12:00 / 31.05.2021
2 752

Shomurodov qanday hujumchi ekanini kelasi mavsum ko‘rsatib beradi!


Yakunlangan mavsum “Jenoa” uchun barqaror kechmadi. Chempionat avvalida genuyaliklar muvaffaqiyatsizlikka yuz tutdi va hatto musobaqa jadvalida oxirigi o‘ringacha tushib qoldi. Bir qarashda, jamoa tarkibi iste’dodli va kuchli futbolchilardan iborat edi. Lekin jamoa ko‘rsatayotgan o‘yin avvaliga muxlislarga ham, mutaxassislarga ham yoqmagani bor gap.

Mavsum o‘rtasida Rolando Maran iste’foga chiqarilib, o‘rniga Davide Ballardini taklif etilishi vaziyatni o‘zgartirdi. “Jenoa” hujumkorlikka urg‘u berdi. Aksariyat futbolchilarning o‘yini ochildi. Shunga qaramay, Yana bir e’tiborga molik masala shuki, bu jamoa tarkibida deyali hech bir futbolchi butun mavsum davomida barqaror o‘yin namoyish qila olmadi.

Shunday paytlar bo‘ldiki, iste’dodli yosh hujumchi Janluka Skamakka porladi, ba’zan qariya Goran Pandev muhim gollarni urdi, jamoa to‘purari Mattia Destroning “ishtahasi” ochilib ketgan vaziyatlar ham bo‘ldi. Chempionat oxiriga kelib, “Jenoa”ning eng yorqin o‘yinchisi sifatida Eldor Shomurodov porladi.

So‘nggi uchrashuvlarda hamyurtimiz gol urish bo‘yicha liga to‘purarlari – Krishtianu Ronaldu, Romelu Lukaku va Luis Murieldan ham sermahsul o‘yin ko‘rsatib, olqishlarga sazovor bo‘ldi.

Genuyaliklik muxlislar xuddi ekspertlar singari yakunlangan mavsumni tahlil qilar ekan, jamoaning haqiqiy yetakchisi va yulduzi kim bo‘lganini aniqlashga ham harakat qilmoqda. Xususan, ayrim ishqibozlar Eldor Shomurodovga ishonch bildirmoqda.

E’tiboringizga “Jenoa”ning rasmiy tarmoqlarida muxlislar Eldor Shomurodov haqida qoldirgan fikr-mulohazalarni havola etamiz.

Francesco Marino: O‘yin sifati bo‘yicha eng yaxshi o‘yinchilar sifatida Milan Badel, Eldor Shomurodov va Kevin Strotmandir. Uchalasi ham yangi futbolchilar. Shunday ekan, menejmentimizning samarali mehnatini tan olish kerak. Moliyaviy qiyin vaziyatda ular jamoani kuchaytira oldi.

Cristina Di Stefano: Menga darvozabon Mattia Perinning o‘yini yoqdi. Ha, u xatoga yo‘l qo‘ygan vaziyatlar ham ko‘p bo‘ldi. Lekin yorqin seyvlari ham yetarli. Maydondagi o‘yinchilardan eng zo‘rini aniqlash qiyin. Shunga qaramay, men Shomurodovni tanlayman. Chunki Eldor chempionat yakunidagi o‘yinlari bilan omadsiz futbolchidan mavsum kashfiyotiga aylana oldi.

Tina Leone (Cristina Di Stefano fikriga javoban): Biz mavsumning eng yaxshi futbolchisini muhokama qilyapmiz, siz esa oxirida bir necha uchrashuvda yaxshi o‘ynagan futbolchini maqtayapsiz. Shomurodovning qanday hujumchi ekanini kelasi mavsum ko‘rsatib beradi!

Aleandro Mattoni: Yakunlangan mavsumda alohi bir futbolchini ajratish qiyin. Jamoamizdagilarga barqarorlik yetishmadi. Destro mavsum o‘rtasida yaxshi o‘ynadi. Shomurodov birinchi davrada o‘zini ko‘rsata olmadi, lekin chempionat oxiriga kelib, eng zo‘ri bo‘ldi. Mavsum boshida esa, birorta futbolchimiz ko‘zga tashlangani yo‘q.

Luigi Mannarino: Hozir, ko‘pchilik Shomurodovni maqtayapti. U oxirida ko‘p gol urib, o‘zini ko‘rsatdi. Eldor hammaning e’tiborida. Butun mavsum davomida Milan Badel barqaror o‘ynadi va maydon markazining egasi kim ekanini ko‘rsata oldi.

Meccariello Nicolas: Eng yaxshi himoyachi Domeniko Krishito, eng yaxshi yarim himoyachi Milan Badel va eng yaxshi  hujumchi Eldor Shomurodov. Bularning har biri o‘z ishida juda foydali futbolchi ekanini ko‘rsatib qo‘ydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov qanday hujumchi ekanini kelasi mavsum ko‘rsatib beradi!