11:20 / 23.06.2021
3 148

"Tarkibda 11 nafar Odil Ahmedov bo‘lganida jahon chempionatiga chiqardik, ..." - Timur Kapadze futbolimiz haqida


Bugungi kunda yurtimizdagi eng iste’dodli va muxlisu, mutaxassislarning e’tiboriga tushgan murabbiy sifatida Timur Kapadze desak adashmaymiz. U “Olimpik” klubidagi ishi orqali ham yaxshi taassurot qoldiryapti.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligi uchun aynan Kapadzening ham nomzodi bo‘lishi mumkinligi bo‘yicha gap-so‘zlarni eshityapmiz. Kapadze Sports.uz sayti uchun “Olimpik”dagi vazifasi, keyingi rejalar, milliy terma jamoa bosh murabbiyligi va Odil Ahmedov haqida o‘z munosabatini bildirdi.

“Murabbiyga natijasiga qarab baho beriladi”
- Murabbiy qanday qilib o‘zini ko‘rsata olishi mumkin? Asosan ishi va natijasi bilan, gapi bilan emas. Boshqalar ishiga, natijasiga, jamoasining o‘yiniga qarab murabbiyga baho beradi. Murabbiylik bizning ishimiz. Bu oson ish emas, qiyin. Har 4-5 kunda o‘yin. Bugun o‘ynadikmi, darhol navbatdagisiga tayyorgarlik boshlanadi. Deyarli dam olishga vaqt yo‘q. Har bir o‘yinga tayyorgarlik va undagi natija ancha kuchni talab qiladi. O‘tgan bellashuvni unutib, oldinda turgan bahsga yanada jiddiy hozirlanish, kamchilik va xatolarni to‘g‘rilashi zarur bo‘ladi. Ayniqsa, futbolchilarni ruhiy va jismoniy jihatdan ham tayyorlab borish kerak. Ushbu jarayon yil mobaynida davom etib keladi. Lekin ishlaydigan va harakatdan to‘xtamaydigan murabbiy nimagadir erishadi.

“Bizga vazifa berildimi, buni yorug‘ yuz bilan bajarishimiz kerak”
- Bilasiz, “Olimpik” jamoasini boshqaryapman. Oldimizda Olimpiada saralash musobaqasi va Osiyo chempionati bor. Bunday katta musobaqalarga munosib tayyorgarlik ko‘rishdek vazifa ham turibdi. Futbolchilarni tayyorlash oson ish emas. Biz o‘yinchilarimizni nafaqat Olimpiadaga, balki milliy terma jamoaga ham yetkazib berishimiz kerak, ayniqsa bu kelajak uchun foydali. Keyingi jahon chempionati saralash bosqichigacha qo‘l ostimizdagi yigitlar voyaga yetgan va tajribalari ham ortgan bo‘ladi. Olimpiya terma jamoamizning manfaatini o‘ylagan holatda harakatdaman. “Olimpik” klubidagi yoshlarni kuchaytirish uchun ham harakat qilyapmiz. Agar bu yoshdagi futbolchilarimiz qancha ko‘p bo‘lsa, jamoamiz ham shunga yarasha kuchli bo‘lib boraveradi.

Futbolda har hil holat bo‘ladi, kimdadir jarohat, yana kimdir yaxshi sport formasida bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun ham ixtiyorimda qancha ko‘p kadr bo‘lsa, bundan faqat terma jamoamiz yutadi. Bu yo‘lda ishlayapmiz. Bizga vazifa berildimi, buni yorug‘ yuz bilan bajarishimiz kerak. Qo‘limdan kelganicha maksimal darajada natija ko‘rsatmaguncha to‘xtamaymiz. O‘zimdan ham buni doim talab qilaman. Birinchi o‘rinni olish uchun nima qilish kerak bo‘lsa, hammasini bajarishga tayyorman.

“Tanqidlar orasida haq gaplar ham, nohaq gaplar ham bor”
- Milliy terma jamoaga kelsak, bu hammasidan ustun turadi. Uning yutug‘i yoki mag‘lubiyati butun futbolimizga baho beradi. Ayniqsa, natijalar futbol ichidagi insonlarga ham ta’sir qiladi. Mag‘lubiyatdan keyin yoqimsiz gaplar bo‘lyapti. Tanqidlarning orasida haq gaplar ham, nohaq gaplar ham bor. Bu biz uchun og‘ir. Agar milliy terma jamoa yutsa bizda ham kayfiyat yaxshi bo‘ladi. Eng muhimi bundan muxlislarimiz xursand bo‘lishadi.

