09:00 / 06.05.2021
2 634

To‘lagan Isoqov "Paxtakor"ning OCHLdagi omadsizligi, Xyuistra va o‘zining taklifi haqida


O‘zbekiston chempioni, birinchi raqamli jamoasi hisoblangan “Paxtakor”ning Osiyo Chempionlar ligasidagi ishtiroki barchamizning xafsalamizni pir qildi. Klubning guruhda qolib ketganini ko‘rish og‘ir botdi. Baribir o‘tgan yilgi yetakchilarning ketgani jiddiy ta’sirini ko‘rsatgani bilinib qoldi. Ularning o‘rni yetarli darajada to‘ldirilmagani ham sezildi.

Bosh murabbiy Piter Xyuistra ham Chempionlar ligasida oldiga qo‘yilgan vazifani uddalay olmadi. Faqat birgina yupanch sifatida shuni aytish mumkinki, “Paxtakor”da iqtidorli yoshlar paydo bo‘lyapti. Klubning Osiyo Chempionlar ligasidagi muvaffaqiyatsiz ishtirokidan kelib chiqqan holda O‘FA faxriylar kengashi raisi, faoliyatini “Paxtakor”ga bag‘ishlagan To‘lagan Isoqov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Yoshlarning o‘yini menga yoqdi”
- “Paxtakor” 1956 yildan tashkil etilganini hisobga olsak, klub har 3-4 yilda bir qiyinchilikka tushadi. Homiylar jamoani tashlab ketdi, deb eshitdim. Hozir futbolda faqat pulni o‘ylashyapti. Agar pul bo‘lmasa, futbolchi o‘ynagisi ham kelmaydi. “Paxtakor”ni yetakchilar tark etdi, Masharipov, Hamdamov...Hamrobekovni esa ijaraga berishdi. Lekin quvonarli tarafi ham bor. Osiyo Chempionlar ligasida qo‘rqmasdan yoshlarni o‘ynatishdi, to‘g‘rimi? Menga ularning ko‘rsatgan o‘yini yoqdi. Bundan O‘zbekiston va “Paxtakor”ning kelajagi bor ekan, deb xulosa qildim. Eshitishimga qaraganda, klub safarga ketishdan oldin davlatdan kredit olgan. Pul tanqisligi yoshlarga unchalik bilinmasa ham katta yoshdagi futbolchilarga ta’sir qiladi.

“Hamma klubda bir xil imkoniyat yaratilishi kerak”
- Oldin ham aytgandim, O‘zbekistonda futbolni boshqacha qilish kerak. Hamma jamoa bir xil imkoniyatda bo‘lishi kerak. Ana shunda raqobat kuchayadi. Futbolchilarning jamoadan-jamoaga sakrab yurishlari kamayadi. Klublarda yoshlar bilan ishlash tizimi bo‘lishi kerak. Mana, “Nasaf”, “Paxtakor”, “Bunyodkor”da iqtidorli yoshlar chiqyapti. Terma jamoalarga qaysi klublardan yoshlar chaqirilyapti. Shunga qarab kimning qanday ishlayotganini bilsa bo‘ladi. Ayrim jamoalarda yuqoriga intilish yo‘q.

“Ular ishlaydigan pulga Arveladze yoki boshqasini olib kelish shart emasdi”
- Piter Xyuistrani yaqindan bilmayman. Shota Arveladzeni ham hatto yaqindan bilmasdim. Ular ishlaydigan pulga Arveladze yoki boshqasini olib kelish shart emasdi. O‘zimiznikilar ham bunday sharoitga birinchi o‘rinni olib berishardi. Hamma zo‘r o‘yinchilar va yaxshi pul bilan qiyin ekanmi, birinchi o‘rinni olish?! Xyuistra Arveladzega yordamchi bo‘lib ishlagan. Bu murabbiy bilan “Paxtakor”da nimani kutish mumkin? Hozircha hech nimani kuta olmaymiz. “Paxtakor” eng zo‘r jamoamiz. Lekin Osiyo Chempionlar ligasida ko‘rdik. Futbolni tushunamiz. O‘z fikrimiz bor. “Sharja” bilan uchrashuvda 2-3 ta futbolchi o‘yin taqdirini hal qilib qo‘ydi. Keyingi o‘yinga yoshlarni tushirishdi, ular qo‘rqmasdan o‘ynashdi. Bu albatta, mening fikrlarim.

“Futbol biznesga aylanib ketgan”
- Esimda, meni “Paxtakor” o‘rinbosarlariga olishganida ilk oyligim 60 so‘m edi. Farroshning oyligi esa 70 so‘m edi. Bir yilda o‘yinchiligimni isbotlaganman. Oylik maoshimni 250 so‘mgacha oshishiga o‘z kuchim bilan erishganman. Hozir esa futbolchilar o‘z o‘yinini ko‘rsatmasdan turib klubdan katta pullar so‘rashyapti. Bu noto‘g‘ri. Faqat samolyot so‘rashmayapti xolos. Butun faoliyatimni “Paxtakor”ga bag‘ishlaganman. Hech qaysi klubga ketmaganman. Shuning uchun jamoadagi omadsizlikni ko‘rish og‘ir botadi. Axir “Paxtakor” O‘zbekistonning faxri. Hozir futbol biznesga aylanib ketdi. Baribir yuqorida aytganimdek, hamma klublarning imkoniyatlarini tenglashtirish lozim.

Faqat futbolchilar hozir so‘rayotgan puliga yarasha munosib o‘yini bilan javob berishmayapti. Masalan, Cheranni birinchi bo‘lib “Nasaf” olib kelgan. Keyin “Paxtakor” yaxshi pul taklif qilgani uchun u yerdan ketgan. Jamoadagi yoshlar avvalo o‘ynashsin, o‘zlarini ko‘rsatishsin. Futbolchilar yutgandan keyin talab qilishsin. Mana, Shomurodovga o‘xshagan o‘yinchilarimiz ko‘paysa biz ham xursand bo‘lamiz. Agar Eldorga o‘xshagan futbolchilarimizdan yana 3-4 ta bo‘lsa, jahon chempionatiga chiqsak bo‘ladi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » To‘lagan Isoqov "Paxtakor"ning OCHLdagi omadsizligi, Xyuistra va o‘zining taklifi haqida