20:27 / 27.03.2021
2 346

Lobanovskiy aytgan bashorat o‘zini oqlashga tushdimi? Yoki O‘zbekiston - Gana o‘yini mutaxassis nigohida

Lobanovskiy aytgan bashorat o‘zini oqlashga tushdimi? Yoki O‘zbekiston - Gana o‘yini mutaxassis nigohida
Kecha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Namanganda Gana termasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi va 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yinni ko‘pchilik ko‘rdi va har kimda turlicha taassurotlar qoldirdi. Lekin bu Ganani asosiy jamoasi emasligini ham hisobdan chiqarmaslik kerak.

AGMK klubi bosh direktori va milliy terma jamoamizning sobiq futbolchisi Muxtor Qurbonov terma jamoamizning Ganaga qarshi o‘yinini atroflicha muhokama qilgan holda o‘zining qarashlarini bildirdi.

- O‘yindan oldin matbuot anjumanini ko‘rdim, fikrlarni eshitdim, - deya gap boshladi, Qurbonov. - Bu Gananing qaysi jamoasi degan gaplar ham bo‘ldi. “B”mi, “S”mi, qaysi biri bo‘lishidan qat’iy nazar Vadim Abramov baribir bu Gana terma jamoasi ekanini aytdi. O‘yin ham turlicha kechdi. Qaysidir daqiqalarda vaziyatlar o‘zgarib turdi. Dastlabki 12 daqiqani ko‘rib 3-4 ta gol uramiz, bemalol yutamiz degan o‘ylar paydo bo‘ldi. 12-daqiqadan keyin o‘yin tenglashishni boshladi. Menda shunday fikr paydo bo‘ldiki, bu Gananing qaysi jamoasi bo‘lmasin, futbolchilari taktik tomondan yaxshi tayyorlangan.

Darvozabondan hujumchigacha hammasi kvadrat asosida o‘ynashga harakat qilishdi. Har bir pozitsiyadagi futbolchilar o‘zining missiyasini bajarishyaptiki, taktikaga katta e’tibor qaratishdi. Murabbiylari tomonidan ham o‘yinchilariga himoyalanganda yoki hujum qilganda qaysi futbolchi qayerda bo‘lishi aniq ko‘rsatilgani bilinib turibdi. Terma jamoamizga qaraydigan bo‘lsak, individual salohiyat ko‘zga tashlanib turdi. BAAda to‘p surayotgan Otabek Shukurov ham himoyada va hujumda taktik tomondan qanday o‘ynashni biladi. Futbolchilarimizning salohiyati, nimalarga qodirligidan kelib chiqib o‘yin tashkil qilindi.

Balki dastlabki 12 daqiqa ichida yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib hisob 2:0 yoki 3:0 bo‘lganida yanada boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi. Keyin Gana o‘yin sur’atini pasaytirdi. Raqibda o‘tkir hujumlar bo‘ldi deya olmayman. Lekin ular o‘yin ritmiga qarab harakatlanishdi. Nafaqat futbolda, balki jamoaviy sport turlarida ritm degan tushuncha bo‘ladi. Boya aytdim, bizda individual jihatdan yaxshi o‘ynaydigan futbolchilarimiz ko‘p. Lekin taktika ustida ko‘proq ishlashimiz kerak. O‘yin tempini o‘zimiz xohlagandek yo‘lga qo‘yishimiz ustida albatta ishlashimiz lozim. Bu o‘yin men uchun shuni ko‘rsatib qo‘ydi.

Gananing ushbu tarkibidan birorta o‘yinchisini tanimayman. 20 yil oldin Qozog‘iston klubi bilan Turkiya yig‘iniga borganimizda Slovakiya jamoasi bilan o‘ynaganmiz. Uchrashuvdan avval raqibning mashg‘uloti, xulq-atvorlarini ko‘rib 4-5 ta gol uramiz, degan o‘ylar bilan maydonga tushdik. Lekin to‘pni qayerga oshirsak, o‘sha yerda albatta raqib o‘yinchilari bo‘lardi. Taktik tomondan barcha hududlarni yopib qo‘yishgan. Xullas, o‘sha uchrashuvda 2:1 hisobida yutqazganmiz. Ganani ko‘rib o‘sha o‘yin esimga tushib ketdi. Gana terma jamoasi yaqqol texnik xatolari evaziga yutqazdi. To‘pni to‘xtatish, u bilan harakatlanishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yishdi. Lekin o‘yin holatini his qilish bo‘yicha ganaliklar bo‘sh kelishmadi.

