13:05 / 25.01.2021
2 908

“Jenoa”ga g‘alaba keltirgan golli vaziyatni Shomurodov yaratdi!

“Jenoa”ga g‘alaba keltirgan golli vaziyatni Shomurodov yaratdi!
Italiya A Seriyasining 19-turiga kelib, “Jenoa” xavfli hududdan uzoqlashib oldi. Yangi yil oldidan oxirgi o‘ringa tushib qolgan jamoani qabul qilib olgan Davide Ballardini sekin-asta vaziyatni o‘nglamoqda.

Genuyalik futbolchilar yangi bosh murabbiy qo‘l ostida A Seriyada uchta g‘alaba, ikkita durang va bitta mag‘lubiyat qayd etdi. Bu o‘yinlarda 11 ochko olindi va 7 ochko boy berildi. Yuqori ligada qolish uchun kurashayotgan jamoa uchun yaxshi ko‘rsatkich. Umuman olganda esa, “Jenoa” qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga bo‘yicha o‘zidan yuqori turgan “Udineze” va “Spetsiya” bilan bir xil ochko jamg‘argan. Uchta jamoa hisobida 18 tadan ochko bor.

Biz uchun muhim jihati, “Jenoa”ning muvaffaqiyatlarida Eldor Shomurodovning hissasi katta bo‘lmoqda. Yangi bosh murabbiyning ham ishonchini qozona olgan hamyurtimiz “Kalyari”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda ham faol o‘ynadi.

Mezbonlarga g‘alaba keltirgan yagona golli vaziyatni ham aynan o‘zbekistonlik legioner yaratdi. Jarima maydoniga tezlikda kirib kelgan Eldor aldamchi harakatlar bilan raqib markaziy himoyachilari Luka Cheppitelli va Diyego Godinni dog‘da qoldirdi va yangi jamoadoshi Kevin Strotmanga aniq pas oshirdi. Niderlandiyalik futbolchi esa, Mattia Destroni qulay pozitsiyaga chiqardi. Shu tariqa, “Jenoa” o‘ninchi daqiqada hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi.

Umuman olganda, “Jenoa” hujumchilari orasida Eldor Shomurodov va Mattia Destro tandemi eng kuchlisi hisoblanadi. Bu ikki futbolchi birga o‘ynagan vaziyatlarda jamoa ko‘p gol urmoqda. Bunda Eldor Shomurodov golli vaziyatlarni yaratmoqda, Destro esa so‘nggi nuqtani qo‘ymoqda.

“Kalyari”ga qarshi o‘yinda hamyurtimizda ham to‘p kiritish imkoniyati bo‘ldi. U raqib darvozasi tomon uch marta zarba bergan bo‘lsa-da, darvozani ishg‘ol eta olmadi. Negadir Eldor gol urishda masalasida oqsamoqda.

Bundan tashqari, Shomurodov uchrashuv davomida jamoadoshlariga 23 ta uzatma berdi. Ularning 65 foizi aniq bo‘ldi. Shuningdek, Eldor yakkama-yakka kurashlarda uch marta g‘olib chiqdi, bir marta raqibini aldab o‘tdi va bir bor o‘tkir hujum uyushtirdi.

Shomurodov bellashuvning 76-daqiqasida o‘z o‘rnini Marko Pyatssaga bo‘shatib berdi. Uchrashuvda futbolchilarning o‘yinini baholab borgan Whoscored sayti hamyurtimizni 6,5 ballga baholadi.

Bir so‘z bilan aytganda, Eldor o‘zi gol urolmagan bo‘lsa-da, jamoasiga qimmatli uch ochkoni keltirgan golli vaziyatni yaratib berish orqali muhim g‘alabaga munosib hissa qo‘shdi.

A Seriyaning 20-turida “Jenoa” ligada qolish uchun kurashayotgan yana bir jamoa – “Krotone”ga qarshi o‘ynaydi. Bu jamoalar birinchi turda o‘zaro bellashgan va genuyaliklar o‘z maydonida 4:1 hisobida zafar quchgan edi. O‘shanda Shomurodov hali “Jenoa” tarkibiga qo‘shilmagan edi. Navbatdagi o‘yin “Krotone” maydonida bo‘ladi.

Bo‘lajak raqib ayni paytda yaqqol autsayder hisoblanadi. Ular hisobida atigi 12 ochko bor va so‘nggi o‘rinda borishmoqda. “Jenoa” uchun musobaqa jadvalining quyi pog‘onalaridagi jamoalarni yengish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchi hisoblangan jamoalar bilan o‘yin, futbol tili bilan aytganda, olti ochkolik bellashuv bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Jenoa”ga g‘alaba keltirgan golli vaziyatni Shomurodov yaratdi!