10:00 / 27.11.2020
3 399

O‘runovning “tanka”sidan vakolatlar olindi. Endi nima bo‘ladi?

O‘runovning “tanka”sidan vakolatlar olindi. Endi nima bo‘ladi?
Rossiya futbolida eng ko‘p muhokamaga sabab bo‘layotgan Oston O‘runov transferi atrofidagi shov-shuvlar, yangiliklar hali beri tinadiganga o‘xshamaydi. Bu ko‘p jihatdan Ostonning o‘ziga emas, uning legioner sifatidagi faoliyatida muhim ahamiyat kasb etuvchi shaxs – Shamil Gazizov bilan bog‘liq bo‘lmoqda.

Hammaning xabari bor, Oston O‘runovning “Lokomotiv”dan “Ufa”ga ko‘chib o‘tishi va u yerdan Rossiyaning eng ko‘p muxlisga ega bo‘lgan klubi – “Spartak”dan qo‘nim topishida Shamil Gazizovning xizmatlari katta.

Oston haqiqatan, iqtidorli, salohiyatli va futbol maydonida qo‘l keladigan ko‘plab sifat va xususiyatlarni o‘zida mujassam etgan umidli futbolchi. Uning omadi Shamil Gazizovdek mutaxassisning ko‘ziga ko‘rinib qolganida. Bo‘lmasa, yurtimizda iste’dod bobida Ostondan qolishmaydigan va undan o‘tadigan yosh futbolchilar ham ko‘p. Biroq ularga Rossiya futboli sari yo‘l ochib beradigan va qo‘llab-quvvatlaydigan, kerak bo‘lsa pul tikadigan odam yo‘q.

O‘runov nima qildi? Oston o‘ziga berilgan imkoniyatdan ortig‘i bilan foyda chiqara oldi. Har holda Superligamiz jamoasidan rus futbolining eng mashhur klubigacha bo‘lgan yo‘lni yarim yilda bosib o‘tdiku. Ha, unga Shamil Gazizov katta yordam berdi, hozir Oston kutilgan o‘yinni namoyish etolmayapti. Lekin bu boshqa masala.

“Spartak” rahbariyati “Ufa”da hamma ishni “tindirib” tashlagan Shamil Gazizovni yozda katta umidlar bilan bosh direktorlikka olib kelgandi. Bu mutaxassisda o‘zini ko‘rsata olish uchun bittagina transfer davri bor edi xolos. Shamil uchta transferga qo‘l urdi. “Ufa”dan 1,5 million yevroga Oston O‘runovni sotib oldi, yulduzlik darajasidan pastga sho‘ng‘iyotgan Aleksandr Kokorinni erkin agent sifatida jamoaga qo‘shdi va uzoq tanqidlardan keyin “Chelsi”dan Viktor Mozesni kelishga ko‘ndira oldi.

To‘g‘risi, bu transferlar “Spartak” rahbariyatini ham, muxlislarni ham hayratga solgani yo‘q. Gazizovning ishlari avvalgi bosh direktor Tomas Sornning transferlari soyasida qolib keldi. Amalda “Spartak” o‘yinni tubdan kuchaytiradigan futbolchilarga ega bo‘lmadi. Bosh murabbiy Domeniko Tedesko o‘tgan mavsumda chempionatda yettinchi o‘rinni olgan tarkib bilan bu gal birinchi o‘ringacha ko‘tarildi. Buyog‘iga esa, “Spartak” yana pastlay boshladi. Ketma-ket uchta uchrashuvda ochko yo‘qotildi.

Vaziyatni o‘nglash uchun klub rahbariyati zudlik bilan chora ko‘ra boshladi. Birinchi navbatda, seleksiya bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajargan Shamilning “odami” Narimon Akavov ishdan olindi. Keyin bo‘sh turgan sport direktori lavozimi tiklanib, bu joyda samarali ish yuritgan Dmitriy Popov ishga olindi.

Dmitriy Popov haqiqiy “spartakchi”. U futbolchilik faoliyati davomida jamoaning yetakchi o‘yinchilaridan bo‘lgan. Bir marta sobiq Ittifoq, ikki bor Rossiya chempioni bo‘lgan. Keyinchalik Ispaniyaning “Rasing”, “Kompostele” va “Toledo”, Isroilning “Makkabi TelAviv” jamoalarida o‘ynagan.

Popov 2006 yildan klubning seleksiya bo‘limida ish yuritgan. 2008-2016 yillar davomida sport direktori lavozimida ishlagan. U ketganidan buyon bu lavozim egasiz qolayotgan edi. Endi Popovga shu paytgacha Shamil Gazizov bajargan ishlar yuklatiladi. Xususan, transferlar bilan ishlash vakolati Gazizovdan Popovga o‘tadi. Bu Oston O‘runovning jamoadagi taqdiri ham ko‘p jihatdan yangi sport direktori yuritadigan siyosatga bog‘liq bo‘lib qoladi.

Yaqinda Shamil Gazizov jurnalistlarga bergan intervyusida qishki transferlar davrida o‘zgarishlar bo‘lishini, xususan, Oston O‘runov ijaraga berilishi yoki boshqa klubga transfer qilinishi mumkinligini ta’kidlagandi. Endi esa, bu gaplarni bejizga aytmagani oydinlashyapti.

O‘z navbatida, asosiy vakolatlarini yangi direktorga topshirayotgan Shamil Gazizovning klubdan ketishi kutilmoqda. Bu masala birinchi davradan keyingi qishki tanaffus paytida ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘runovning “tanka”sidan vakolatlar olindi. Endi nima bo‘ladi?