Bu o‘yindan nima oldik? Ganadan texnika tarafdan nimadir o‘rganmadik. Albatta, terma jamoamiz bu uchrashuvni tahlil qilib chiqadi. Lekin Gana jamoasi uchrashuv boshidan oxirigacha o‘yin ritmiga moslasha olishini ko‘rsatib qo‘ydi. Biz ham bunga katta e’tibor qaratishimiz lozim. 25 yil oldin “Dinamo” Kiyev “Real” bilan o‘ynagandan keyin Valeriy Lobanovskiy mana ko‘rasizlar, vaqti kelib futbolda 10 kishi himoyada, 10 kishi hujumda o‘ynaydi, degan gapni gapirgan. Men ham bu gapning mohiyatini endi tushunib yetyapman.

Futbolda o‘yinchilarning pozitsiyasiga qarab himoyachi, yarim himoyachi va hujumchi deyilyapti. Ammo maydondagi barcha futbolchilar himoyada ham, hujumda ham birdek o‘ynay olishni bilishi kerak. Bizning jamoalarimiz ham shunga intilishlari kerak. Futbolchilarimiz individual jihatdan mahoratli. Ganaga qarshi uchrashuvda Anzur Ismoilov bilan Azim Ahmedov markaziy himoyachi sifatida o‘ynashdi. Ular hujumga bormaydi. Borganda ham faqat standart vaziyatlar paytida ko‘rishimiz mumkin.

Yevropa futbolini ko‘rsak, markaziy himoyachilar ham to‘p bilan yaxshi harakatlanib hatto hujumda paydo bo‘lib qolishlari ham mumkin. Men hali qanot himoyachilari haqida gapirmayapman. Murabbiy o‘yindan oldin qaysi vaziyatda nima bo‘lishini bilmaydi. U faqat taktik tomondan himoyalanish va hujum qilish to‘g‘risida gapiradi. Biroq o‘yin vaziyatlardan iborat bo‘lgani bois qaysidir holatda futbolchi qayerda bo‘lib qolishini hech bir murabbiy ayta olmaydi.

Bugungi futbolda qanot yoki markaziy himoyachisi ham hujumda paydo bo‘lib qolishi mumkin. Agar himoyachi oldinga o‘tib ketsa, uning o‘rnini yarim himoyachi to‘ldirishi darkor. Xullas, shaxsiy fikrim bo‘yicha zamonaviy futbolda 10 kishi himoyada va hujumda birdek o‘ynashi kerak. Buni men emas, yuqorida aytganimdek, bir necha yil oldin Lobanovskiy futbol shunga qarab ketyapti, deb aytib ketgan.

O‘yin shuni ko‘rsatdiki, Gana ko‘p jihatdan pastroq. Ammo o‘yin strukturasi, sxemasi bo‘yicha asta-sekin o‘sishyapti. Holbuki, futbolchilari notanish. Shunga qaramay, o‘yinni yaxshi his qilib, vaziyatlardan kelib chiqqan holda kerakli joyda paydo bo‘lishyapti. 29 mart kuni Toshkentda Iroq bilan o‘ynaymiz. Ko‘rdik, “Navbahor” stadionida muxlislar yaxshi muhitni yaratishdi.

Bu jihatni ham chetda qoldirib ketmasligimiz lozim. 29 mart kungi uchrashuvda “Bunyodkor” stadioni ham ishqibozlar bilan to‘lib, qaynoq muhitni yarata olsak, bu futbolimiz o‘sishiga ham xizmat qiladi. O‘z fikrim bo‘yicha Namangandagi uchrashuvda taktika tomondan ikki xil jamoani ko‘rdim. Shuni alohida aytish kerak, bugungi futbolda birinchi o‘rinda taktika turadi. Murabbiy taktikasiga mos futbolchilarni jalb qilishi ham muhim sanaladi. Faqat ularni joy-joyiga qo‘ya olish kerak.

Jamoalar o‘rtasidagi taktikada tafovutni ko‘rdim. Jamoamiz misolida hali maqtagulik ish bo‘lmadi. Terma jamoamiz o‘zi istagandek 12 daqiqa o‘ynadi. O‘sha vaqt ichida golli vaziyatlar yaratdik, yaxshi o‘yin bo‘ldi. Keyin u yog‘i taktikaviy o‘yin kechdi. Ikkinchi golda raqib xatosi va Masharipovning mahorati bo‘ldi. Ya’ni, raqib bizga “sovg‘a” qildi. Futbolda tez qaror chiqarish qobiliyati ham juda kerak, - dedi Muxtor Qurbonov.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Lobanovskiy aytgan bashorat o‘zini oqlashga tushdimi? Yoki O‘zbekiston - Gana o‘yini mutaxassis nigohida