4 161
Esingizdan chiqmasin, terma jamoa - bu xalqniki! Navbatdagisi shunchaki muvaffaqiyatsizlik emas, bunga kim javob beradi?
Ha, biz shu darajaga yetib keldik! Qachonlardir yuz bergan o‘zgarishlardan keyin osmonlarga parvoz qilishga taraddud ko‘rdik, ammo qarasak pastga sho‘ng‘iyotgan ekanmiz. Achinarlisi, bu sho‘ng‘ishni ko‘ra bilib turib, go‘yoki ko‘rmaslikka oldik-a?
To‘g‘ri, har bir O‘zbekiston fuqarosi sifatida aslida barchamiz terma jamoamizning g‘alabalarini kutardik, umid qilardik va xohlardik. Ammo bu biz uchun o‘y-hayollar edi. Terma jamoamizga qarash uchun pardani olib tashlaganimizda hammasi ko‘rindi. Futbol jamoatchiligidagi vakillar bilan gaplashganimizda aksariyati ishonmayotganini, kuchli xavotir borligini aytishdan charchashmadi. Chunki voqelikka real ko‘z bilan qarashayotgandi. Ammo, baribir yaxshilikka umid qilaverdik.
Mana, oxiri nima bo‘ldi? Bu faqat sharmandagarchilik! Endi bunga kim javob beradi? Vadim Abramov deysizmi, shubhasiz u natijaga javobgar. Qo‘pol qilib aytganda, hammasini rasvo qildi. Lekin masala birgina Abramov bilangina bog‘liq emas. Uni kim tayinladi va nima uchun? Bu yog‘i savollar ketidan savollar tug‘ilaveradi. Natijada futbolimizdagi og‘riqli muammolar ko‘lami kengayib boraveradi, ammo tayinli javob yo‘q!
Ravshan Ermatov futbolimiz tepasiga kelgach, qanday o‘zgarishlar bo‘ldi? Biz qayoqqa qarab yo‘l olyapmiz? Bu kimnidir shaxsiy klubi emaski, xohlaganini qilsa?! Bu jamoa xalqniki. Abramovdan tashqari Ermatov ham xalq oldida javob bersa adolatdan bo‘ladi. Bu yerda gap ayovsiz tanqidlar yoki kimnidir yerga urish haqida ketmayapti. Faqat ko‘zni kattaroq ochib, futbolimizda nimalar ro‘y berayotganiga teran nigoh tashlash lozim. Shuning uchun ular o‘tgan vaqt davomida nima qilishdi, qayerda xatoga yo‘l qo‘yishdi, tan olish ham mardning ishi.
Nahot, O‘zbekiston jahon chempionatiga munosib bo‘lmasa?! Biz haqli emasmizmi? Butun boshli halq necha yildirki terma jamoamizni jahon chempionatiga chiqishini orziqib kutib yashayapti. Odatda, bosh jamoamiz jahon chempionati uchinchi saralash bosqichida oxirigacha kurashardi va bitta gol yoki bir ochko bizni mundialdan mosuvo qilib qolardi. O‘shanda Mirjalol Qosimov, Samvel Babayan kabilar ayovsiz tanqid qilindi. Endi bo‘lsa, Abramovni ko‘rsatgan bunday sharmandali natijasi oldida ularnikini shunchaki tasavvur qilib olavering. Biz Vadim Karlenovichga shuning uchun ishonganmidik?! Poyezd ketib bo‘ldi, endi attang qilishdan foyda yo‘q. Alam qiladigani yana muxlislar bundan qattiq iztirob chekishyapti.
Yodingizda, Abramov Kuperni o‘rniga kelgan. Kechagi mag‘lubiyatdan keyin darhol argentinalik murabbiyni beixtiyor ko‘pchilik esladi. U chetdan kelib ishni avvalo terma jamoamizning og‘riqli muammosi – himoyani kuchaytirishdan boshladi. Lekin o‘shanda deyarli barcha, hozirgi terma jamoadagilar, boshqa murabbiylar ham Kuperning taktikasini keskin tanqid qildi. Biz hujumkor futbolga moslashganmiz deya misterning uslubini yoqtirishmadi. Keyinchalik aslida kim to‘g‘ri yo‘ldan borganini vaqt ko‘rsatib qo‘ydi. Abramov hech qachon himoyaga qaramagan, doim hujumkorlikni istaydi. Aynan shu uslub uni tarafdorlariga ayni muddao edi. Ammo taassufki, Abramovning o‘sha ojiz nuqtasi yakunda qimmatga tushdi. Saudiyaga Toshkentda yutqazganimiz yodingizdami?
