09:23 / 05.06.2021
3 443

Birodar Abduraimov Vadim Abramovga qanday e’tiroz bildirdi?

Birodar Abduraimov Vadim Abramovga qanday e’tiroz bildirdi?

O‘zbekiston milliy terma jamoamizning rasmiy o‘yinlarini sog‘ingandik. Nihoyat, bosh jamoamiz muhim bellashuvlar ostonasida turibdi.

JCH-2022 hamda OK-2023 qo‘shma saralash bahslari doirasida vakillarimiz Saudiya Arabistonida markazlashgan holda tashkil etiladigan guruh bosqichi o‘yinlarida qatnashadi. Raqiblarimizni yaxshi bilasiz: 7 iyun kuni Singapur, 11 iyunda Yaman va 15-kuni Saudiya Arabistoniga qarshi uchrashuvlar kutmoqda.

Hamma yaxshi tushunib turibdiki, O‘zbekiston uchun asosiy raqib Saudiya! Aynan mezbonlarga qarshi o‘yin hammasini hal qiladi. Futbolimizning tirik afsonasi – Birodar Abduraimov milliy terma jamoamizning muhim uchrashuvlari oldidan Sports.uzga mulohazalarini bildirdi.

Bo‘lajak uchrashuvlar haqida
- Bo‘lajak uchrashuvlarni hamma kutyapti. Singapur va Yamanni bemalol yutamiz. Bu jamoalar ustidan g‘alaba qozonishga majburmiz. Agar yuta olmasak bizga buni nima keragi bor, shuncha murabbiy va boshqalarni yig‘ishni. Lekin Saudiya Arabistoni bilan o‘yin qiyin bo‘ladi, tan olishimiz kerak. Nega deganda, ular o‘z maydonida o‘ynaydi. To‘g‘ri, stadionda muxlislar bo‘lmasa ham baribir ular mezbon hisoblanadi. Nima bo‘lganda ham biz terma jamoamizdan yaxshi o‘yin kutamiz. Tailandni 4:1 hisobida yutgani bu o‘rtoqlik uchrashuvi xolos. Biz uchun rasmiy o‘yinlardagi natijalar juda muhim. Saudiyadagi uchrashuvlarda nimalarga qodirligimiz ko‘rinadi.

Vadim Abramovga qanchalik ishonadi?
- Mening unga ishonishim qiyin. Mayli, biz o‘z fikrlarimizni bildirayotganimizda xato qilaylik, ammo ular xato qilishmasin. Misol uchun Farruh Sayfiyev Jaloliddin Masharipov bilan uch yildan beri bitta qanotda yaxshi tandem sifatida to‘p surishyapti. Terma jamoa murabbiyi esa Sayfiyevni olmasdan, boshqalarni jalb qildi. Axir uch yildan beri Masharipov bilan Sayfiyevning tandemi yaxshi chiqayotganini ko‘ryapmiz-ku. Qolaversa, bosh jamoamiz 3-4 oydan bir o‘ynaydi, unda ham o‘rtoqlik uchrashuvlari. Aytmoqchimanki, Abramov qanday qilib futbolchilar bilan til topisharkin? Lekin jamoamiz chakki emas.

Eng asosiysi, murabbiy o‘yinchilarni joy-joyiga qo‘yishni bilishi kerak. Qo‘l ostidagi futbolchilaridan to‘g‘ri foydalanishi muhim. Gapning ochig‘i, Sayfiyevni tarkibdan chiqarib yuborganidan xafa bo‘ldim. Nima u yosh bolami yoki o‘ynashni bilmaydimi? Axir u o‘tgan yillar davomida terma jamoamizda yetakchi o‘yinchilardan biri bo‘lib kelyapti-ku, to‘g‘rimi? Masharipovni esa jamoa yuragi desa bo‘ladi va u Farruh bilan yaxshi chiqishadi. Oldimizda turgan o‘ta mas’uliyatli bellashuvlarda yoshlardan ko‘ra, tajribali futbolchilarga ko‘proq ishonish kerak. Terma jamoaga chaqiriladigan futbolchilar borasida fikrim boshqacha. Hammasini o‘yin ko‘rsatadi.

Saudiyadagi issiq havoning qanchalik ta’siri bor?
- Albatta, issiq ob-havoning faqat bizga emas, ularga ham ta’siri bo‘ladi. Agar biz o‘zimizda to‘p sursak, kechki 7 larda o‘ynardik. Saudiyada esa uchrashuvlar yanada kechroq bo‘ladi. Bu qaytanga biz uchun ham juda qulay. Faqat futbol o‘ynash kerak, tamom. Yigitlar bir-biriga yordam berishi va maydonga ahil bo‘lib chiqishlari lozim.

Terma jamoamiz keyingi bosqichga chiqa oladimi?
- Men terma jamoamizga ishonaman. Ammo taktik xatolar bo‘lmasa?! Boya aytganimdek, Sayfiyevni termaga olmadi. Tarkibdan to‘g‘ri foydalanishni o‘rniga, biz hozirdan qo‘ldan chiqarib qo‘yyapmiz. Mayli, boshqa futbolchilar ham o‘ynashsin. Lekin jalb qilinmaganlar ishonarli va jamoaning yuzi-ku. Murabbiy esa o‘zidan-o‘zi ularni tarkibdan chiqarib yubordi. Avvalgi o‘yinlarimizni ko‘rsangiz, Abramov shunday qiladiki, Odil Ahmedovni eng oxirgi chiziqqa qo‘yib qo‘yadi. Murabbiyni xayoliga uni himoyaga qo‘yib qo‘yish fikri qayerdan kelib qolarkin? Juda hayronman. Odil Ahmedov o‘rtada jamoa o‘yinini boshqaradigan futbolchi bo‘lsa, uni orqaga qo‘yishni nima keragi bor? Mana shunday tomonlaridan noroziligimni bildirmoqchiman. Lekin jamoaga ishonamiz.

Shuhratbek Jo‘rayev


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Birodar Abduraimov Vadim Abramovga qanday e’tiroz bildirdi?