08:30 / 11.03.2021
1 946

Abramov: "29 mart kuni Toshkentda Iroq bilan o‘ynaymiz, ammo Yaponiya variantidan voz kechishimizga to‘g‘ri keldi"

Abramov: "29 mart kuni Toshkentda Iroq bilan o‘ynaymiz, ammo Yaponiya variantidan voz kechishimizga to‘g‘ri keldi"
Reja bo‘yicha mart oyida JCH-2022 saralash bahslarining navbatdagi uchrashuvlari o‘tkazilishi lozim edi. Biroq yana terma jamoalarning rasmiy uchrashuvlari qoldirildi. Bunga o‘sha pandemiya sabab.

Terma jamoalar ishtirokidagi bellashuvlarning qoldirilishi albatta milliy termamizni ham chetlab o‘tmadi. Ustiga-ustak 20 martdan keyin FIFA kunlari boshlanadi. Vadim Abramov boshchiligidagi bosh jamoamiz rasmiy o‘yinlar ortga surilayotgani bois asosan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari hamda o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazib kelmoqda.

Vakillarimizning oxirgi yig‘ini Dubayda o‘tkazilganidan xabaringiz bor. Xo‘sh, terma jamoamizning navbatdagi rejasi qanday? FIFA kunlarida yana nazorat uchrashuvlari tashkil etilishi mo‘ljallangan. Bu borada bosh murabbiy Vadim Abramov shunday dedi:

- Hozircha biz 20 martda navbatdagi yig‘inni tashkil etishga harakat qilyapmiz. Yodingizda bo‘lsa, Iroq bilan o‘rtoqlik maqomida uchrashish borasida kelishuv bor. Yana shuni aytishim kerakki, terma jamoamizda Yaponiyada ham o‘yin o‘tkazib kelish imkoniyati yo‘q emasdi. Biroq yuzaga kelgan vaziyat tufayli u yerga borgan taqdirimizda ham uch kun o‘tirishimiz kerak ekan. Chunki vaziyat shuni taqozo etadi. Shu bois Yaponiya variantidan voz kechishimizga to‘g‘ri keldi.

Biz bu yig‘inga chet elda to‘p surayotgan o‘yinchilarimizni ham chaqirishni rejalashtirib qo‘yganmiz. Agar yigitlar kechikmasdan 17 mart kuni Toshkentga yetib kelishsa shundan so‘ng Yaponiya safari bilan bog‘liq masalaga qaytish mumkin bo‘lardi. Shunday bo‘lgan taqdirda ham avval Seulda to‘xtash qilib, keyin Yaponiyaga uchishimiz va u yerda uch kun karantinda o‘tirishimizga to‘g‘ri keladi. U yerdan qaytgandan so‘ng, Iroq bilan bellashish esa juda qiyin bo‘ladi. Shu boisdan Yaponiya safarini qoldirishga qaror qildik.

Endi 25 mart kuni qanday jamoa bilan bellashish uchun raqib qidirishimizga to‘g‘ri keladi. Ehtimol, o‘sha o‘yin Toshkentda, balki yurtimizga yaqin bo‘lgan o‘zga yurtda o‘tishi ham mumkin. Faqat shunisi aniqki, 29 mart kuni Toshkentda Iroq bilan o‘rtoqlik uchrashuvida o‘ynaymiz, - dedi Abramov.

Eslatib o‘tamiz, milliy terma jamoamizni JCH-2022 saralash bahslari doirasida muhim o‘yinlar kutib turibdi. Biroq pandemiya sababli yana bir bor rasmiy bahslar ortga surildi. Endi Abramov terma jamoani yozgacha yanada yaxshiroq tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abramov: "29 mart kuni Toshkentda Iroq bilan o‘ynaymiz, ammo Yaponiya variantidan voz kechishimizga to‘g‘ri keldi"