23:40 / 27.12.2020
3 380

Osiyoga otlangan o‘zbek futbolchilari. Kim qayerga ketmoqda?

Osiyoga otlangan o‘zbek futbolchilari. Kim qayerga ketmoqda?
Osiyo futbolida jadallik bilan rivojlanib bormoqda. Qit’amizning ko‘plab mamlakatlari milliy chempionatlarida muvaffaqiyatga erishishni istagan jamoalar Yevropa, Afrika va Janubiy Amerikadan mahoratli charm to‘p ustalarini olib kelmoqda. Qolaversa, moliyaviy tomondan qudratli bo‘lgan Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va arab mamlakatlari jamoalari yulduz darajasidagi futbolchilar va murabbiylarni taklif etayotgani ham oddiy holatga aylanib qoldi.

Yer kurrasida eng katta maydon va eng ko‘p aholiga ega bo‘lgan qit’amizning futboli rivojlangan va rivojlanib borayotgan mamlakatlarida o‘zbekistonlik futbolchilarning xizmatiga ham ehtiyoj tug‘ilmoqda. Xorijga ko‘p futbolchi chiqarish mamlakat futboli rivojiga turtki bo‘lishini inobatga olsak, hamyurtlarimizning legionerga aylanishi milliy futbolimiz ravnaqi uchun ham ayni muddaodir.

Biz muxlislar e’tiboriga Osiyo mamlakatlari jamoalari bilan hamkorlik qilayotgan va yangi mavsumda legioner maqomini olish harakatida bo‘lgan futbolchilarimiz haqidagi ma’lumotlarni havola etamiz.

Odil Ahmedov
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardorining Chin yurtida yana ikki yil qolishi hal bo‘ldi. Rossiya chempionatidan keyin bir necha jahon futboli yulduzlari bilan birga “Shanxay SIPG” jamoasida porlagan Odil Ahmedov yozda “Tyanszin Teda” klubiga ko‘chib o‘tgandi.

Xitoy Superligasidagi joyini saqlab qolgan bu jamoa o‘zbekistonlik yarim himoyachi bilan yana ikki yillik shartnoma tuzdi.

Mirzohid Mamatxonov
Pro-ligada G‘uzorning “Sho‘rtan” klubi sharafini himoya qilgan darvozabon Mirzohid Mamatxonov noyabrda Maldiv orollari chempionatida ishtirok etadigan yangi jamoa “Super Yunayted sports” safiga qo‘shilgan edi.

Bu klub darvozabonimizning o‘yinlarini internet tarmoqlaridagi translyatsiyalardan ko‘rib, keyin o‘ziga chorladi. Mirzohidning jamoasi kelasi mavsum chempionlik va mamlakat kubogi g‘olibligi uchun kurashadi. “Super Yunayted sports”ning asosiy maqsadi OFK kubogiga yo‘llanma olish.

Jaloliddin Masharipov
Superligamizning eng kuchli futbolchilaridan biri sifatida e’tirof etilayotgan Jaloliddin Masharipov anchadan beri turli mamlakatlar klublaridan taklif olayotgani ma’lum edi. Nihoyat, u ham legionerga aylanmoqda.

Futbolchining otasi saytimizga bergan intervyusida o‘g‘li Saudiya Arabistonining "Al-Nasr" klubiga o‘tayotganini aytdi.

Otabek Haydarov
Mavsum yakunlariga ko‘ra, Superligaga yo‘l olgan “Turon” jamoasini iqtidorli hujumchi Otabek Haydarov ham Maldiv orollariga yo‘l oldi.
Bu mamlakatda yangi mavsum boshlandi. Ushbu chempionatda Otabek “Da Grande” jamoasi sharafini himoya qilmoqda. Hamyurtimiz o‘zining birinchi uchrashuvida gol urdi va golli pas muallifi bo‘ldi. Otabek Haydarov uchrauvning eng yaxshi o‘yinchi, deb e’tirof etildi.

