18:58 / 03.06.2021
2 922

Rossiyada yulduzga aylanishi kutilgan O‘runov nega “sinib” qoldi?


Iste’dodli yosh futbolchimiz Oston O‘runov ayni paytda murakkab davrni boshdan kechirmoqda. Bir yil muqaddam uning ishlariga havas qilsa bo‘lardi. Rossiya premer-ligasi ko‘chib o‘tganidan keyin yozgi transferlar davriga kelib, hamyurtimiz ushbu mamlakatning barcha grand klublari orzusiga aylangan edi.

Qolaversa, O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham kelajagi porloq o‘yinchi va Odil Ahmedovdan keyin bosh jamoamizning yangi yetakchisi darajasiga ko‘tarilishi kutilgandi.

Afsuski, qisqa fursatda uning futbolchilik faoliyatida kutilmagan o‘zgarishlar bo‘lib ketdi. Katta umidlar bilan “Spartak”ga o‘tgani xato bo‘lib chiqdi. Chempionatning ikkinchi yarmida “Ufa”ga qaytganidan keyin ham o‘yinini topa olgani yo‘q. Jarohatlardan ham boshi chiqmay qoldi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining bir nechta yig‘iniga taklif etilganiga qaramay, terma bosh murabbiyi Vadim Abramov Oston O‘runovni 2022 yilgi jahon chempionati va 2023 yilgi Osiyo kubogi qo‘shma saralash turnirining Saudiya Arabistonida bo‘ladigan rasmiy uchrashuvlariga jalb qilinmadi. 

Oston O‘runovning Rossiya futboliga olib kirgan mutaxassis Shamil Gazizov yaqinda jurnalistlar bilan suhbatda hamyurtimizning faoliyatiga doir savollarga ham javob berdi.

- Oston O‘runov uchun mavsum qanday o‘tdi? Uning “sinib” qolishiga nima sabab bo‘ldi?
- Oston uchun murakkab mavsum bo‘ldi. Birinchidan, uning “Spartak”ga o‘tishiga aloqador odamlar futbolchini rivojlantirish strategiyasini noto‘g‘ri tanladi. Bu transfer futbolchining o‘zi uchun ham yangi chorlov bo‘ldi.

O‘runov juda iste’dodli, yaxshi yigit.  Bundan tashqari, men u kelajakda yaxshi sifatlarga ega kuchli futbolchi bo‘lib yetishishiga ishonchim komil. Bunaqa futbolchilar Rossiya premer-ligasida juda kam. Endi hammasi O‘runovning o‘ziga va unga qanchalik ishonch bildirishlariga bog‘liq bo‘ladi. Bu har bir o‘yinchiga tegishli. Har kimni ham “sindirib” qo‘yish mumkin. Agar iste’dod bo‘lmasa-ku, hammasi tushunarli. Lekin  iqtidorli yigitni ham hech narsaga yaramaydigan qilib qo‘yish juda oson. Buni futbol mutaxassislari ham tasdiqlaydi.

- Bu mavsum Oston uchun befoyda bo‘ldi, deb hisoblasak bo‘ladimi?
- Yo‘q unday emas. O‘runov muayyan tajribaga ega bo‘ldi, endi to‘g‘ri qaror qabul qilishi kerak. E’tibor bering, avvaliga u  koronavirusning yengil turi bilan og‘ridi, keyin juda ko‘p jarohat oldi, avval umuman bunday bo‘lmagandi. Nega bunday bo‘ldi? COVID-19 deb nomlangan infeksiyani hali ancha o‘rganishimiz kerak bo‘ladi va hozircha bu savolning javobi yo‘q. Men Oston biror narsani noto‘g‘ri qildi deya olmayman. Men juda ko‘p futbolchilar bilan ishlaganman va Oston iste’dod bobida ularning aksariyatini ortda qoldiradi.

- O‘runov “Spartak”ga qanchalar kerak va uning “Ufa”ga to‘liq qaytishiga qanday baho berasiz?
- U “Ufa” futbolchisi emas. Bu o‘yinchi “Spartak”ga tegishli ekan, bu klub nomidan biror narsa deya olmayman.

Yakunlangan mavsumni “Spartak”da boshlagan Oston O‘runov, chempionatning ikkinchi yarmini “Ufa”da o‘tkazdi. Muvaffaqiyatsizlikka qaramay, o‘zbek futbolchisiga “Rubin” va “Ufa” xaridor bo‘lgandi. Biroq, moskvaliklar har ikki klub bilan ham transfer summasini kelisha olmadi. Oston O‘runovning klub bilan yana to‘rt yillik shartnomasi bor. Uning “Spartak”dagi faoliyati ko‘p jihatdan yangi murabbiylar shtabiga bog‘liq bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rossiyada yulduzga aylanishi kutilgan O‘runov nega “sinib” qoldi?