20:18 / 12.01.2021
3 356

Ertaga Shomurodov – Ronaldu dueli!

Ertaga Shomurodov – Ronaldu dueli!
13 yanvar kuni Italiya kubogining nimchorak final uchrashuvlari boshlanadi. O‘zbekistonlik futbol muxlislari uchun ahamiyatli o‘yin Turinda bo‘lib o‘tadi. Unda Eldor Shomurodovning “Jenoa”si Krishtianu Ronalduning “Yuventus”iga qarshi saf tortadi.

Geniyaliklar 1/8 finalgacha ikkita uchrashuv o‘tkazdi. Musobaqani uchinchi bosqichdan boshlagan “Jenoa” dastlab, quyi liga vakili “Katandzaro” jamoasi ustidan 2:1 hisobida zafar quchdi. Keyingi bellashuvda “Sampdoriya”ga qarshi o‘tgan “Genuya derbisi”da “Jenoa” Eldor Shomurodovning yordami bilan 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.

“Yuventus” Italiya kubogi bellashuvlariga nimchorak finaldan qo‘shildi va ertaga ilk uchrashuvini o‘tkazadi. Albatta, uchrashuvdan oldin muxlisu mutaxassislarning aksariyati “Yuventus” jamoasining qudratini inobatga olgan holda, mezbonlarning mutlaq g‘alaba qozonishiga ishonch bildirmoqda. Zotan, Andrea Pirlo oldiga “Yuventus” qatnashayotgan barcha musobaqalarda g‘olib chiqish vazifasi yuklatilgan.

Turinliklar 2021 yilni uchta g‘alaba bilan boshladi. Pirlo shogirdlari “Udineze”ni 4:1, “Milan” va “Sassuolo”ni bir xil – 3:1 hisobida taslim etdi. E’tiborli jihati, Janluiji Buffon va Voysex Shchensni singari mahoratli darvozabonlari bor jamoa har bir uchrashuvda gol o‘tkazmoqda. Bo‘lajak uchrashuvda bu Eldor Shomurodov boshchiligidagi “Jenoa” hujumchilariga qo‘l kelishi mumkin.

“Jenoa”da yangi yil oldidan bosh murabbiy almashgani jamoaning o‘yiniga ijobiy ta’sir qildi. Davide Ballardini boshchiligida genuyaliklar “Spetsiya” va “Bolonya”ni yengdi, “Latsio”dan bir ochko oldi va faqatgina o‘zidan kuchli bo‘lgan “Sassuolo”ga yutqazib qo‘ydi.
Shu o‘rinda, genuyaliklar so‘nggi to‘qqizta o‘yindan sakkiztasida raqiblar darvozasiga yo‘l topa olganini ham ta’kidlash joiz.

Umumiy hisobda, “Yuventus” va “Jenoa” o‘zaro 158 marotaba kuch sinashgan. Shulardan 88 ta uchrashuvda turinliklarning qo‘li baland kelgan. Genuyalik futbolchilari 38 marotaba “Yuventus” ustidan zafar quchgan. Yana 32 ta bellashuvda kuchlar teng kelgan.

Italiya kubogi doirasida bu ikki jamoa bir biri bilan 11 marotaba to‘qnashgan. Bu bahslarda “Yuventus” sakkizta g‘alaba, ikkita durang va bitta mag‘lubiyat qayd etgan.

Ushbu jamoalarning oxirgi o‘zaro uchrashuvi o‘zbekistonlik muxlislarning e’tiborini qozonganini eslatib o‘tmoqchimiz. A Seriyaning 11-turida 13 dekabr kuni Genuyada bo‘lib o‘tgan bellashuvda turinliklar 3:1 hisobida zafar quchgandi. O‘sha o‘yinda Eldor Shomurodov katta tezlikda hujumga otlangan Krishtianu Ronalduga yetib olib, undan to‘pni olib qo‘ygandi.

Bu gal Eldor Shomurodov turinliklarga qarshi katta ishtiyoq bilan to‘p surishi aniq. Chunki avvalgi bahsdan beri hamyurtimizning o‘yini ancha kuchaydi, o‘zi Italiya futboliga ko‘proq moslashib oldi. Qolaversa, keyingi paytda “Yuventus” Shomurodovga qiziqayotgani haqida ko‘p gapirilmoqda. Buni Eldorning o‘zi ham eshitgani va bilishi aniq.

Shundan kelib chiqib, Shomurodov Turindagi bellashuvda ham bor mahoratini ishga solishga harakat qiladi. Darhaqiqat, “Yuventus” va “Jenoa” uchrashuvi g‘olibi keyingi bosqichda “Sassuolo” va SPAL to‘qnashuvida zafar quchgan jamoa bilan bellashadi.

“Yuventus” – “Jenoa” uchrashuvi 13 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan tungi 00:45 da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ertaga Shomurodov – Ronaldu dueli!