07:00 / 14.12.2020
3 638

Marko Stanoyevich: Takliflar yetarli, ammo Qarshida qolmoqchiman, "Nasaf"ga Cheran taklif qilgan

Marko Stanoyevich: Takliflar yetarli, ammo Qarshida qolmoqchiman, "Nasaf"ga Cheran taklif qilgan
“Nasaf” tarkibida to‘p surayotgan serbiyalik Marko Stanoyevich haqida ko‘pchilik gapiryapti. Uning o‘yinlari muhokama qilinyapti. Albatta, yaxshi ma’noda. Bu yil “Nasaf” Stanoyevich misolida foydali xaridni amalga oshirgani sezilib turibdi.

U bir qator gollari bilan ham jamoasiga muhim g‘alabalarni taqdim qilishda katta hissa qo‘shdi. Masalan, Namanganda “Navbahor”ga qarshi O‘zbekiston Kubogi chorak finalida ham ajoyib gol urdi. Bir so‘z bilan aytganda, Marko Stanoyevichni ko‘pchilik yoqtirib qoldi. U noyabr oyining eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Namangandagi o‘yindan keyin Stanoyevich sports.uz sayti uchun ilk intervyu berdi.

- Marko, sizni noyabr oyining eng yaxshi futbolchisi bo‘lganingiz bilan tabriklaymiz...
- Katta rahmat. Ochig‘i, bu haqida o‘ylamagandim. Ammo eng yaxshisi bo‘lishni his qilish yoqimli.

- Shu bilan birga Namanganda “Navbahor”ga qarshi murakkab bahsdagi g‘alaba bilan ham qutlamoqchiman. Axir 120 daqiqa davom etgan jang va buning ustiga tumanda futbol o‘ynash o‘ta qiyin. Bunday darajadagi uchrashuvdan qanday xotiralar qoldi?
- Biz o‘zimizni oldinda juda qiyin uchrashuv kutib turganini bilardik. Shuning barobarida bu o‘yinga tayyor edik! Quyuq tushgan tuman o‘zimiz istagan darajada to‘p surish imkoniyatiga xalaqit berdi. Ehtimol, tomoshabinlarga ham tuman tufayli ushbu bahsni kuzatish qiyin bo‘lgan bo‘lsa kerak. Shunday vaziyatga qaramay, o‘yin qizg‘in o‘tdi. Keyingi bosqichga chiqqanimizdan juda baxtiyormiz.

- Aksariyat muxlis va mutaxassislar o‘yiningizga yuqori baho berishyapti hamda ularda iliq taassurot qoldiryapsiz. Sizni hattoki, “Ikkinchi Cheran” deya ta’riflashmoqda. Bunga qanday munosabatdasiz?
- Bizni har doim qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarimizga katta rahmat! Dragan meni “Nasaf”ga taklif qildi va men buning uchun undan juda minnatdorman. Lekin bizni taqqoslash kerak emas. Nega deganda, biz turli toifadagi o‘yinchilarmiz. Qolaversa, Dragan Cheran O‘zbekistonda o‘zini allaqachon yaxshi darajadagi futbolchi ekanligini isbotlab bo‘lgan.

- Siz qisqa fursatlardayoq “Nasaf” hamda o‘zbek futboliga moslashib oldingiz. Bu borada sizga kim yordam berdi?
- Darhaqiqat, yangi jamoaga moslashishim qiyin kechmadi. Nega deganda, Dragan Cheran menga jamoa haqida yetarlicha gapirib bergandi. Bundan tashqari, ruschani yaxshi bilishim menga qo‘l kelyapti. Klubdagilar meni iliq qabul qilishdi. Buning uchun barchadan minnatdorman!

- Qizig‘i, siz hujumchi bo‘lmasangiz ham chempionatda 6 ta gol urdingiz, Kubokda ham bu ishni bajaryapsiz. Gol urish bo‘yicha murabbiydan ko‘rsatma olyapsizmi yoki bu ishni tabiiy ravishda bajaryapsizmi?
- Chempionatda oltita gol – bu birinchi navbatda murabbiyning xizmatidir. Chunki biz o‘yinchilar maydonda murabbiyning ko‘rsatmasini amalga oshirish uchun to‘p suramiz. Boz ustiga “Nasaf”dek hujum qilishni yaxshi ko‘radigan jamoada gol urmaslikning iloji yo‘q (kuladi).

