00:13 / 14.02.2021
1 875

Ravshan Haydarov: "Futbolchilarning aksariyatida xalqaro tajriba yo‘q"

Ravshan Haydarov: "Futbolchilarning aksariyatida xalqaro tajriba yo‘q"
Xabaringiz bor ayni kunlarda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi poytaxtimizda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda.
Jamoa a’zolari bugun yig‘in doirasidan o‘rin olgan ilk nazorat uchrashuvida "Andijon"ga qarshi maydonga tushishdi (1:0). Ushbu bahsdan so‘ng olimpiya terma jamoamiz bosh murabbiyi Ravshan Haydarov fikrlarini bildirib o‘tdi.

- Ravshan Akmalovich dastlab shu kunlarda Toshkentda o‘tkazilayotgan yig‘in va tarkibga chaqirilgan futbolchilar haqida fikr bildirib o‘tsangiz...
- O‘tgan mavsumda olib borgan uchta yig‘inimizda tarkibni shakllantirish ishlarini boshlagan edik. Mazkur jarayon hamon davom etmoqda. Ushbu yig‘inimizdaga ham bir nechta yangi nomlarni taklif qildik. Marlen Chobanov, Shahzod Azmiddinov, Kamron Saidazimovlar o‘zlarini ko‘rsatishga harakat qilishmoqda, deya olaman. 2020 yilda Belarus chempionatida to‘p tepgan Humoyunmirzo Iminovni avvalgi yig‘inlarga chaqira olmagandik, uni ham sinovdan o‘tkazyapmiz. Ko‘proq nazorat bahslari o‘tkazishni reja qilganmiz. Shu orqali ularning qanday holatda ekanligini, qaysi chiziqlarda kim kuchli ko‘rinayotganligini bilib olamiz. Superliga jamoalariga qarshi bellashuvlar futbolchilarning qanday saviyadaligini ko‘rsatib beradi, deb o‘ylayman.

- Hozircha klublar bilan o‘ynash bilan cheklanilmoqda. Xorij terma jamoalari bilan o‘yinlar o‘tkaziladimi?
- Shu tomondan biroz qiyinchilikka duch kelyapmiz. Biz borgan taqdirimizda u yerga terma jamoalarni kelishi muammo tug‘diradi. Umid qilamanki, mart oyida FIFA kunlarida buning imkoni bo‘ladi. Futbolchilarning o‘z tengqurlari bilan o‘ynashi muhimdir. Superliga klublari bilan to‘p tepib o‘yinimizni shakllantirishimiz mumkin. Lekin, xalqaro o‘yinlarning darajasi baribir boshqacha. Chunki, yigitlarning aksariyatida xalqaro tajriba yo‘q. Superliga jamoalarini yutib o‘zimizni aldab qo‘ymayapmizmi degan savolni o‘zimga o‘zim beryapman.

- Olimpiya terma jamoasining bu yig‘inida bo‘ydor futbolchilarning ko‘p ekanligaga guvoh bo‘lmoqdamiz...
- Ha, to‘g‘ri. Hozirgi jamoada bo‘y jihatdan kuchliroq.

- Bu siz murabbiylik qilayotgan uchinchi terma jamoa hisoblanadi. Bu jamoa avvalgilariga qaraganda kuchsizroqdek ko‘rinmoqda...
- Uchinchi terma jamoani shakllantiryapmiz. Tarkibga o‘rinbosarlar jamoalaridan, Pro liga klublaridan futbolchilar jalb qilganmiz. O‘z-o‘zidan ular terma jamoaga jalb qilingach klublarida ham asosiy tarkibga kirishga intilmoqda. Murabbiylar ham ishonch bildirishadi, degan umiddaman.

Abdulaziz Iskandarov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ravshan Haydarov: "Futbolchilarning aksariyatida xalqaro tajriba yo‘q"