11:00 / 20.07.2021
2 970

Futbolda inqilob! 30 daqiqalik taymlar, "aut"dan oyoq bilan va sariq kartochkadan keyin chetlatish!


Janni Superliga g‘oyasi omma yuzini ko‘rganida, qo‘lidan kelgancha qarshilik qilgan edi. Ko‘p o‘tmay, klublar o‘rtasidagi mundialni kattaroq hajmda o‘tkazish borasida yangi g‘oyalarni oshkor qildi. Ko‘proq grandlar va klublar sonini oshirgan xolda, Infantino turnirni Xitoyda o‘tkazish niyatida. U tribunaga muxlislar qaytishini kutmoqchi. Bu musobaqadan keladigan daromadni oshiradi.

Keling, FIFA amalga oshirmoqchi bo‘lgan o‘zgarishlar bilan tanishtirib o‘tamiz:
- Bir bo‘limning davomiyligi 30 daqiqa;
- To‘p maydonda bo‘lmagan paytda vaqt to‘xtatiladi;
- Zaxiradan maydonga tushadigan futbolchilar soni cheklanmaydi;
- Yon chiziqdan oyoq bilan to‘pni o‘yinga kiritish;
- Erkin zarbalarni ijro etuvchi bemalol o‘yinga kiritishi;
- Sariq kartochka olgan futbolchi 5 daqiqaga o‘yindan chetlatiladi.

Bir qarashda g‘alati ko‘rinishi mumkin, ammo o‘zgarishlarda mantiq bor. FIFAning rivojlanish bo‘limi maslahatchilari taklif etayotgan o‘zgarishlardan yagona maqsad futbolning tomoshabopligini oshirish. Afsuski, bu katta tavakkal. Agar o‘zgarishlarning barchasi amalga oshirilsa, futbolning umumiy ko‘rinishi o‘zgacha tus oladi. Xo‘sh, bu o‘zgarishlardan futbol naf ko‘radimi? FIFAning qarori qay darajada o‘zini oqlaydi?

Kichik chetlatish - g‘irt ahmoqlik!
Tasavvur qiling, hisob 1:1, 85-daqiqa davom etmoqda. Hakam himoyalanayotgan jamoadagi bir yo‘la ikki futbolchiga sariq kartochka ko‘rsatdi. Oqibatda, o‘yinning hal qiluvchi qismida 11:9 futbol tomosha qilishga majburmiz. Natijada, hakamlarga bo‘lgan e’tiroz keskin ortib ketadi. Referi esa, sariq kartochka ko‘rsatish uchun VARga murojaat eta olmaydi. Boz ustiga, har bir kartochka uchun futbolchilar maydonni tark etsa, o‘yin tempi keskin tushib ketadi. Futbol o‘z-o‘zidan jozibasini yo‘qotib qo‘yadi.

E’tiborlisi shundaki, bu qoidalar asosida test rejimida musobaqa bo‘lib o‘tyapti. "RB Leyssig", "Bryugge", AZ va PSV klublari o‘rtasidagi turnirda qiziq voqea yuz berdi. Darvozabon raqibga qarshi qo‘pollik ishlatdi va sariq kartochka oldi. Bosh murabbiy maydonni vaqtincha tark etgan kiperning o‘rniga boshqasini o‘yinga tashladi. 5 daqiqadan so‘ng, sariq kartochka o‘z kuchini yo‘qotdi. Xo‘sh, endi ikkita darvozabonni bir jamoaga qanday joylashtirish mumkin?

Bolalar futbolidan farqli o‘laroq, kattalarda kartochkalar soni ko‘proq. Agar APL yoki A seriyada bu qonun kuchga kirsa, futbol bir zumda hokkeyga aylanib ketadi. Tasavvur qilib ko‘ring, hakam janjaldan so‘ng 2 qizil va 4 sariq kartochka ko‘rsatdi. Maydonda 16 futbolchi qoladi! FIFA inovatsion g‘oyalarni taqdim etayotgani yaxshi, ammo takliflar hali 100 foiz o‘rganib chiqilmagan. Barchasi xom o‘ylangandek tuyulmoqda.

