23:00 / 01.03.2021
2 378

"Nasaf" posbonini Qatarda hujumchi sifatida gollar urganini eshitganmisiz?

"Nasaf" posbonini Qatarda hujumchi sifatida gollar urganini eshitganmisiz?
O‘tgan yili eng yaxshi yosh futbolchi nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan Abduvohid Ne’matov endi ko‘pchilik yaxshi taniydi. Qisqa fursatlar ichida tez o‘sishga erishayotgan iste’dodli posbon o‘z mehnati bilan “Nasaf”ning birinchi raqamli darvozaboniga aylandi. Uning kelajagi porloq va yana o‘sishda davom etyapti.

“Superkubokni qashqadaryolik muxlislarga olib kelamiz”
Bilasiz, 6 mart kuni “Nasaf” Samarqandda O‘zbekiston Superkubogi uchun uchrashuvda “Paxtakor” bilan o‘ynaydi. Ne’matov dastlab sports.uz muxibriga o‘yinga tayyorgarlik haqida gapirdi.

- Avvalo, yaqinlashib kelayotgan yangi futbol mavsumi bilan barchani tabriklayman. 2020 yil barcha soha egalari uchun pandemiya tufayli juda qiyin bo‘ldi. Shu qatorda futbolni ham chetlab o‘tmadi. Xudo xohlasa, yangi mavsum ko‘tarinki ruhda o‘tadi. Bu yil ilk rasmiy o‘yinimiz “Paxtakor” jamoasi bilan o‘tkaziladi. Shubhasiz, Superkubokni qo‘lga kiritish uchun o‘ynaymiz. Ushbu uchrashuvga 100 foiz tayyormiz. Oldimizda yana bir necha kun bor. Ro‘ziqul Berdiyev davolanyapti. O‘rniga Shuhrat Toshpo‘latov mashg‘ulotni o‘tkazib turibdi. Lekin Ro‘ziqul Sa’dullayevich mashg‘ulotlarga kelib, kamchiliklarni ko‘rsatib turibdi. Nasib qilsa, albatta Superkubokni qo‘lga kiritamiz. Uni qashqadaryolik muxlislarimizga olib kelamiz. Ishonamanki, o‘yin juda ajoyib o‘tadi.

“Yaqin-yaqingacha hujumchi edim”
Ne’matov bilan eng qiziq jihat shundaki, u katta futbolga kirib kelganida boshqa pozitsiyada o‘ynaganini bilasizmi? Himoyada ham, hujumda ham to‘p surgan. Darvozabonlikka o‘tganiga esa hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Aslida hammasi qanday yuz bergan? Bu borada maqolamiz qahramoni shunday dedi:

- To‘g‘ri, akademiyada o‘qib yurganimda maydonda boshqa pozitsiyada o‘ynaganman. Ya’ni, himoyachi bo‘lib to‘p surardim. Shuningdek, hujum chizig‘ida ham harakat qilganman, yaqin-yaqingacha. 2017 yilda Qatarda akademiyalar o‘rtasida xalqaro turnir o‘tkazilgan. O‘shanda bizni ham taklif qilishgan. Men esa o‘sha turnirda hujumchi bo‘lib to‘p surganman. 3 ta uchrashuvda 3 ta gol urganman. O‘zimning tengqurlarim bilan o‘ynardim. Keyinchalik Ro‘ziqul aka menda ko‘proq darvozabonlik xususiyatlarimni ko‘ra olgan shekilli, darvozaga qo‘ya boshladi. Xudoga shukrki, posbon sifatida faoliyatimni davom ettirib kelyapman va yutuqlarga erishyapman. Dadam ham futbolga juda qiziqadi. Duolari bilan yutuqlarga erishib kelyapman.

O‘zimdan kattalar bilan o‘ynaganimda darvozaga turardim. Unchalik qiyin bo‘lmagan. Keyinchalik qo‘lqoplarni kiyganimdan keyin Denis Ivankov hamda Asliddin aka degan murabbiylar yordam berishgan.

