08:00 / 03.09.2020
2 442

Messining otasi «Barselona» bilan kelisha olmadi

Messining otasi «Barselona» bilan kelisha olmadi
«Barselona»ning argentinalik forvardi Lionel Messining otasi va agenti Xorxe Messi kataloniyaliklar klubi prezidenti Xosep Bartomeu bilan uchrashuv o‘tkazgan.

Mundo Deportivo nashri ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar murosaga kela olishmagan. Klub rahbariyati 33 yoshli argentinalik futbolchining shartnomasida ko‘rsatilgan 700 mln yevro miqdoridagi tovon pulini kamaytirmasligini bildirgan.

Sport.es xabariga ko‘ra, Bartomeu Messining oila a’zolarini futbolchi qolishiga ko‘ndirishga harakat qilgan va ikki yillik shartnoma taklif qilgan. O‘z navbatida Messining otasi o‘g‘lining ketishi bo‘yicha kelishuvga erishishga harakat qilgan. Yakunda muzokaralar natijasiz tugagan.

Uchrashuvda Bartomeudan tashqari «Barselona» menejeri Xaver Bordas ham qatnashgan. Xorxe Messiga esa o‘g‘li Rodrigo va huquqshunos Xorxe Pekur hamrohlik qilgan.

Xorxe Messi bugun o‘g‘lining klubdan ketishi bo‘yicha muzokaralarni boshlash uchun Argentinadan Barselonaga uchib keldi.
U aeroportda jurnalistlarga o‘g‘li endi jamoada qolishi qiyinligini aytgan.

«Leoni qoldirish qiyin bo‘ladi. Juda qiyin. Men hech kim bilan gaplashmadim [Messining qaysidir klubga o‘tishi bo‘yicha]. «Manchester Siti» haqida hech narsadan xabarim yo‘q», degan Xorxe Messi.

Messi «Barselona»dan shartnomadagi maxsus banddan foydalangan holda erkin agent sifatida «Manchester Siti»ga ketishni istamoqda. Bu bandga ko‘ra, futbolchi istalgan mavsum oxirida shartnomani bir tomonlama bekor qilib, klubni tark etishi mumkinligi belgilangan. Kataloniyaliklar klubi rahbariyati bu banddan foydalanish muddati o‘tgani, u klubni 10 iyungacha ogohlantirishi kerak bo‘lganini aytmoqda.

33 yoshli forvard ketishi uchun uning shartnomasida ko‘rsatilgan 700 million yevro to‘lanishi yoki u bir yil davomida oylik olmasdan va maydonga tushmasdan, klub a’zosi bo‘lib qolishi hamda 2021 yilda shartnomasi muddati yakunlangach erkin agent sifatida klubdan ketishi mumkin bo‘ladi.

Messi ko‘k-anorranglilar klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Yakunlangan mavsumda u klub uchun barcha turnirlar doirasida 44 o‘yinda maydonga tushib, 31 gol urdi va 26 golga uzatma berdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Messining otasi «Barselona» bilan kelisha olmadi