23:04 / 26.06.2021
3 622

"Hammasi yaxshi, lekin o‘zbek futboli cho‘kmoqda..."


Afsuski so‘nggi oylarda o‘zbek futboli "yuziga" bir qator shapaloqlar kelib tushdi. Bu shapaloqlar keyingi yil yaqindagina mashhur bokschimiz qabul qilib olgan nokautli zarbaga aylanmasa bo‘ldi.

May oyida Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichida mamlkatimizning ikkita klubi 7tadan ochko to‘plashdi va ortga qaytishdi. AGMK oldinga Tojikiston chempionini o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, "Paxtakor" esa 6ta o‘yinda atigi bitta g‘alabaga erishdi xolos. O‘yin bo‘yicha ham jamoalarimiz yorqin o‘yin ko‘rsatishdi desak muxlislarni aldagan bo‘lamiz.

Iyun oyida esa O‘zbekiston milliy terma jamoasi Singapur va Yamanni mag‘lub etdi va hal qiluvchi bahsda Saudiya Arabistoniga 0:3 hisobida yutqazib sharmandali tarzda mundial saralashini ikkinchi bosqichdayoq tark etdi. Bu o‘yindan keyin muxlislarimizning o‘zbek futbolidan ko‘ngli yanada sovub ketdi.

Mart oyida boshlangan Superliga bahslari haqida ham ijobiy gaplarni ko‘p ayta olmaymiz. Klublarimiz namoyish etayotgan o‘yinlar muxlislarni quvontirayotgani yo‘q. Masalan, kecha bo‘lib o‘tgan "Turon" - "Mash’al" uchrashuvini olaylik. Jamoalar raqib darvozasi tomon bironta aniq zarba bera olishmadi. Superliga o‘yinida bironta aniq zarba yo‘q! Bu bilan faqat mana shu ikkita klubni yomonlamoqchi emasmiz. Superligada bitta turda 7ta uchrashuv bo‘ladi. Mana shu 7ta o‘yinda 35-40ta aniq zarba (o‘rtacha 5-6ta aniq zarba) bo‘lishiga ishonish juda qiyin.

Aniq zarbalar bo‘lmaganidan keyin yaxshi darvozabonlar qayerda paydo bo‘ladi? Darvozabonlar qo‘ziqorin emasku bitta yomg‘ir yog‘sa o‘zidan-o‘zi chiqib qoladigan. Posbonlarimiz 90 daqiqa davomida bironta zarbadan keyin to‘pni qaytarmaydi, hatto terlashga ham ulugrmaydi. Shundan keyin Osiyo chempionlar ligasida jarima zarbalaridan gollar o‘tkazamiz va darvozabonlarimizni ayblaymiz, bitta darvozabon jarohat olganidan keyin terma jamoaga munosib boshqa posbon topa olmay Jahon chempionatidan chetda qolamiz...

Superligada ayni paytda "Paxtakor" yakka peshqadam, jamoa hech kimga yutqazmadi. Tarkibi anchagina kuchsizlangan, moliyaviy holati o‘tgan yilgidan ancha kamaygan "Paxtakor" hali hamon hech qaysi klubga yutqazgani yo‘q. Uning ortidan kelayotgan "So‘g‘diyona" va AGMK klublarida ham o‘yin yorqin emasligini men aytmasam ham aniq ko‘rib turibsiz. To‘g‘ri natijaga erishilmoqda, ammo faqat natija bilan muxlislarni stadionlarga qaytarib bo‘lmaydi. Baqoyev ham, Qosimov ham bir necha yillardan buyon shu klublarda ishlashmoqda. Biroq o‘yin borasida ikkala klub ham maqtana olmaydi. Aytish mumkin bo‘lsa faqat "Nasaf"da kombinatsion futbol yo‘lga qo‘yilgan. Buning asosiy sababi sifatida Qarshi klubi oldiga aniq bir vazifa qo‘yilmagani va ko‘plab yosh futbolchilar tarkibda o‘ynashayotgani bilan bog‘lash mumkin. Yoshlar maydonda shijoat va o‘zini ko‘rsatish uchun borini berib o‘ynashi hech kimga sir emas.

Afsuski O‘zbekistonda bugungi kunda "Paxtakor"ga chempionlik borasida raqobatchi yoki raqobatchilar deyarli yo‘q. OCHLdagi muvaffaqiyatsizlik, Jahon chempionati saralashida sharmandalik, Superligadagi saviyasiz o‘yinlar...o‘sha mashhur kinodagi bir dengizchi aytganidek "hammasi yaxshi, lekin cho‘kayapmiz"...

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Hammasi yaxshi, lekin o‘zbek futboli cho‘kmoqda..."