“Menimcha, har bir murabbiy va futbolchi milliy terma uchun tayyor turishi kerak”
- Endi milliy terma jamoa bosh murabbiyligiga to‘xtalsam, albatta men hozirgi kunda “Olimpik” klubi bosh murabbiyiman. Oldimizda katta vazifalar turibdi va bu yo‘lda harakatdaman. Lekin rahbariyat va mutaxassislar milliy terma jamoa bosh murabbiyligi uchun menga to‘xtalishsa, milliy terma jamoa men uchun har doim ustun turgan. Qo‘limdan kelganicha bosh jamoamizning manfaati uchun harakat qilaman. Lekin o‘ylaymanki, yaxshi murabbiylar bor, o‘zimizda ham kuchli mutaxassislar bor.

Albatta, rahbariyat qanaqa murabbiy zarurligi borasida chuqur o‘rganib chiqishadi va har taraflama ko‘rib chiqqach, qaysidir mutaxassisni tanlashadi. Balki bu xorijdan ham bo‘lishi mumkin. Bizning mentalitetimizga, filasofiyamizga mos tushadigan murabbiy bo‘lsa yanada yaxshi. Futbolimizning o‘sishiga va milliy terma jamoamizning natijalariga hissasini qo‘sha oladigan kuchli murabbiy kelsa, buni qo‘llab-quvvatlayman. Futbolchilarimiz haqida tanqidiy gaplar bo‘lyapti, ammo o‘yinchilarimiz yomon emas. Ayniqsa, hozirgi zamonaviy futbolda murabbiyning roli katta.

Futbolchilarga to‘g‘ri ko‘rsatma berish kerak va ularni to‘g‘ri o‘ynatish lozim. Maksimal darajada futbolchilarning potensialidan foydalana olish muhim. Yana qaytaraman: har doim milliy terma jamoa manfaati ustun turadi. Men esa bosh jamoamizga yordam berish uchun har doim tayyorman. Menimcha, har bir murabbiy va futbolchi bunga doim tayyor turmog‘i darkor. Rahbariyat ham nomzodlarni tanlab, murabbiylarning ishini o‘rganadi, tahlil qiladi.

“Odilning bundan keyin ham futbolimizga foydasi tegadi”
- To‘g‘rimi yoki noto‘g‘rimi, bu Odil Ahmedovning o‘z qarori. Menimcha, bu qarorga bir kunda kelmagan. Odil terma jamoamiz va futbolimiz uchun ko‘p narsa qilgan. Ammo bundan keyin ham u futbolimiz uchun ko‘p narsa qiladi. Albatta, Ahmedovning terma jamoadagi faoliyatini yakunlagani yoqimsiz. Odilning milliy terma jamoamiz bilan jahon chempionatida ishtirok etib, so‘ng chiroyli tarzda xayrlashishini xohlardik. Lekin hamma narsa ham unga bog‘liq emas. Balki tarkibimizda 11 nafar Odil Ahmedov bo‘lganida jahon chempionatiga chiqardik. Hayot davom etadi. Ahmedov bu qarorni har tomonlama o‘ylab keyin chiqargan. Baribir u futbolda qoladi. O‘zining akademiyasi ham bor. Futbolimizga hissa qo‘shishda davom etadi. Bu borada uni qo‘llab-quvvatlashga va yordam berishga tayyormiz. Odilga rahmat aytaman. Keyingi faoliyatida ham unga omad tilayman.

“Hech kimga kerak bo‘lmagan murabbiy bizga ham kerak emas”
- Hozir ko‘pchilik Ektor Kuperni eslayapti. Bugungi paytda eng xaridorgir murabbiyni olib kelish kerak, hech kimga kerak bo‘lmagan murabbiy bizga ham kerak emas. Kuper deymizu, ha, u oldin yaxshi ishlagan, natijalari ham ijobiy chiqqan. Lekin oxirgi 10-15 yilini olsak, jamoalardan-jamoalarga ko‘chib yurgan. Agar kuchli bo‘lsa, har doim xaridori chiqadi. Bu murabbiyni yomonlash fikridan yiroqman. Faqat statistikasiga ham qarash kerak. Xorijdan olib kelganga yarasha talab kuchli bo‘lgan va natija ko‘rsata oladigan mutaxassisni olib kelish lozim. Aynan shunday tanlov bizga ham foydali bo‘ladi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Tarkibda 11 nafar Odil Ahmedov bo‘lganida jahon chempionatiga chiqardik, ..." - Timur Kapadze futbolimiz haqida