning birdaniga o‘ynab ketgani yangilik emas. Men unga to‘liq ishonaman.
- Shu kunlarda Ostonning "Spartak"ka o‘tishi haqida ko‘p gap-so‘zlar bo‘lyapti.
- Menimcha, u "Spartak"da bemalol o‘ynab keta oladi. Bir narsani unutmaylik, "Spartak"da ham bizga o‘xshagan odamlar o‘ynaydi, hech kim osmondan tushib qolmagan. Qolaversa, Oston O‘runov Rossiya chempionatida o‘ynab keta olishini qisqa vaqt ichida ko‘rsata oldi. Faqat bu o‘rinda murabbiy ishonsa bo‘ldi. Futbolda shunaqa ekan, kimdadir tajriba 25-26 yoshda kelsa, Oston 18 yoshdayoq kattalardek o‘ynab ketdi. Bu ham Xudo bergan bir iste’dod.
- Bu o‘rinda agentlarning roli ham katta, to‘g‘rimi?
- Endi baribir futbolchining o‘zida bo‘lmasa agent nimayam qila olardi. Qarang, bizdan Shomurodov, Shukurov kabi futbolchilar chetga ketdi. Nima uchun? O‘zida iqtidor bo‘lgani uchun.
Men xohlardimki, bizdagi futbolchilarga taklif tushdimi, ortiq ushlab turish kerak emas. Qancha ko‘p o‘yinchi legioner bo‘lsa, terma jamoaga ham foyda. Chunki ular baribir kuchayib qaytadi. Mana Odil Ahmedov chetda o‘ynab qanday darajaga yetdi. Nasib qilsa, Shomurodov va boshqa futbolchilar ham shu darajaga chiqadi.
To‘g‘ri, bu o‘rinda klublarni tushunaman, hech kim futbolchini arzon pulga qo‘yib yuborishni istamaydi. Ammo futbolchilarning kelajagini ham o‘ylash kerak. Shu bois doim oltin oraliqni topgan ma’qul. Jaloliddin Masharipovga ham qanchadan beri aytib kelaman: bor, chetga borib o‘ynab kel. Yegor Krimetsga ham shunday deganman. Krimes-ku legioner bo‘lib o‘ynab ko‘rdi, lekin Masharipov variant borligida ketmasa, keyin kech bo‘ladi.
- Yana bir savol. Nima deb o‘ylaysiz, Eldor Shomurodov "Rostov"da qolgani ma’qulmi yoki ketganimi?
- Eldor hozircha to‘liq bir mavsumni "Rostov"da o‘tkazdi va uning nimalarga qodirligini hammamiz ko‘rdik. Lekin yanada kuchli bo‘lishi uchun bir yoki bir yarim mavsum shu yerda o‘ynashi kerak deb hisoblayman. Shu bois uning "Rostov"da qolgani ma’qul. Chunki yana bir-ikki yil yaxshi o‘ynab bersa, yanada zo‘r takliflar bo‘ladi. Rossiya chempionati ham kuchli, buni tan olaylik.
X.Xoliqov suhbatlashdi.
Manba: championat.asia “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...