Jamoa hujumga berilib ketishi evaziga himoyani unutdik va bundan arablar foydalanib, yutib ketishdi va bu Abramovning mag‘lubiyati edi. Axir eng yaxshi hujum himoyadan boshlanadi, degan tushuncha bor-ku, futbolda. Ko‘plab mutaxassislar Vadim Karlenovichni o‘zi bilganidan qolmasligi haqida ko‘p aytishardi va bu yana o‘z isbotini topdi. Lekin terma jamoa – bu Abramovning shaxsiy jamoasi emas.
Xullas, biz hali ham jahon chempionatidan ancha olisdamiz. Mundialga munosib bo‘lish uchun futbolimizdagi tizimni tubdan isloh qilish shart. O‘FA prezidenti futboldagi korrupsiya, totalizator kabi salbiy illatlarga qarshi kurashayotgani albatta yaxshi. Lekin bu hali yetarli emasdek. Terma jamoamizning sharmandali natijasidan keyin hammasini bir boshidan ko‘rib chiqish lozim. Hozirgi tizim esa o‘zini oqlamayotganini hamma bilib turibdi.
Darvoqe, milliy terma jamoamizning mag‘lubiyatlariga ko‘nikkanmiz. Alamli o‘yinlarning guvohi bo‘lganmiz. Lekin bu safargisi ancha og‘riqli bo‘ldi. Sababi bitta: biz hech qachon jahon chempionatining ikkinchi saralash bosqichida qolib ketmaganmiz. Uchrashuvdan avval ayrim hamkasblarimiz saudiyaliklarga qarshi uchrashuvni terma jamoamizning eng muhim o‘yini deb atashdi. Ammo bunday emas, ishoning. O‘zbekiston uchun eng muhim o‘yinlar uchinchi saralash bosqichidagi oxirgi bahslar bo‘lgan va buni barchamiz yaxshi bilamiz. Chunki o‘shanda o‘rtaga mundial chiptasi tikilgan uchrashuvlarda qatnashganmiz.
Saudiya Arabistoniga qarshi bellashuvda vakillarimiz ko‘p narsaga qodir edi. Biroq yana o‘sha o‘yin haqida eslagim ham kelmayapti. Shunchaki, bu o‘yin futbolimizning bugungi darajasini yaqqol ko‘rsatib berdi. Ko‘zimizni ochdi! Shu paytgacha qilgan barcha harakatlar aynan shuning uchunmidi?! Futbolimizdagi muammolar yig‘ilib-yig‘ilib shu holatga yetib keldi. Ravshan Ermatov bungacha ham bir necha bor o‘zbek futbolini rivojlantirish, milliy terma jamoamizni jahon chempionatiga olib chiqish asosiy maqsad ekanligi haqida bir necha bor aytdi. Ko‘ryapsizki, bari quruq gaplar bo‘lib qolyapti. Shu bois Ermatov ham endi xalq oldida javob berishi lozim. Boya bejizga aytmadik, terma jamoa – bu xalqniki, kimningdir shaxsiy jamoasi emas.
Internetda ham keng jamoatchilik bu mag‘lubiyatni juda og‘ir qabul qilayotganini ko‘ryapmiz. Achinarlisi, o‘zbek futboliga bo‘lgan ishonch qolmayapti, muxlislarda. Qayerga qaramang, terma jamoamiz haqida turli prikollar, xazilomuz videolar tarqalyapti. Futbol mutasaddilariga mana shunday masxara bo‘lish kerakmidi?! Aslida bu juda og‘ir holat. Shunday ekan, futbolimizda jiddiy islohotlarga qo‘l urish vaqti keldi (hatto o‘tib ham ketdi). O‘ylaymizki, O‘FA prezidenti vaziyatni yaxshi tushunib turibdi. Lekin hayronman, xalqimiz terma jamoamizni jahon chempionati ishtirokchisiga aylanishini yana qachongacha kutarkin?!
Aytgancha, 19 iyun kuni O‘FAning navbatdan tashqari kongressi o‘tkaziladi. Balki unda futbolimizdagi burilish nuqtasini ko‘rarmiz?!
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Yaponlar qishda uylarini qanday isitadilar?
AQSH va Rossiya Isroil hamda “Hizbulloh” o‘rtasidagi kelishuvda vositachi bo‘ladi
Andijonda Tez tibbiy yordam markazi direktor o‘rinbosari o‘z ishiga tiklandi
Tramp AQSH bosh prokurori lavozimiga kongressmen Gets nomzodini ilgari surdi