16:14 / 01.06.2021
2 675

Ronaldu «qoch»! 2 yil avval sendan qutulmoqchi bo‘lgan Allegri qaytmoqda


Xabaringiz bor, Massimiliano Allegri Turin klubi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Mutaxassis ayanchli ahvoldagi «Yuve»ni tartibga keltirishi kutilmoqda. Xo‘sh, u va Ronaldu o‘rtasidagi vaziyat qanday hal etiladi? Bugun shu mavzu borasida batafsil.

«Yuventus»dan «Yuventus»gacha
Vaqt uchib ketmoqda. Massimiliano Allegri ikki yildan beri ishsiz. 2019 yilda «zebralar»ni tark etgach, mutaxassis ta’til olishga qaror qildi. To‘g‘ri, ingliz tilini o‘rganishni boshladi, ammo APL jamoalaridan kutilgan taklif kelib tushmadi. U 24 oy davomida erkin bo‘lgan top murabbiylar ro‘yxatini boshqardi. Balki, u kutgan kun kelgandir. Jamoa rahbarlari 5 skudetto yutgan va ikki bor YECHL finaliga «Yuve»ni olib chiqqan mutaxassisni ortga qaytarmoqda. Sarri va Pirlo eksperimentlari ish bermagach, «keksa sinora» yana sinovdan o‘tganlarga murojaat etishni boshladi. So‘nggi ikki mavsumda Allegrini turinliklar sog‘inib ham qolishdi.

Allegri qoqilishi hech gap emas
Italiya grandi tushib qolgan ahvol, insonni o‘ylantirib qo‘yadi. Aslida, Allegri tanlovi nima uchun eng original variant sifatida tanlab olingani noma’lum. Shuningdek, futbol ikkinchi bor sevimli jamoasiga qaytgan murabbiylar haqida xabar berib turibdi. O‘z vaqtida Lui Van Gal «Barselona»ga, Arigo Sakki «Milan»ga qaytganidan afsus chekkani yodimizda bor. Zayniddin Zidanning ikkinchi bor klubga kelishi ham avvalgi darajani tiklab olishga imkon bergani yo‘q.

To‘g‘ri, ZiZu «Real»ni Ispaniya chempioniga aylantirdi, superkubokda zafar quchdi va hatto YECHL yarim finaliga qadar yetib keldi, ammo avvalgi natijalar fonida bu hech kimni hayron qoldirmadi. Alegri ham futbol tarixida bu xatoni amalga oshirgan buyuk murabbiylar qatoridan joy olishi mumkin. Sababi, qisqa muddat ichida ikki murabbiydan qolgan tarkibni «yig‘ishtirib» olish va jangga tayyorlash deyarli imkonsiz. Hozirgi «Yuventus» uzoq kutishni bilmaydi. Ularga bugun natija kerak.
Muammoni hal etishga bu yetarlimi?

O‘z vaqtida Arigo Sakki «Milan»ga qaytgach, jamoa rahbarlariga quyidagi so‘zlarni aytgan edi:
«Miyadagi o‘simtani aspirin bilan davolab bo‘lmaydi. Mening qaytishim ham shuning o‘zginasi». Uning so‘zlari yakunda to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. «Milan» Sakki bilan ham o‘ziga kela olmadi. Allegri esa aksincha. Qaytishi vaziyatni yaxshilashidan umidvor. Mutaxassis PSJ, «Chelsi», «Arsenal», «Borussiya D» va boshqa jamoalardan kelib tushgan takliflarni rad etdi. Italiya nashrining ma’lum qilishicha, u «Yuve»dan chaqiruv olishiga ishongan. Balki, 2 yil ichida o‘zini «Byankonerilar» ruliga qaytishiga tayyorgarlik ko‘rgandir.

Aslida, mutaxassis katta o‘zgarishlarga tayyor ekanligini yashirib o‘tirmayapti. Aynan u klubda yangi jamoa qurmoqchi ekanligini e’lon qilishdan qo‘rqmadi. Xo‘sh, «Yuventus» bunga tayyormi? Ishni sog‘ingan, mazza qilib dam olgan mutaxassis talab etayotgan yangicha «ish uslubi»ga klub to‘liq «javob» beradimi? Yodingizda bo‘lsa, Allegri Andrea Anelliga tarkibni to‘liq yangilash haqida bir necha bor aytgan edi. O‘zining so‘nggi skudettosini qo‘lga kiritgach, mutaxassis jamoa rahbari bilan suhbatda, yana yangi ijrochilar kerakligidan so‘zlagan.