To‘g‘risini aytsam har kuni Allohdan so‘rardim chin dildan. Ota-onam ham duo qilardi. Xudoga shukr, asta-sekin barcha o‘ylaganlarimizga erishyapman. Baxtimga ota-onam sog‘ bo‘lib, duo qilib tursalar, yanada ko‘p marralarni zabt eta olaman
.

“Ketganlar biz uchun yo‘qotish, ammo jamoamizda yana ajoyib futbolchilar bor”
“Nasaf”da Ne’matovning hurmati katta. Qishki yig‘in chog‘ida ayrim yetakchilar ketishdi. Ammo Abduvohid jamoani tashlab ketmadi. To‘g‘ri, moliyaviy muammolar baribir futbolchilarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shunga qaramay, Ne’matov klubda qoldi va bu borada quyidagilarni aytdi:

- Albatta, o‘rtada ancha muddat moliyaviy qiyinchilik bo‘ldi. Hozirga kelib bu muammolar deyarli yechildi. Lekin mahoratli o‘yinchilarimizdan ayrildik. Afsuski, yetakchi futbolchilarimizni saqlab qola olmadilar. Bu esa biz uchun katta yo‘qotish. Ammo hozir ham jamoamizda ajoyib futbolchilar bor. Xudo xohlasa, bu yil biz bemalol chempionlik uchun kurasha olamiz. Bundan oldin ham “Nasaf”dan ko‘plab o‘yinchilar ketishgan. Ammo Ro‘ziqul Berdiyev qo‘lidagi mahsulot bilan ko‘p narsaga erisha oladi. Mana, o‘tgan yili ham qiyin bo‘lishiga qaramay, “Nasaf”ni vitse-chempion qildi.

“Faoliyatimni Yevropada davom ettirishni istayman”
O‘tgan yilgi ajoyib o‘yinlardan keyin Ne’matov ham boshqalarning ishonchini qozondi. Natijada darvozabonni o‘z safida ko‘rishni xohlaganlar ko‘paydi.

- Ha, menga ham qiziqishlar bo‘ldi. Lekin qaysi klublar taklif bilan chiqqani sirligicha qolaversin. Albatta, xorijdan ham takliflar bo‘ldi. To‘g‘risi, hozir ham chetdan variantlar bor. Lekin “Nasaf” bilan ikki yillik shartnomam bor. Bu yog‘i jamoamga bog‘liq. O‘zim esa faoliyatimni Yevropada davom ettirishni istayman, - deydi bu haqida Ne’matov.

“Milliy termada hech kimga joy kafolatlanmagan”
Bundan tashqari, u turli yoshdagi termalarda to‘p surdi va mana milliy jamoamizga ham jalb etilyapti. Bu esa uni chindan ham futbolchi sifatida mahorati ortib borayotganini ko‘rsatadi.

- Terma jamoa libosini kiyish bu juda katta sharaf. Terma jamoada hech kimga joy kafolatlanmagan. U yerga borganimda menga anchadan buyon milliy termada to‘p surayotgan akalar yordam berishyapti. Murabbiylarning ko‘rsatmalarini ham to‘g‘ri bajarishga harakat qilyapman. Yurtimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarish uchun borimni beraman.

“Nasaf” akademiyasida yurganimda Umidjon Ergashevga havas qilardim. Bundan tashqari, Ignatiy Nesterov va Sanjar Quvvatovning o‘yinlarini ham kuzatardim. Umid aka Ergashev menga ko‘p yaxshiliklar qilgan. Akademiyada o‘qib yurgan kezlarimda menga qo‘lqop va butsalar berardi. Hozirga kelib bitta klubda o‘ynayapmiz va bir xonada yashayapmiz
, - dedi Abduvohid.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Nasaf" posbonini Qatarda hujumchi sifatida gollar urganini eshitganmisiz?