09:30 / 24.05.2021
3 882

Azamat Shomurodov: "Eldorga aniq taklif bo‘lsa, avvalo men bilan maslahatlashadi"


Eldor Shomurodovning “Jenoa” klubida oxirgi o‘yinlardagi natijalari va gollari biz uchun juda yoqimli bo‘ldi. O‘zbekistonlik hujumchi o‘z jamoasida o‘rnini topdi. Bu haqida OAVda ham ko‘p yozilyapti. Uning dadasi Azamat Shomurodov farzandining Italiyadagi faoliyati haqida sports.uzga intervyu berdi.

- Eldorning yagona goli “Jenoa”ga “Kalyari” ustidan muhim g‘alabani taqdim qildi. O‘g‘lingiz A seriyada jami 8 ta gol urdi. Italiya chempionatida undan bunday sermahsullikni kutganmidingiz?
- To‘g‘risini aytsam, kutmagandim. Bilasiz, boshida moslashishi ham oson kechmadi. Vaqt o‘tgan sari Eldor u yerda o‘zini yaxshiroq his qila boshladi. Keyinchalik oilasi ham Eldor bilan birga ketdi va bu ham unga yengillik berdi. Rafiqasi va farzandi yonida bo‘lganidan keyin Eldor ko‘proq gol ura boshladi. Aytmoqchimanki, oilasining yonidaligi katta yordam berdi. Baribir yaqinlaringning sen bilan birga bo‘lishi o‘zingni qulay his qilishingga sabab bo‘ladi. Boshida esa o‘g‘lim Italiyada bir o‘zi edi, shuning uchun unga oson bo‘lmadi.

- Eldorni nechta gol urishini taxmin qilgansiz?
- Ko‘pi bilan 5-6 ta ursa kerak deb o‘yladim. Lekin 8 ta gol urishini o‘ylamagandim. Uning o‘yinlari va natijalaridan xursandmiz. U o‘z ustida ishlashdan to‘xtamadi. Doim izlanishda bo‘ldi.

- Shomurodov bilan bog‘liq har qanday yangilik hammamizni e’tiborimizni tortadi. Har kun gaplashasiz va qandaydir yangilik bo‘lsa, o‘zingiz bilan maslahatlashadi. Ayting-chi, shu paytgacha o‘g‘lingiz siz bilan qaysi klubning taklifi haqida gaplashdi?
- Unga turli jamoalar qiziqayotgani haqida eshitib turamiz, Eldorni qulog‘iga ham chalinib turadi. Lekin bular faqat mish-mish gaplar xolos. Albatta, unga aniq va jiddiy taklif bo‘lsa, birinchi bo‘lib men bilan maslahat qiladi. Lekin hali Eldorni o‘ziga taklif bilan chiqishgani yo‘q. Balki klubiga bu borada murojaat qilishgandir. Biz ham asosan ko‘cha-kuydagi turli gap-so‘zlarni eshitib turamiz xolos.

- Masalan, “Roma”ning qiziqayotgani haqida eshityapmiz. Siz Mourino qo‘li ostida to‘p surishini xohlarmidingiz?
- Agar imkon bo‘lsa, bemalol u yerda ham o‘ynab keta oladi. Ammo Mourino ham birinchi navbatda natija ko‘rsatishi kerak. Uning va “Roma”ning o‘yin uslubiga moslashishi ham kerak bo‘ladi. Ammo Eldor qayerda bo‘lsa ham mehnat qiladi, o‘zini ko‘rsatish uchun kurashadi. Hozircha bu kabi xabarlar haqida asos yo‘q.

- Sizningcha, “Jenoa”dan ketadigan payt keldimi?
- Bilasizmi, endi u bemalol boshqa jamoaga ketsa ham o‘ynab keta oladi. Chunki o‘tgan vaqt davomida Italiya futboli va hayotiga moslasha oldi. Qiyinchiliklarni yengib o‘tyapti. Lekin o‘zimga qolsa, uni yana biroz muddat “Jenoa”da qolishini istardim. Bu jamoada yana to‘p surib, o‘zini ko‘rsatib, gollar urgan holda hozirgidan-da qulayroq darajada ko‘nikishini xohlardim. Lekin “Jenoa” uni sotadigan bo‘lsa ham endi ikki barobar ko‘proq pul ishlashni istashi turgan gap. Chunki transferdan klub ham foyda ko‘rish payida bo‘ladi. Boya aytganimdek, agar boshqa klubga ketadigan bo‘lsa ham bemalol o‘ynab keta oladi.

- “Jenoa”da unga ko‘proq kimlar yordam beryapti?
- Pandevdan ko‘p narsa o‘rganyapman deydi. Krishito ham uni qo‘llab turadi. Ilgari u ham Rossiya chempionatida o‘ynagan-da. Lekin ular butun jamoa sifatida juda ahil. Bu xususida o‘g‘lim ko‘p aytadi. Murabbiy ham unga ishonadi.