Ronaldu - Allegrining «Yuventus»dan ketishiga asosiy sabab!
Bu to‘qnashuv ancha oldin taxmin qilingan edi. Anelli Allegri - Ronaldu tandemi qanday naf berishi borasida ko‘p o‘ylagani aniq. Krishtianu Ronalduning transferidan avval, italiyalik murabbiy rahbariyatga portugaliyalikni sotib olmaslikni so‘ragan. Buning sababi so‘ralganida, Allegri jamoaviy o‘yinga va ichki muhit buzilishini aytgan. Yakunda, Krish Turinga ko‘chib keldi. La Gazzetta Dello Sport esa, «Murabbiyga Ronaldu kerak emas» qabilidagi kattagina maqolani bosib chiqdi. Allegri Ronalduning kelishi, «Yuve» o‘yinida pasayishga olib kelishini faktlar bilan isbotlab beradi. U butun jamoa uning atrofida qurilsa, gollar va hujumlar soni kamayib ketishini, 3-5-2 yoki 5-3-2 sxemasi Krish bilan befoydaligi haqida soatlab so‘zlagan bo‘lsada, yakunda Anelli 5 katta oltin to‘p egasini Turinga olib keldi. Bu vaziyatda klub rahbarini ham ayblab bo‘lmaydi. Krishtianu nafaqat maydonda, balki moddiy manfaat yo‘lida ham hizmat qilishi aniq edi. Anelli adashmadi.

«Zebralar» qisqa muddatda jahon bozoriga chiqdi. Klub ancha paytgacha trendda bo‘ldi. Savdo sotiq va turli reklama kompaniyalari bilan shartnomalar... AFsuski, Allegri bildirgan fikr ham o‘zini oqladi. Ronaldu «Yuventus»ning o‘yin falsafasiga putur yetkazdi. Unga joy topib bera olmagan Allegri ishdan olindi, keyin Sarri Ronaldudan foydalana olmagani uchun ketdi. Pirlo hech narsa qila olmagani uchun ishdan olindi. Endi, Ronalduni Turinga kelishini istamagan mutaxassis yana postga qaytdi.

Paratichi va Ronaldu chemodan kayfiyatda
Ikki yil avval Allegrining ketishiga klub sport direktori - Fabio Paratichi «qarashib» yuborgan edi. 11 yillik faoliyatiga qaramay, endi uning o‘ziga chiqish eshiklari ko‘rsatib yuborilmoqda. Bundan ko‘rinib turibdiki, «Maksi»ga qarshi chiqqan eng asosiy kuch endi klubda emas. Katta ehtimol bilan murabbiyning ro‘yxatida Ronaldu ham bor. Paratichi jamoa bilan tuzilgan shartnomani uzaytirishdan bosh tortdi. Pirloni iste’foga chiqardi. Allegrini taklif etdi va o‘zi nohaq bo‘lganini «qisman» tan oldi. Endi, Ronalduning klubni tark etganini e’lon qilish qoldi xolos. O‘z vaqtida italiyalik murabbiy portugaliyalikni o‘z jamoasida ko‘rmagan edi.

Vaziyat o‘zgarmagani aniq. Italiya nashrlarining xabar qilishicha, Allegri Paulo Dibala bilan yangi shartnoma imzolash sharti bilan «Yuve»ga qaytgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, endi Ronaldu uchun asosiy tarkib eshiklari yopiq. Shuningdek, mutaxassis shortlistida «Sassuolo» yetakchisi Manuel Lokatelli va «Milan» yetakchisi Janluiji Donnarummalar mavjud. To‘g‘ri, Turin klubi ulkan transferlarni amalga oshirmaydi, lekin Allegri uchun bu omil muhim emas. U birinchi navbatda ichki chempionatdagi mavqeni tiklab olish uchun kurashga kiradi. Ikki yildan so‘ng, shakllangan jamoa bilan YECHL sari intiladi.

Ronalduga keldigan bo‘lsak, portugaliyalik allaqachon jamoadoshlari bilan xayrlashib ketgani haqida yozishmoqda. Uning mashinalarini Turindan olib chiqib ketgani ham hech kimga sir emas. Yevropa chempionatidan so‘ng, uning yangi klubi nomi ma’lum bo‘ladi. Allegri esa, «Yuventus»dagi vaqtini ko‘rsatib turuvchi qumsoatini teskari o‘girib qo‘yishi mumkin.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ronaldu «qoch»! 2 yil avval sendan qutulmoqchi bo‘lgan Allegri qaytmoqda