13:06 / 03.01.2021
2 814

Shomurodovga yangi imkoniyat tug‘ildi...

Shomurodovga yangi imkoniyat tug‘ildi...
Bugun Italiya A Seriyasining yangi yildagi ilk uchrashuvlari o‘tkaziladi. Yangi bosh murabbiy Davide Ballardini qo‘l ostidagi “Jenoa” o‘z maydonida mamlakatning yetakchi klublaridan bo‘lgan “Latsio”ni qabul qiladi.

Sir emaski, ushbu uchrashuv oldidan mutaxassislar rimliklarning g‘alabasiga ishonch bildirmoqda. Bunga sabablar yetarli, albatta. “Latsio” hozir genuyaliklar jamoasidan har tomonlama ustunligini hamma biladi.

Joriy mavsumda “Jenoa” o‘z o‘yinini topa olmayotgan va ligada qolish uchun kurashayotgan bir paytda, “Latsio” sakkizinchi o‘rinda bormoqda. Rimliklar 14 ta o‘yindan oltitasida zafar quchgan va uch marotaba durang o‘ynagan. Shunga qaramay, “Latsio”ning bu natijalari ularning imkoniyatidan ancha past baholanmoqda. Chunki Simone Indzagi shogirdlari asosiy e’tiborini Yevropa Chempionlar ligasiga qaratdi va bu turnirning guruh bosqich bellashuvlarini muvaffaqiyatli yakunlab, pley-offga yo‘llanma oldi.

“Jenoa” va “Latsio” jamoalarining o‘zaro o‘yinlari statistikasi ham mehmonlarning qudratliroq ekanidan dalolat bermoqda. Ularning oxirgi 11 ta uchrashuvida genuyaliklar rimliklarni faqat ikki marta taslim qilgan va ikki marotaba durang qayd eta olgan xolos. “Latsio” o‘zaro bahslardagi g‘alabalari sonini yettitadan sakkiztaga yetkazib qo‘yishi kutilmoqda.

O‘zbek futbol muxlislari uchun eng dolzarb masala – Eldor Shomurodovning o‘yinga tushish imkoniyati qanday ekanidir. Davide Ballardini bugungi o‘yin uchun e’lon qilingan qaydnomaga to‘rtta hujumchini kiritdi. Bular – Mattia Destro, Marko Pyatsa, Janluka Skamakka va Eldor Shomurodov.

O‘tgan o‘yinda Shomurodovning o‘rniga o‘ynagan Ballardinining xos shogirdi Goran Pandev bugun maydonga tushmaydi. Shunday bo‘lsa-da, mutaxassislar bosh murabbiy bu o‘yinda ham o‘zbek futbolchisini asosiy tarkibga kiritmasligini taxmin qilmoqda.

Shu o‘rinda, Eldorning o‘yin uslubi “Latsio”ga qarshi bahsda qo‘l kelishi mumkinligini izohlayotgan mutaxassislar ham yo‘q emas. Rimliklar mezbonlardan har tomonlama kuchli bo‘lganiga qaramay, A Seriyada barqaror o‘yin ko‘rsata olmayotgani genuyaliklarda imkoniyat borligini anglatadi. “Latsio” keyingi oltita uchrashuvda o‘nta gol o‘tkazdi. Jamoaning tayanch zona va himoyadagi zaifligidan “Jenoa” hujumchilari foydalanishi shart.

Tahlillarga qaraganda, “Latsio” yuqoridan keladigan to‘plar uchun kurashda g‘olib chiqish bo‘yicha A Seriya jamoalari o‘rtasida 11-pog‘onada qayd etilgan. Bu past ko‘rsatkich. Shomurodovning yuqoridan keladigan to‘plarni egallash va “ikkinchi qavat”dagi yakkakurashlardagi ustunligi unga gol urish imkonini berishi aytilmoqda.

Murakkab tomoni shundaki, “Latsio” aksariyat uchrashuvlarda uchta markaziy himoyachi bilan o‘ynaydi va himoyaga e’tibor qaratadi. Patris va Radu kabi himoyachilarning tezligi ancha baland. Eldorning asosiy ustunliklaridan biri hisoblangan tezlik “Latsio”ga qarshi o‘yinda ish bermasligi mumkin.

Bu omilni hisobga olgan ekspretlar, Davide Ballardini agar Eldorni o‘ynatishga qaror qilgan bo‘lsa, uni zaxiradan maydonga tushirishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Chunki, Shomurodov o‘z tezligi evaziga o‘yin davomida kuch yo‘qotgan raqib himoyachilaridan qochib ketish imkoniga ega bo‘ladi.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, tarkibni bosh murabbiy tanlaydi. Ballardinining ham Shomurodov bo‘yicha o‘z rejasi borligi aniq. Faqat bu reja qandayligini hech kim bilmaydi. Vaqt o‘tgan sari undan voqif bo‘lib boraveramiz. Balki bosh murabbiy Pandevning yo‘qligidan foydalanib, aynan bugun Eldorga imkon berar...

Hammamiz kutayotgan uchrashuv bugun Toshkent vaqti bilan 19:00 da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovga yangi imkoniyat tug‘ildi...