20:53 / 18.11.2020
3 038

Shohjahon raqibining qovurg‘asini sindirgan kechada yana ikki bokschimiz ringga chiqdi

Shohjahon raqibining qovurg‘asini sindirgan kechada yana ikki bokschimiz ringga chiqdi
Rossiyaning Krasnogorsk shahrida “Vegas City Hall” arenasi mezbonligida o‘tkazilgan professional boks kechasining to‘liq natijalari e’lon qilindi.

Ushbu professional boks kechasining asosiy jangida Shohjahon Ergashev belaruslik Dmitriy Milyuka bilan kuch sinashganidan xabaringiz bor. Bellashuvning ikkinchi raundida Milyusha hamyurtimizning chap qo‘lda tana qismiga bergan zarbasini o‘tkazib yuborgan edi. Uchinchi raundga chiqishdan oldin belaruslik bokschi o‘ng tomonida kuchli og‘riqdan shikoyat qildi. Uni tekshirgan shifokorlar Shohjahonning kuchli zarbasi raqibning qovurg‘asini sindirib yuborganini aniqladi va jang to‘xtatildi.

Shu tariqa, Shohjahon 19-jangini ham g‘alaba bilan yakunladi.

Ushbu professional boks kechasi doirasida yana ikki o‘zbek bokschisi ham navbatdagi reyting janglarini o‘tkazdi.

Professional ringdagi faoliyatini ikki hafta muqaddam boshlab, dastlabki jangida imkoniyatni boy bergan Bahromjon Fozilov bu gal Radmir Abdurahmonov bilan raqobatlashdi. Ta’kidlash joizki, rossiyalik bokschi Jahon boks seriyalaridagi (World Series of Boxing) ishtiroki orqali o‘zbek boks muxlislariga yaxshi tanish.

Kuchli texnikaga ega bu bokschi Rossiya jamoasi safida xitoylik Song Gao, hindistonlik Roxit Tokash, Qozog‘iston vakili Dilmurod Majitovni mag‘lub etgan va faqatgina “Uzbek tigers” jamoasi a’zosi Elnur Abduraimovga imkoniyatni boy bergandi.

Shuningdek, Radmir havaskorlar o‘rtasida Sanjar Rahmonov va Shohabbos Shukurov kabi o‘zbek boks maktabi tarbiyalanuvchilari bilan jang qilgan.

Bahromjon Fozilov ana shunday katta tajribaga ega raqibga munosib qarshilik ko‘rsata oldi. To‘rt raund davom etgan keskin va murosasiz bellashuvda kuchlar teng keldi. Hakamlar qaroriga ko‘ra, jang durang natija bilan yakunlandi.

25 yoshli bokschimiz Alisher Shodiyev rossiyalik Muhammadrizo Mutalibovga qarshi olti raundlik reyting jangini o‘tkazdi. Har ikki charm qo‘lqop ustasi bir biriga to‘qnash kelgunga qadar professional ringda bittadan g‘alaba va mag‘lubiyat qayd etgan edi.

Ushbu bahs deyarli teng kurashlar ostida boshlandi. Ikkinchi bo‘limga kelib, Alisher Shodiyev bosimni kuchaytirdi. Natijada o‘zbek bokschisining kuchli zarbalaridan keyin mezbonlar vakili jarohat oldi va uchrashuvni davom ettira olmaydigan bo‘ldi. Alisher texnik nokaut evaziga ketma-ket ikkinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, Krasnogorsdagi professional boks kechasida Shohjahon Ergashevning shogirdi Mirzakamol Ne’matov ham faoliyatidagi ikkinchi jangini o‘tkazishi kerak edi.

Biroq, musobaqadan oldin uning raqibi Alisher Ashurovda koronavirus aniqlangani bois, bu jang qoldirildi. Ma’lumotlarga qaraganda, Ne’matov va Ashurov o‘rtasidagi to‘qnashuv 21 dekabr kuni tashkil etiladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shohjahon raqibining qovurg‘asini sindirgan kechada yana ikki bokschimiz ringga chiqdi