21:55 / 02.10.2020
2 242

"Bunyodkor"dan ketishiga sha’ma qilgan Vadim Abramov bor e’tiborini terma jamoaga qaratmoqchi

"Bunyodkor"dan ketishiga sha’ma qilgan Vadim Abramov bor e’tiborini terma jamoaga qaratmoqchi
Osiyo Chempionlar ligasi va Superligamizdagi o‘yinlardan so‘ng endi e’tiborimizni milliy terma jamoamizga qaratamiz. Negaki, 3-16 oktabr kunlari Vadim Abramov bosh murabbiyligidagi termamiz o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazadi va mazkur tayyorgarlik jarayonida Eron hamda BAAga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkaziladi. Shu sababli Vadim Karlenovich sports.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘ldi va bir qator savollarga javob qaytardi.

- 3-16 oktabr kunlari milliy terma jamoamizning yig‘ini tashkil etiladi va unga ko‘ra O‘zbekistonning Eron hamda BAAga qarshi o‘yinlar bor. Mazkur uchrashuvlardan nima kutyapsiz?
- Xabaringiz bor, yuzaga kelgan pandemiya tufayli FIFA terma jamoalarning rasmiy o‘yinlarini ko‘chirdi. Buning evaziga FIFA o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazish uchun imkoniyat berdi. Bu bilan terma jamoalarning munosib tayyorgarlik ko‘rishi nazarda tutilgan. Axir jiddiy bahslarga o‘rtoqlik o‘yinlarisiz qanday tayyorgarlik ko‘rish mumkin? O‘zingiz bilib turibsiz, pandemiya sababli ko‘plab chempionatlar to‘xtatib qo‘yilgandi.

Endi mavjud imkoniyatdan foydalanib o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etamiz. O‘z navbatida, oldimizda turgan o‘yinlar bizga yangi o‘yinchilarni yana bir bor sinab ko‘rish imkoniyatini berdi. Raqiblarimiz esa ancha jiddiy. Yuqori saviyadagi termalarga qarshi o‘yinlar albatta foydali bo‘ladi. BAA ham, Eron ham Osiyoda o‘z o‘rniga ega va qit’amizning yetakchilari qatorida e’tirof etiladi.

- Bo‘lajak o‘yinlar uchun chaqirilgan futbolchilar ro‘yxatini ko‘rdik, ularning orasida legionerlar ham bor. O‘zingiz xohlagan barcha futbolchilarni chaqirdim, deb bemalol ayta olasizmi?
- Ushbu yig‘inimizga o‘zimiz xohlagan deyarli barcha o‘yinchilarimizni chaqirdik. Faqat Xitoy chempionatida o‘ynayotgan legionerlarimiz bilan bog‘liq ayrim muammolar bor edi. Pandemiya tufayli legionerlarimizning kelib-ketishi qiyinchilik tug‘dirmoqda. Shu sababli Odil Ahmedov bilan Islom To‘xtaxo‘jayevni yig‘inga jalb qila olmadik.

- Vadim Karlenovich, xabaringiz bor, Eldor Shomurodov Italiya A seriyasi qatnashchisi “Jenoa” a’zosiga aylandi. Bizning futbolchimiz ushbu chempionatga qanchalik mos tushadi deb o‘ylaysiz?
- Albatta, Eldor Shomurodov Italiya A seriyasida bemalol o‘ynay oladi, bunga shubha qilmayman. Nima uchun o‘zini ko‘rsata olmasligi mumkin? Axir Italiya, Angliya yoki boshqa chempionatlarda to‘p surayotgan futbolchilar boshqacha insonlar emas-ku?! Shunday ekan, 100 foiz ishonamanki, Shomurodov Italiya chempionatida o‘ynab ketadi. Men uchun eng muhimi shundaki, Eldor terma jamoamiz manfaati uchun doimo o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi shart. Bu bizga kerak. Albatta, futbolchimizda o‘ziga nisbatan ruhiy ishonch ham yuqori bo‘lishi kerak. Ana shunda termamiz uchun yanada foydali bo‘ladi. Shomurodov shunchaki qog‘ozdagina Italiyada o‘ynayapti, degan gaplar bo‘lmaydi. Yana qaytaraman, biz uchun birinchi navbatda uning o‘yin amaliyoti muhim.