Aziz Turg‘unboyev
Superligada 25 ta o‘yinda 8 ta gol urgan “Navbahor” yetakchisi Aziz Turg‘unboyevga chetdan jiddiy chorlovlar bo‘lyapti. Ma’lum bo‘lishicha, unga yaqinda Portugaliya klubidan qiziqish bo‘lgan.

Qolaversa, Turg‘unboyevni o‘z safida ko‘rmoqchi bo‘lgan Osiyo jamoalar safi oshib bormoqda. Odatga ko‘ra, transfer hal bo‘lmagunicha, klublar nomi oshkor qilinmayapti.

Artyom Filiposyan
Tajribali himoyachi Artyom Filiposyan Indoneziyadan qaytib kelib, “Lokomotiv” klubining mashg‘ulotlarida ishtirok etayotgan edi.
Sports.uz saytining aniqlashicha, Filiposyan Tailand chempionatida to‘p suradi. Bu albatta birinchisi emas. Avval ham Artyom u yerda faoliyat olib borgan va bu gal yana sobiq klubi - “Prachuap”ga qaytadigan bo‘ldi.

Rustam Ashurmatov
Janubiy Koreyaning “Gvangju” klubida ishonchli to‘p surgan hamyurtimiz Rustam Ashurmatov legioner sifatida ko‘pchilikning e’tiborini qozondi. Uning shartnomasi kelasi yilning fevraligacha davom etadi. Iste’dodli himoyachi ayni paytda unga qator jamoalardan chorlovlar borligini va fevralgacha ularni o‘rganib chiqib, keyin qaror qabul qilishini bildirdi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Rustamga Koreyaning kuchli klublari qatorida Osiyoning boshqa chempionatlari va Rossiyadan ham qiziqishlar bo‘lmoqda.

Islom To‘xtaxo‘jayev
Xitoy chempionatida to‘p surgan Islom To‘xtaxo‘jayev klubi – “Shenyan Urban” birinchi divizionda jon saqlab qoldi. Oxirgi uchrashuvda esa, futbolchimiz o‘z hisobiga gol yozib qo‘ydi va jamoasining bir ochkoni qo‘lga kiritishida hissasini qo‘shdi. Islomga takliflar yetarli. “Shenyan Urban” bilan shartnomasini avtomatik tarzda yana bir yilga uzaytirish imkoni bor. Bungacha, tajribali himoyachi klub rahbariyati bilan yana bir bor gaplashib, o‘z talablarini aytmoqchi.

Sharof Muhitdinov
"Nasaf" yarim himoyachisi Sharof Muhitdinov legionerga aylanishga yaqin turibdi. Ma’lum bo‘lishicha, Sharof ayni damda BAAda yangi jamoasi safida ko‘rikdan o‘tmoqda. Manbaning xabar qilishicha, bu jamoa katta ehtimol bilan "Shabab Al-Ahli" bo‘lishi mumkin.

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Muhitdinov "Paxtakor" bilan kelishuvga erishgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Ma’lumot uchun, "Shabab Al-Ahli" safida hamyurtimiz Aziz G‘aniyev ham to‘p tepadi.

Javlon Guseynov
Bu futbolchimiz faoliyatini Indoneziya chempionatida davom ettirishi hal bo‘lgan masalasi. U Indoneziyada o‘tgan mavsumdan beri to‘p surib kelmoqda. Guseynov “Borneo” klubi bilan ikki yillik yangi shartnoma imzolagan. Yangi mavsum esa kelasi yilning fevral oyidan start olishini ham aytib o‘tdi. Guseynov “Borneo” klubining sardori va yetakchisi hisoblanadi. Shu sababli bu jamoa hamyurtimizni qo‘yib yuborishni istamagan holda yakuniga yetayotgan shartnomani uzaytirishga erishishdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Osiyoga otlangan o‘zbek futbolchilari. Kim qayerga ketmoqda?