09:38 / 04.04.2021
2 598

To‘purar legionerni terma jamoaga chaqirsak bo‘lmaydimi?

To‘purar legionerni terma jamoaga chaqirsak bo‘lmaydimi?
Belarus oliy ligasi o‘zbekistonlik legionerlar uchun omadli chempionat bo‘lib qoldi. O‘tgan yili “Energetik-BGU”dagi o‘yinlari bilan muxlisu mutaxassislar e’tiboriga tushgan Jasur Yaxshiboyev va Shahboz Umarov faoliyatida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Avval hatto yurtimizda ko‘pchilikka notanish bo‘lgan bu futbolchilar Yevropaning kuchli chempionatlariga o‘tishga intilmoqda.

Xususan, o‘tgan yilning yarmida Soligorskning “Shaxtyor” jamoasi taklifini qabul qilgan Jasur Yaxshiboyev Belarus chempioni bo‘ldi va yangi yildan Polshaning eng qudratli klubi “Legiya”ga qo‘shildi.

“Energetik-BGU”ning yetakchisi hisoblangan Shahboz Umarov mavsumni Belarus chempionligi uchun kurashayotgan BATEda boshladi. Borisovliklar o‘zbek legionerini jamoa yetakchisi rolida ko‘rishni maqsad qilgan.

Tan olish kerak, Shahbozning bu jamoadagi o‘yini ochilib boryapti. Legionerimiz birinchi turdayoq, BATEning mavsumdagi ilk golini kiritdi. Uning aniq zarbasi birinchi turning eng zo‘r goli, deb tan olindi.

Oliy liganing uchinchi turida Shahboz yana o‘yin qahramoni bo‘ldi. “Gomel” jamoasiga qarshi ushbu bahsda borisovliklarning birinchi bo‘limdagi o‘yini o‘xshamadi. Oldiniga gol o‘tkazib yuborgan mezbonlar, tanaffusga yaqin javob to‘pini kiritdi. BATE bosh murabbiyi Vitaliy Jukovskiy ikkinchi bo‘lim boshidan maydonga Shahboz Umarovni tushirdi.

Oradan yetti daqiqa o‘tib, legionerimiz 60 soniya ichida ikkita supergol urdi. Birinchi aniq zarbasi juda chiroyli chiqdi. Bir himoyachini chalg‘ita olgan Umarov jarima maydonchasiga kirmay, uzoq masofadan aniq zarba yo‘lladi. Ikkinchi vaziyatda himoyachilarni ortda qoldirib, o‘tkir burchakdan darvoza to‘rini ishg‘ol qildi.

Ushbu bahsda 3:2 hisobida g‘alaba qozongan BATE ochkolari sonini yettitaga yetkazib, musobaqa peshqadami “Shaxtyor”ni ta’qib qilmoqda.

Belarusning amaldagi chempioni ham o‘zbekistonlik muxlislar uchun begona emas. Bu jamoa tarkibida Jasur Yaxshiboyev o‘rniga taklif etilgan Shahzod Ubaydullayev to‘p tepmoqda. Soligoskliklar oliy ligada ketma-ket uchta uchrashuvni o‘z foydasiga hal qilgan yagona jamoa sifatida musobaqa jadvalida birinchi o‘rinni egallab turibdi.

Biz uchun quvonarli yana bir jihat shundan iboratki, chempionatda raqiblar darvozasini uch marta aniq nishonga olgan Shahboz Umarov to‘purarlar poygasida yetakchilik qilayotgan hujumchilar qatorida qayd etilgan. O‘tgan yili Jasur Yaxshiboyev ko‘p gol urish bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallagan edi.

Shahboz Umarov ham ko‘plab iste’dodli futbolchilar kabi “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Biroq, katta futboldagi faoliyatini AGMK klubida boshlagan. Olmaliqliklar tarkibida avvaliga yoshlar, keyin kattalar o‘rtasidagi uchrashuvlarda bir necha bor maydonga tushgan hujumkor futbolchi 2020 yilning fevralida “Energetik-BGU”ga o‘tgan edi. U minsklik “talabalar” safida oliy liganing barcha uchrashuvlarida maydonga tushgan yagona futbolchi bo‘ldi. Shahboz 30 ta uchrashuvda to‘rtta gol urib, uchta golli pas oshirdi. Mana endi, BATEda yangi qirralarini ochmoqda.

Shu o‘rinda bir mulohaza. O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov balki Shahboz Umarovni ham bir sinab ko‘rishi kerakdir. To‘g‘ri, bu futbolchi Superligamizda o‘zini ko‘rsata olmagan, lekin legioner sifatida yaxshi o‘ynayapti. Shahboz har ikki qanotda, hujumchi ortida va hujumda o‘ynay oladi. Bundan tashqari, jarima zarbalarini ham maromiga yetkazib bajarmoqda.

Aziz muxlislar, Siz nima deysiz, Shahboz Umarov terma jamoamizga kerakmi?

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » To‘purar legionerni terma jamoaga chaqirsak bo‘lmaydimi?