08:30 / 13.04.2021
2 263

Valijon Rahimov: "Murabbiylarimiz ko‘rsatmasini to‘g‘ri bajarish va kuchli xohish evaziga "Al Hilol"dan ochko olishimiz mumkin"

Valijon Rahimov: "Murabbiylarimiz ko‘rsatmasini to‘g‘ri bajarish va kuchli xohish evaziga "Al Hilol"dan ochko olishimiz mumkin"
Olmaliqning AGMK jamoasi Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichida o‘yin o‘tkazish uchun bugun Saudiya Arabistoniga yo‘l oldi.
Pley-offda safarda "Al Garafa"ni 1:0 hisobida mag‘lub etib qaytgan AGMK "A" guruhida "Al Hilol" (Saudiya Arabistoni), "Istiqlol" (Tojikiston), "Shabab Al Ahli" (BAA) jamoalari bilan bellashadi. Biz esa bu borada oldindagi uchrashuvlar oldidan jamoaning mahoratli darvozaboni Valijon Rahimovning fikrlari bilan qiziqdik.

- Pley-off doirasidagi "Al Garafa"ga qarshi o‘yin faoliyatingizdagi xalqaro maydondagi ilk uchrashuv bo‘ldi. Ushbu uchrashuvda qanday hissiyotlar va kechinmalar o‘tdi?
- Ushbu tarixiy g‘alabaning shuquhi va kayfiyati hali tark etgani yo‘q. Mazkur natijadan barcha olmaliqlik va qashqadaryolik futbol muxlislari ko‘proq xursand bo‘lishdi, deb o‘ylayman. Murabbiylarimiz raqibning so‘nggi o‘yinlarini diqqat bilan o‘rganib chiqqan holda kerakli ko‘rsatmalarni berishgandi. Xudoning qudrati bilan so‘nggi daqiqalarda g‘alaba to‘pini kiritdik va maqsadimizga erishdik. Endi navbat guruh bosqichi o‘yinlariga. Bevosita hissiyotlarga to‘xtaladigan bo‘lsam, Saudiya Arabistoning borishimizni barchamiz qattiq istagandik. Muqaddas ramazon oyida Makkaga yaqin joyda bo‘lish qanday baxt ekanligini o‘ylab ko‘ring. Xudoga shukur orzuimiz amalga oshadigan bo‘ldi.

- O‘tgan mavsumdagi ishonchli o‘yinlaringizdan so‘ng muxlislar sizni o‘zi uchun kashf qilgandi. Bu yil esa mas’uliyat ikki hissa yuqori bo‘lishi tabiiy. Bo‘lajak o‘yinlardagi bosim va qiyinchiliklarga tayyormisiz?
- Futbolda darvozabonda mas’uliyat nihoyatda yuqori bo‘ladi. Shuni his qilgan holda murabbiylar ishonchini oqlashga harakat qilaman.

- AGMKning guruh bosqichidagi raqiblari kuchli va nomdor ekanligi barchaga ma’lum. Ayniqsa "Al Hilol"ni ortiqcha ta’riflash shart emas. Jamoa nimaning evaziga Saudiya Arabistoni klubidan ochko tortib olishi mumkin?
- To‘g‘ri ta’kidladingiz. "Al Hilol" Osiyoning eng kuchli jamoalari qatoriga kiradi. Bu - futbol, unda hamma narsa ro‘y berish ehtimoli bor. Oldindan hech narsa deb bo‘lmaydi. Murabbiylarimizni ko‘rsatmalarini to‘g‘ri bajargan holda, kuchli xohish hisobiga xudo xohlasa yengishimiz mumkin. Jaloliddin Masharipov, Odil Hamrobekov, Aziz G‘aniyev to‘p tepayotgan "Shabab Al Ahli" jamoasini ham kuchsiz demagan bo‘lardim. Ular yaqinda BAA Liga kubogida zafar quchishdi. Umuman olganda barcha o‘yinlar shiddatli va murosasiz kechishini oldindan taxmin qilsa bo‘ladi.

- Ushbu uchrashuvlarga tayyorgarlik qanday bo‘lmoqda?
- Yuqori kayfiyatda tayyorgarlik davom etmoqda. Biz O‘zbekiston nomidan maydonga chiqamiz. Xudo xohlasa yaxshi natijalar qayd etib, ortimizga yorug‘ yuz bilan qaytishga harakat qilamiz.

Abdulaziz Iskandarov yozib oldi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Valijon Rahimov: "Murabbiylarimiz ko‘rsatmasini to‘g‘ri bajarish va kuchli xohish evaziga "Al Hilol"dan ochko olishimiz mumkin"