11:35 / 27.08.2020
2 041

O‘zbekistonda velosportni ommalashtirishga qaratilgan memorandum imzolandi

O‘zbekistonda velosportni ommalashtirishga qaratilgan memorandum imzolandi
Bugun, 26 avgust kuni Toshkentdagi Kongress-xollda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi o‘rtasida mamlakat yoshlari orasida velosportni ommalashtirish bo‘yicha uch tomonlama hamkorlik memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi – O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi prezidenti Tanzila Norboyeva, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, sportchilar, trenerlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan T.Norboyeva bugungi pandemiya sharoitida salomatlikning naqadar bebaho ne’mat ekani, sport bilan shug‘ullangan inson har jihatdan sog‘lom bo‘lib, kasallikni oson yengib o‘tishi, velosport bilan shug‘ullanish esa inson salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.

So‘ngra Jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiyev ham so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda velosportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganiga urg‘u qaratdi.

– Respublikamizda velosportni yanada rivojlantirish, mavjud infratuzilmani mustahkamlashga jiddiy e’tibor qaratilayotgani tahsinga loyiq. Bugun Toshkent va Namangan shaharlarida barpo etilgan velotrek majmualari xorijlik sportchilarda ham ijobiy taassurot qoldirib, ular yurtimizda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish taklifini bildirishmoqda. Hozirda Jizzax shahrida barpo etilayotgan BMX velotrek majmuasi ham tez orada foydalanishga topshiriladi. Bu esa ushbu sport turi rivojida yangi davrni boshlab berishiga shubha yo‘q, – dedi Dilmurod Xamidullayevich o‘z ma’ruzasida.

Marosimda so‘zga chiqqan Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev, terma jamoamizning yetakchi sportchisi, Tokio-2020 olimpiadasi litsenzianti M.Xolmurodov va boshqalar so‘nggi yillarda O‘zbekistonda velosport rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarni yuksak darajada e’tirof etishdi.

Shundan so‘ng uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Ishonamizki, bugun imzolangan memorandum yurtimiz yoshlari orasida velosportni yanada ommalashtirish, jahon arenalarida yurtimiz sportchilari erishayotgan g‘alabalar salmog‘ining yanada ortishiga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda O‘zbekistonda ilk marotaba veloshosse bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkazilgan edi. Unda qit’amizning 40dan ortiq mamlakati sportchilari g‘oliblik uchun bahs olib borishgan, musobaqa jarayonlari nufuzli «Eurosport» telekanali orqali jonli efirda namoyish etilgandi.

Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, oxirgi uch yilda o‘zbekistonlik sportchilar xalqaro maydonlarda 81ta medalga sazovor bo‘lishdi, shundan 24tasi oltin medaldir. Buning natijasida vakillarimiz tomonidan Tokio-2020 olimpiada o‘yinlariga ikkita yo‘llanma naqd qilindi.

Yana bir e’tiborga molik voqea – O‘zbekiston sporti tarixida ilk marotaba ayol sportchimiz olimpiada o‘yinlarida g‘oliblik uchun bahs yuritish huquqini qo‘lga kiritdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekistonda velosportni ommalashtirishga qaratilgan memorandum imzolandi