- Darvoqe, “Surxon”da serbiyalik himoyachi Darko Stanoyevich ham to‘p surdi. Sizning ism-familiyangiz uniki bilan deyarli bir xil. U bilan qarindoshmisiz?
- Darko Stanoyevich yaxshi yigit va yaxshi o‘yinchi. Lekin biz qarindoshlar emasmiz! Bilasizmi, gohida ikkimizni almashtirib yuborishadi. Hatto meni ko‘pchilik yanglishib Darko deb chaqirishadi!

- Marko, keyingi rejalar qanday? “Nasaf” bilan shartnomani uzaytirasizmi yoki yangi klubga ketasizmi?
- Menda keyingi yil ham “Nasaf”da qolish xohishim bor. Hozircha mavsum tugashini kutib turibman. Shunda hamkorlikni davom ettirish masalasi yuzasidan rahbariyat bilan gaplashib olaman.

- Eshitishimga qaraganda, sizga yaxshi takliflar bor ekan...
- Ha, takliflar bor, ammo hozir bular haqida umuman o‘ylashga vaqtim yo‘q!

- Faoliyatingiz davomida siz birga ishlagan murabbiylar orasida eng kuchlisi kim?
- Menda yaxshi murabbiylar ko‘p bo‘lgan. Bolalik chog‘imda Dragan Yovanovich mening dastlabki murabbiyim bo‘lgan. Shuningdek, Zvonko Radich ham futbolchi bo‘lib yetishishimga katta hissa qo‘shgan. Serbiyada menga murabbiylik qilgan Marko Nikolich bo‘lgandi, hozir u “Lokomotiv” (Moskva)da ishlayapti. Zoran Jekich va Qozog‘istondagi faoliyatim davomida Yeryomenko, Stoilov, Babayan, Grigorchuk, hozir esa Ro‘ziqul Berdiyev mening ustozim hisoblanadi. U juda ham yaxshi inson. Milan Milanovich faoliyatimda juda katta ahamiyat kasb etadigan mutaxassis. U bilan 4-5 jamoada birga ishlaganman.

- “Nasaf”da mavsum davomida moliyaviy qiyinchiliklar yuz berdi. Ana shunday paytda klubdan ketish haqida o‘ylab qolmadingizmi?
- Bu muammolar bor edi, biroq asta-sekinlik bilan ushbu masala hal bo‘lyapti. Shunday bo‘lsa ham xayolimga klubni tark etish haqidagi fikr kelmagan. Moliyaviy muammolar albatta o‘z yechimini topadi.

- Bilishimcha, siz Moldova chempionatida sovrindor bo‘lgansiz. “Nasaf” bilan esa kumush medalni qo‘lga kiritdingiz. Bu siz uchun qanday ahamiyat kasb etadi?
- Ha, ikki marta Moldova chempioni bo‘lganman. Bir marta Superkubokni yutganmiz. “Astana” bilan esa Qozog‘iston chempioni va Superkubogini yutganmiz. Ammo u yerda mavsum yarmidan o‘ynaganman. Shuningdek, “Sherif” va “Astana” bilan Yevropa ligasining 1/16 final bosqichida qatnashgandim. “Nasaf” bilan qo‘lga kiritilgan kumush medal juda muhim. Chunki biz juda yosh o‘yinchilardan iborat jamoamiz. Shuning uchun ham buni yaxshi natija sifatida qabul qilsa bo‘ladi.

- Ro‘ziqul Berdiyevga qanday ta’rif berasiz?
- Ro‘ziqul Berdiyev o‘z vaqtida zo‘r o‘yinchi bo‘lgan ekan. Endi u jamoani yaxshi boshqarib, murabbiy sifatida ham qo‘lidan ish kelishini isbotlab kelmoqda. Asosiysi, ustozimiz biz o‘yinchilar bilan ko‘p vaqtini birga o‘tkazadi. Ayniqsa, murabbiyning yosh futbolchilar bilan birga ishlayotgani meni hayron qoldirmoqda.

- Tushunarliki, “Nasaf” O‘zbekiston Kubogini ham qo‘lga kiritmoqchi. Ammo bu yo‘lda “Paxtakor” yaqqol favorit ekanligini hamma bilib turibdi...
- Avvalo bizni oldinda juda murakkab o‘yin kutib turibdi. Yarim finalda AGMKga qarshi to‘p suramiz. Biz hozirda faqat bo‘lajak o‘yin haqida bosh qotiryapmiz.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Marko Stanoyevich: Takliflar yetarli, ammo Qarshida qolmoqchiman, "Nasaf"ga Cheran taklif qilgan