12:15 / 07.09.2020
2 233

Novak Jokovich hakamga to‘p bilan zarba berib yuborgani uchun Us Open’dan chetlatildi

Novak Jokovich hakamga to‘p bilan zarba berib yuborgani uchun Us Open’dan chetlatildi
Dunyoning birinchi raqamli tennischisi Novak Jokovich AQSH Ochiq chempionati US Open’da ayol hakamga to‘p bilan shikast yetkazgani uchun musobaqadan chetlatildi.

Voqea musobaqaning 4-davrasi davomida Jokovichning ispaniyalik Pablo Karreno-Bustaga qarshi uchrashuvida yuz bergan. Jokovich o‘yinning birinchi setida hisob 5:5 bo‘lganda o‘z podachasida geymni yutqazib qo‘ygan va jahl bilan kortning orqa devoriga to‘p bilan zarba bergan. Biroq to‘p orqa chiziqda turgan ayol hakamning bo‘yniga tekkan. Hakam kortga yiqilib, bo‘g‘ilayotgandek yo‘tala boshlagan. Shundan keyin hakam yordam berish uchun kortdan olib chiqib ketilgan.

Natijada tennischi nosportcha xatti-harakati uchun chetlatilgan. Musobaqaning keyingi davrasiga uning raqibi yo‘l olgan.
Jokovich ayni vaqtda dunyoning birinchi raqamli erkak tennischisi hisoblanadi. Uning hisobida “Katta dubulg‘a” seriyasiga kiruvchi musobaqalarda 17 ta g‘alaba bor.

Jokovichning o‘zi ushbu hodisa uchun barchadan uzr so‘rab, noto‘g‘ri ish qilganini tan olgan.

Bu vaziyat meni qayg‘uga botirdi. Men hakam o‘zini qanday his qilayotganini tekshirdim va olgan ma’lumotlarimga ko‘ra, u o‘zini yaxshi his qilmoqda. Men uning ismini oshkor qila olmayman. Unga shunday og‘riq yetkazganim uchun afsusdaman. Buni ataylab qilmadim. Bu mening tomonimdan noto‘g‘ri ish bo‘ldi. Bu yoqimsiz tajribani, musobaqadan chetlatilishimni o‘sishim va shaxs sifatida takomillashishim uchun muhim hayotiy saboqqa aylantirmoqchiman. Men, shuningdek, musobaqa tashkilotchilaridan uzr so‘rayman. Bu barcha uchun og‘ir kun bo‘ldi”, deb yozgan Jokovich feysbukdagi sahifasida.

Endilikda US Open’da mutlaq yangi chempion bo‘ladi. 2004 yildan beri unda 7 kishi – Novak Jokovich, Rojer Federer, Rafael Nadal, Xuan Martin Del Potro, Endi Marrey, Sten Vavrinka va Marin Chilich g‘alaba qozonib kelgan. Ammo sanab o‘tilgan tennischilardan birortasi musobaqada qolmagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Novak Jokovich hakamga to‘p bilan zarba berib yuborgani uchun Us Open’dan chetlatildi