- Hammasi uning o‘ziga bog‘liq demoqchisizda-a?
- Asosiysi, Shomurodovda potensial bor. “Jenoa” shuncha pulni bejizga sarflagani yo‘q. Ular nima qilayotganini yaxshi bilishadi. Shunday ekan, italiyaliklar Eldorni kuzatishgan va uni shunchaki taklif qilishmagan. Agar terma jamoamiz ham yaxshi o‘ynab tursa, nafaqat Eldor, balki boshqa o‘yinchilarimizni ham chetga ketish imkoniyatlari oshib boraveradi. Shuning uchun ko‘p narsa terma jamoaning qanday o‘yin ko‘rsatishiga ham bog‘liq. Ana shunda boya aytganimdek, futbolchilarimizga chetdan qiziqishlar ko‘payadi.

- “Paxtakor” Osiyo Chempionlar ligasining chorak finalida yurishini to‘xtatdi. Chempion jamoamizning ishtirokini qanday baholaysiz?
- Ha, “Paxtakor”ning chorak finalda mag‘lubiyatga uchragani achinarli bo‘ldi, albatta. Afsuski, Jaloliddin Masharipov juda erta qizil kartochka sababli maydonni tark etib, jamoasini murakkab ahvolga solib qo‘ydi. Aslini olganda, Masharipov qo‘pol o‘yinchi hisoblanmaydi. Ammo o‘sha o‘yinda shunday vaziyat bo‘lib qoldi. Natijada uning yo‘qligi “Paxtakor”ga katta ta’sirini o‘tkazdi. Ammo “Paxtakor” chempionlar ligasida munosib o‘yin ko‘rsatdi.

Bilasiz-ku, “Paxtakor” tarkibida milliy terma jamoa o‘yinchilari ko‘p. Men birinchi navbatda ularning jismoniy holatini ko‘rishim kerak. Ayniqsa, ruhiy holatini bilish muhim. Masalan, Masharipovning hozirgi ruhiy holati qandayligini bilishimiz kerak. Lekin professional futbolchi hammasini tezda unutishi va keyingi o‘yinlarga munosib tayyorgarlik ko‘rishi lozim. To‘g‘risi, bunday mag‘lubiyatlarni murabbiylarga qaraganda futbolchilarga unutish osonroq kechadi. Bunday pallada murabbiylarga qiyinroq bo‘ladi.

- Ayni paytda “Paxtakor” chempionatimizda yana yaqqol peshqadamlik qilyapti. Ko‘pchilik esa bu mavsumda ham “Sherlar”ning chempion bo‘lishiga ishonmoqda. Bu masalada sizning fikringiz qanaqa, klub chindan ham chempionlikni hech kimga berib qo‘ymaydimi?
- Ha, men ham fikringizga qo‘shilaman. Jadvaldan ham ko‘rinib turibdiki, “Paxtakor” yaqqol peshqadam. Ammo shuni ham aytishim kerakki, bir tomondan qaraganda, bu “Paxtakor” uchun minus. To‘g‘ri, bu klub o‘z safida O‘zbekistonning eng kuchli futbolchilarini yig‘ib olgan.

Hech kim ular bilan teng kela olmayapti. Menimcha, bunday holat jamoaga u qadar foydali emas. Chempionatimizda boshqalardan ko‘ra, bir bosh ustunlik qilishi mumkin, ammo xalqaro maydonlarda qiyin bo‘ladi. Chempionatimizda esa intriga bo‘lishi kerak. Agar Superligamizda “Paxtakor”ga va boshqalarga qancha ko‘p raqobatchi bo‘lsa, bu saviyamizning yanada o‘sishiga xizmat qiladi. Raqobat tufayli o‘sish kuzatilsa, bundan terma jamoamiz ham yutadi va bu yerda ham raqobat bundan-da kuchayadi.

- “Bunyodkor”dagi ishlaringiz qanday? Klubda nimadandir qoniqmayotgan jihatingiz ham bormi?
- To‘g‘ri, “Bunyodkor”da biroz muammolar bor. Men bu haqida oldin gapirganman, shuning uchun yana shu mavzuga qaytmoqchi emasman. Yil oxirigacha ishlaylik-chi, keyin ko‘ramiz. O‘z-o‘zidan ko‘proq e’tibor milliy terma jamoaga qaratiladi. Negaki, kelasi yilda oldimizda jiddiy vazifalar turibdi. Shu sababli bor e’tiborimizni termaga qaratmasak bo‘lmaydi. “Bunyodkor”dagi faoliyatimni mavsum oxirigacha davom ettiraman.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Bunyodkor"dan ketishiga sha’ma qilgan Vadim Abramov bor e’tiborini terma jamoaga qaratmoqchi