- Shu haqida ham so‘ramoqchi edim. Rolando Maran ketgach, Davide Ballardini keldi va Shomurodov o‘zini ko‘rsatdi...
- Ballardini imkoniyat va ishonch berdi. Eldor maydonda qancha vaqt o‘ynasa ham iloji boricha shundan foydalanishga harakat qildi. Shu tariqa, ular o‘rtasidagi munosabat yanada yaxshilandi. O‘yinlar paytida ham murabbiy tez-tez “Eldor, “Eldor” deb ko‘rsatma berib turadi. Aytishicha, uning ismini talaffuz qilish unga qulay ekan. Ayniqsa, raqib hujum qilayotganda orqaroqqa qaytib pressing qilish paytida Eldorni qaytishini aytadi. Hattoki, himoyachilarga shunday ko‘rsatma berayotganda ham beixtiyor Eldor deb baqirib yuborar ekan.

- Sizga ko‘proq qaysi murabbiyning ish uslubi yoqadi?
- Klopp. U “Liverpul”da ajoyib natijalar ko‘rsatdi, jamoasi zo‘r. Futbolchilar bilan yaxshi ishlaydi. Jamoasining g‘alabasida ham, mag‘lubiyatida ham birdek qayg‘uradi. Uning uslubi menga ko‘proq yoqadi.

- Shomurodov Kloppning qo‘li ostida o‘ynab ketgan bo‘larmidi?
- Albatta. Unga ham mos tushadi. Salohlar o‘zini ko‘rsatganida nega Eldor o‘zini ko‘rsata olmaydi? O‘ylaymanki, “Liverpul” o‘yiniga mos tushadi.

- O‘zingiz Italiyaga qachon bormoqchisiz?
- Aslida borishim kerak edi. Karantin bo‘lib qolib ketdi. Hech bo‘lmaganda oxirgi o‘yiniga borish niyatim ham yo‘q emasdi. Mayli, endi nasib qilsa yangi mavsum boshlangan paytda borarmiz. U yerda chempionat tugadi, ular qaytishyapti, Moskva orqali kelishadi. Klubidagilar barcha futbolchilar bilan aloqada bo‘lib turishini aytgan. Endi Eldor bor e’tiborini terma jamoaga qaratadi. Italiyada to‘p surayotgani ikkinchi darajali, asosiysi esa O‘zbekiston uchun foyda keltirish. Bu borada unga aytaman va terma jamoada ham gollari bilan yordam berishini uqtirib kelaman. Buni o‘zi ham yaxshi tushunib turibdi. Shuning uchun terma jamoa uchun bor mahoratini ishga soladi.

- Yana qaysi o‘zbekistonlik futbolchini Shomurodov kabi Yevropaning top-5 chempionatida o‘ynab keta oladi deb o‘ylaysiz?
- Bilmadim. Italiyada to‘p surish juda qiyin. U yerda himoyachilar juda kuchli. Bunday chempionatga moslashib, gollar urishning o‘zi bo‘lmaydi. Yevropaning kuchli chempionatiga ketmoqchi bo‘lgan o‘yinchi avvalo Rossiyadan o‘tishi kerak. Ya’ni, u yerda to‘p surib o‘zini ko‘rsatishi talab qilinadi. O‘g‘lim ham Rossiya chempionatida ancha vaqt o‘ynadi-ku, u yerda ham avvaliga qiyin bo‘lgan, bora-bora moslashib, o‘z o‘yinini topdi. Rossiyada o‘ynamasdan turib birdaniga Yevropaga ketish juda qiyin. Shomurodov bu yo‘lni bosib o‘tgan. Oston O‘runov ham Rossiyada o‘zini ko‘rsatishga harakat qilyapti. Lekin jarohatlar unga xalaqit qilyapti. Eldor Italiyaga borgan dastabki paytlarda jismoniy tomondan ham qiynalardi. Keyinchalik sport formasini yaxshilab oldi.

- Darvoqe, “Atalanta”ga qarshi o‘yindan keyin Eldor Ruslan Malinovskiy hamda Aleksey Miranchuk bilan juda iliq munosabatda gaplashib turganini ko‘rdim...
- Ha, shunday. Malinovskiy va Miranchuk bilan ular tez-tez gaplashib turishadi. Faqat o‘yin bo‘yicha emas, ular har jabhada bir-birini qo‘llab-quvvatlashadi. Shuning uchun o‘rtalaridagi munosabat juda yaqin. Axir ular MDHdan kelgan futbolchilar. Shuning uchun doim muloqot qilib turadilar. Eldor Shomurodovni nafaqat O‘zbekistonda qo‘llashyapti, balki Rossiyada ham. Chunki ular “Shoma nash” deb ko‘p gapirishadi. Aytmoqchimanki, rossiyaliklar ham o‘g‘limning gollaridan juda xursand bo‘lishyapti.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Azamat Shomurodov: "Eldorga aniq taklif bo‘lsa, avvalo men bilan maslahatlashadi"