14:18 / 11.07.2021
3 033

Samvel Babayan "Navbahor"da murabbiymi yoki menejer? Klub matbuot xizmati rasmiy ma’lumot berdi


Mamlakatimizning taniqli mutaxassislaridan biri bo‘lgan Samvel Vyacheslavovich Babayan bugundan “Navbahor”da maslahatchi-murabbiy sifatida ish boshladi. U endi murabbiylar shtabida Viktor Jalilovga yordam beradi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

Samvel Babayan 1971 yil, 19 may kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent Davlat Jismoniy tarbiya institutida murabbiylik yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan.

Futbolchilik faoliyati davomida o‘sha paytda sobiq ittifoq chempionatining 2-ligasida ishtirok etadigan jamoalarda o‘ynagan. Samvel Babayan futbolchilik faoliyatini ayrim sabablarga ko‘ra, erta yakunlashga majbur bo‘lgan.

1995 yili Viktor Jalilov bilan birgalikda “Navbahor” murabbiylar shtabida faoliyat olib boradi. Samvel Vyacheslavovich Namanganda 2001 yilgacha ishladi. Ushbu davr mobaynida klub bir marta mamlakat chempionligini (1996 yili), 4 marta bronza medallari (1995, 1997, 1998-1999 yillar), 2 marta O‘zbekiston kubogi (1995, 1998 yillar), bir marta O‘zbekiston superkubogini (1999 yil) qo‘lga kiritgan.

Shundan so‘ng, Samvel Babayan 2001-2002 yillari O‘zbekiston terma jamoasida menejer sifatida faoliyat olib bordi.
2002 yildan Toshkentning “Paxtakor” jamoasida vitse-prezident sifatida ish boshlagan Samvel Vyacheslavovich mazkur lavozimda 2014 yilgacha faoliyat olib bordi. Shu davr mobaynida poytaxtliklar ichki musobaqalarda ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritishdi. Shuningdek, OCHL turnirida ham muvaffaqiyatli ishtirok etishdi. Albatta, “sherlar”ning ushbu zafarlarida Samvel Vyacheslavovichning munosib hissasi bor.

Samvel Babayan 2014-2015 yillarda “Paxtakor” bosh murabbiyi lavozimida faoliyat olib bordi va mazkur mavsumlarda toshkentliklar milliy chempionatimiz oltin medallarini qo‘lga kiritishdi.

Samvel Vyacheslavovich 2015-2017 yillari O‘zbekiston milliy, 2016 yili esa parallel ravishda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasida bosh murabbiy bo‘lib ishladi.

Samvel Babayan 2018-2019 yillari Latviyaning “Spartak” (Yurmala) jamoasida faoliyat olib bordi.
2019 yili esa Toshkentning “Lokomotiv” jamoasini boshqardi. Ushbu mavsumda “temiryo‘lchilar” Superligada 2-o‘rinni egallashdi.

2020 yili Xitoyning “Chanchun Yatay” jamoasida bosh murabbiy sifatida faoliyat olib bordi.
Samvel Babayan 2014 va 2015 yillari O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi, deb topilgan.

”Navbahor” chempionlikni qo‘lga kiritgan 1996 yili jamoa murabbiylar shtabida faoliyat yuritgan Samvel Babayan 2019 yilgi mavsumda “Lokomotiv” bosh murabbiyi sifatida Namanganga tashrif buyurgan va o‘yindan keyingi matbuot anjumanida eng katta orzularidan biri xuddi 1996 yili bo‘lganidek, “Navbahor”ni chempion qilish ekanligini ta’kidlagandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Samvel Babayan "Navbahor"da murabbiymi yoki menejer? Klub matbuot xizmati rasmiy ma’lumot berdi