"Aut"ni oyoq bilan tashlash toza o‘yin vaqtini oshiradimi?
FIFA o‘ylab topgan yangi qonunlarga suyanadigan bo‘lsak, endi "aut" otishga hojat yo‘q. Arsen Vengerning aytishicha, to‘pni yon chiziqdan o‘yinga kiritayotgan jamoa o‘z-o‘zidan bir futbolchisidan ayriladi. Bu esa, adolatdan emas. Shu bois, endi "aut" o‘rniga to‘pni o‘z-o‘ziga oyoq bilan tashlab olish mumkin. Shu tariqa, tomonlar o‘yin tempining bir soniyaga ham tushib ketmasligini ta’minlaydi.

Vaqt faqat toza futbol chog‘ida harakatda bo‘lishi ham ko‘plab noqulayliklar tug‘diradi. Ba’zi bahslar 100 daqiqada o‘z yakuniga yetsa, ba’zilariga 140 daqiqa talab etilishi mumkin. Katta teletranslyatsiyalarga mo‘ljallangan kanallar tuzgan rejalar aynan o‘yinning qancha davom etishi bilan bog‘lanib qolmasligi kerak.

So‘nggi turlar chog‘ida voqealar qanday rivoj topishini bir hayolingizga keltiring! Ikki jamoa parallel o‘yindagi hisobdan xabar topishi va o‘z uchrashuvini imkon qadar cho‘zib yakunda kerakli hisobni qayd etishi mumkin. O‘ylashimcha, FIFA grand klublarning talabini bajarish maqsadida hom g‘oyalarni ommaga taqdim etdi.

Aynan katta klublar uchrashuv vaqtini kamaytirish taklifi bilan chiqqan, basketbol va xokkey singari futbolni ham 1 soat ichida bo‘lishini istagan. FIFA Superliga g‘oyasidan ilhomlanib, yangicha yondashuvni namoyish etmoqchi. Hozircha, buni uddalay olishgani yo‘q.

Grandlar uchrashuv vaqtini kamaytirish taklifi bilan chiqqani rost. Basketbol va hokkey singari futbolni ham 1 soat ichida bo‘lishini istashmoqda. FIFA Super liga g‘oyasidan ilhomlanib, yangicha yondashuvni namoyish etmoqchi.

Bu test rejim xolos! Qo‘rqib ketmang!
FIFA yangi qoidalarni taklif etgach, avval sinab ko‘rilishini, keyin analiz qilinishini e’lon qildi. Barchasi ko‘ngildagidek o‘tsa, keyin IFABga taklif bilan chiqiladi. Katta ehtimol bilan, bu qarorlarning birortasi Xalqaro futbol assotsiatsiyasi tomonidan ma’qullanmasa kerak. 30 daqiqadan ikki taym g‘oyasi absurd ekanligini aniq.

Zaxira futbolchilarini istagancha maydonga tushishiga ruxsat berish, murabbiylarning boshog‘rig‘iga aylanadi. Vaqtincha chetlatish - g‘irt ahmoqlik! Autni oyoq bilan tashlash g‘oyasi esa, ancha qiziq. U futbolga yangilik olib kirishi mumkin. Qolgan barcha fikrlar tanazzulga yuz tutadi.

FIFA rahbarlariga hech yo‘q Ofsayd borasida yangilik o‘ylab topmagani uchun minnatdorchilik bildiramiz. O‘z vaqtida Mishel Platini bu masala borasida ham o‘zgarish amalga oshirish niyatida bo‘lgan edi.

Aslida, yangilik bilan katta sahnaga chiqqan barcha tanqidga uchraydi. Bu tabiiy. FIFAni ham tushunish mumkin. Reformlar hozir zarur. Auditoriani kattalashtirish, o‘yin vaqtini qisqartirish orqali tomoshaboplik oshishi niyat qilingan. Xo‘sh, yakunda klassik futbol g‘olib chiqadimi yoki "yangicha" futbolmi? Buni tez orada bilib olishimiz mumkin. Sizningcha, hozirgi futbol reformlarga muhtojmi? O‘z fikringizni komentlarda yozib qoldiring!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Futbolda inqilob! 30 daqiqalik taymlar, "aut"dan oyoq bilan va sariq kartochkadan keyin chetlatish!