21:57 / 17.12.2020
2 160

Eldor Shomurodov asosiy tarkib hujumchisi ekanini isbotladi

Eldor Shomurodov asosiy tarkib hujumchisi ekanini isbotladi
A Seriyada “Jenoa” va “Milan” o‘rtasidagi bahs o‘n ikkinchi turning eng qizg‘in bellashuvlaridan bo‘ldi. Albatta, uchrashuv oldidan musobaqa peshqadami, mag‘lubiyatsiz seriya bo‘yicha rekordchi, yulduzli tarkibga ega bo‘lgan “Milan”ning imkoniyat yuqori baholangandi. Qolaversa, milanliklar Genuyaga kelgunga qadar, mag‘lubiyatsiz o‘yinlari sonini 23 taga yetkazib, gol urilgan uchrashuvlar seriyasini 30 tadan oshirgandi.

Mavsum boshidan karantin va jarohatlar iskanjasida qolgan “Jenoa” endi-endi o‘z o‘yinini topishga harakat qilmoqda. “Milan”ga qarshi to‘qnashuvda Rolando Maran hujum chizig‘ida yangi usulni qo‘lladi. Avvalgi o‘yinlardan farqli o‘laroq, bu gal o‘tkir hujumchi vazifasini Mattia Destroga topshirdi. Eldor Shomurodov orqaroqdan hujum qilgan bo‘lsa, Marko Pyatssa yashirin hujumchi va qanot yarim himoyachisi sifatida o‘ynadi.

O‘yin tahlili bilan shug‘ullangan xorijlik mutaxassislar Eldor Shomurodovning faol harakatlarini alohida tilga olmoqda. O‘zbek hujumchisi jiddiy raqibga qarshi bor mahoratini ko‘rsatishga urindi. Qolaversa, “Jenoa” tarkibida 7 ta markaziy hujumchi borligi ham raqobatni borgan sari kuchaytirmoqda.

Eldor yuqori texnikasini ishga solib raqibni aldab o‘tgan holatlar kuzatildi. Avvalgi o‘yinlarda legionerimiz bu usuldan kam foydalanardi. O‘z navbatida, “Milan”ning metin himoyachilari ham Eldorga qarshi tom ma’noda qattiq o‘ynadi. Ayniqsa, Alessio Romanoli. U oltinchi daqiqadayoq hamyuritimizni yiqitdi. Birinchi bo‘lim o‘rtalarida esa, uning Shomurodovga ishlatgan qo‘polligi sariq kartochkaga loyiq ko‘rildi.

32-daqiqada Eldor o‘zaro duelda Romanolini ortda qoldirib, jarima maydoni ichiga ajoyib tarzda to‘pni yetkazib berdi. Biroq, Sandro Tonali xavfli vaziyatni bartaraf etdi.

Birinchi gol Shomurodovning mehnatlari samarasida urildi. U o‘z uslubida, bir necha soniya ichida aylanib, aniq zarba berdi. Zarbani Italiyaning bugungi kundagi eng kuchli darvozaboni Janluiji Donnarumma qaytardi. To‘pga birinchi kelgan Destro hisobni ochdi.

Umuman olganda, Shomurodov jamoasining kuchli raqib bilan 2:2 hisobida durang o‘ynab, ochko olishiga munosib hissa qo‘shdi. Eldorning 85-daqiqada zaxiraga olinishi, hisobni ushlab qolishga qaratilgan taktik qaror bo‘ldi.

Hujumchimiz o‘yin davomida raqiblarini muvaffaqiyatli aldab o‘tishdan tashqari ikki marta aniq zarba berdi va bir marotaba raqib hujumini bartaraf etdi. Bu gal to‘p uzatishlarda o‘ta sifatli o‘ynadi. Eldor uzatgan 28 ta pasdan 24 tasi manzilga aniq yetib bordi. Bu yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Futbolchilarning o‘yinini baholashga ixtisoslashgan Whoscored sayti o‘zbekistonlik legionerga 6,6 ball qo‘ydi. Bu “Jenoa”ning aksariyat o‘yinchilaridan yuqori ko‘rsatkich. Bir so‘z bilan aytganda, jamoaning “Milan”ga qarshi muvaffaqiyatli o‘yinida yetakchilardan biri bo‘lgan Shomurodov boshlang‘ich tarkibga loyiq futbolchi ekanini yana bir bor isbotlab qo‘ydi.

Endi “Jenoa” A Seriyadagi navbatdagi uchrashuvini 20 dekabr kuni mavsum debyutanti “Benevento”ga qarshi o‘tkazadi. Genuyalik muxlislar “Milan”dan ochko olgan futbolchilardan bo‘lajak bahsda faqat g‘alaba kutmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)