20:22 / 23.07.2021
4 494

Mundial chiptasi arzon emas yoxud terma jamoamizni jahon chempionatiga olib chiqadigan murabbiy bor!


O‘zbekiston milliy terma jamoasini kim boshqarishi muhokamalar mavzusida bo‘lib turibdi. Ammo Yaponiyada yozgi Olimpiada musobaqasi boshlangani munosabati bilan hozir barchamizni e’tiborimiz sportchilarimizning Tokiodagi ishtirokiga qaratilgan. Baribir futbol yurtimizda birinchi raqamli sport turi bo‘lgani va unga bo‘lgan qiziqish kuchliligidan hali hamon terma jamoani qaysi mutaxassisga topshirish masalasi muxlislar orasida kun tartibida turibdi. Chunki xalq milliy terma jamoamizning yangi bosh murabbiyi kim bo‘lishini kutyapti.

Tushunamiz, bu oson hal bo‘ladigan jarayon emas. Bu kimnidir shaxsiy klubi emaski, darhol duch kelgan mutaxassisni olib kelgani?! Bosh jamoa – bu o‘zbek xalqiniki. Bu safargi muvaffaqiyatsizlikdan keyin boshimiz devorga urilib, ko‘zimiz ochildi, degan umiddamiz. Mutasaddilar endi milliy terma jamoani boshqaradigan murabbiyni tayinlashda yetti o‘lchab bir kesish maqoliga amal qiladilar deb o‘ylaymiz va oldingidek Abramovni ikkinchi marta bosh murabbiylikka olib kelgani kabi xatoga yo‘l qo‘ymaslik juda muhim.

O‘tgan oyda O‘FAning navbatdan tashqari kongressida futbolimiz prezidenti terma jamoaning yangi bosh murabbiyi masalasiga to‘xtalib, buni obdon o‘ylab, maslahatlashgan holda munosib mutaxassis nomzodiga to‘xtalishlari haqida aytgan va bu borada mahalliy hamda xorijlik murabbiylarning variantlari ko‘rib chiqilishini ham eslatib o‘tgandi. Shundan beri OAVda va muxlislar orasida turli nomzodlar haqida eshityapmiz. Bizningcha, O‘FA rahbariyatida bosh murabbiylik uchun bir qator nomzodlar ro‘yxati shakllantirilgan.

Qaysi Berdiyev? Ro‘ziqulmi yoki Qurbon?!
Ha, chempionatimizda ishlab o‘zini ko‘rsatayotgan, hammaning e’tirofiga sabab bo‘layotgani bu Ro‘ziqul Berdiyev. U hozirda Superligamizdagi eng oldi murabbiylardan biri. O‘FA rahbariyati terma jamoa bosh murabbiyligi uchun mahalliy mutaxassislar nomzodini ham ko‘rib chiqamiz deganida o‘z-o‘zidan birinchi navbatda “Nasaf” ustozi xayolga kelishi turgan gap. Ro‘ziqul Berdiyevga rostdan milliy terma jamoa bosh murabbiyligini taklif qilishdimi-yo‘qmi, bundan bexabarmiz.

Ammo Berdiyev nomzodi deyilganda rostdan “Nasaf” bosh murabbiyi nazarda tutilyaptimi? Boisi, balki bu Qurbon Berdiyev bo‘lishi ham mumkin, degan taxminlar yo‘q emas. Xabaringiz bo‘lsa, Rossiyada nom qozongan ushbu mutaxassis ayni paytda Rossiya milliy terma jamoasini boshqarishi mumkin bo‘lgan nomzodlar qatoriga kiritilgan. Agarda terma jamoamizni boshqaradigan mutaxassislar orasida Qurbon Berdiyev nomzodi bo‘lsa, bu chakki emas. Ro‘ziqul Berdiyev esa matbuot anjumanlaridan birida terma jamoa haqida o‘ylamayotganini, bor e’tiborini klubiga qaratganini aytgani yodimizda turibdi.

Kapadzega tegmanglar!
Berdiyevdan tashqari Timur Kapadze borasidagi gaplar ham qulog‘imizga tez-tez chalinyapti. U o‘sib kelayotgan yosh murabbiylarimizdan biri, gap bo‘lishi mumkin emas. Kapadze haqida bitta gap: u milliy terma jamoamizni kelajakdagi bosh murabbiyi bo‘ladi, ammo hozir emas. Ko‘rinib turibdi, Kapadze murabbiy sifatida ham katta yutuqlarga erishadigandek. Buning uchun unda bilim va salohiyat yaxshi shakllanib boryapti. Ammo rahbariyat unga boshqa muhim vazifani yuklaganini unutib qo‘ymadikmi? Axir yangi “Olimpik” klubi nega tashkil qilindi?

Unga yoshlar terma jamoasi nima uchun ishonib topshirildi? Kapadzening barcha yo‘llari Parijdagi Olimpiadaga olib boradi. U boshlagan ishini yarim yo‘lda qoldirib ketishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Agar Kapadzeni milliy terma jamoaga qo‘yishsa, unda Olimpiada yo‘lidagi rejalar o‘zgarib ketishi aniq. Garchi Timur Kapadzening o‘zi bosh jamoamizni boshqarishga tayyorligini aytayotgan bo‘lsa-da, hali uning uchun biroz vaqtli.

Keyrushga nima deysizlar?!
Baribir terma jamoamizga xorijdan yaxshiroq murabbiy olib kelish zarurmikin-a? Shu kungacha terma jamoamizni jahon chempionatining ostonasigacha olib kelgan murabbiylarimiz bo‘ldi. Ayniqsa, Mirjalol Qosimov, Samvel Babayan boshqaruvida biz haqiqatan har qachongidan ko‘ra yaqinroq kelgandik. Keyin chetdan murabbiy kelsin dedik, Ektor Kuperni olib keldik, ammo unga jahon chempionati yo‘lida ishini oxirigacha yetkazib qo‘yishiga imkon bermadik. Bu endi alohida mavzu.

Bizga o‘zi qanday murabbiy kerak? Nima maqsadda bosh murabbiyni taklif qilamiz? O‘zbekiston termasini ishonchli qo‘llarga topshirishni istayapmizmi? Bunday istaklarimizni barchasi nima uchun? Albatta, hammasining zamiri jahon chempionatiga borib qadaladi. Biz aynan mana shu orzuga erishish uchun murabbiyni qidiryapmiz. To‘g‘ri, aslida azaliy orzuga erishish uchun butun boshli futbolimizni isloh qilish zarurligi haqida ko‘p gapirilyapti.

Bundan tashqari, terma jamoani boshqaradigan mutaxassisni tayinlashda endi adashmasligimiz ham kerak-da! Afsus, hozircha o‘zimizdagi hech bir murabbiy jahon chempionati nafasini tatib ko‘rmagan, uning muhitini bilmaydilar. Balki bizda ham kimdir bordir, terma jamoani mundialga olib chiqadigani, ammo ayni paytda bu masalada tayinli javob yo‘q. Shunday ekan, yaxshisi, bizga jahon chempionatida ishlagan, ko‘pni ko‘rgan tajribali mutaxassisga extiyojimiz borligi aniq.

Gapni cho‘zmaylik, Karlos Keyrushga nima deysizlar?! Nima uchun bu mutaxassisni tilga olayotganimizni yaxshi bilib turibsiz. U Eron terma jamoasini ikki marta mundialga olib chiqqan. Osiyo futbolini biladi va bir necha bor terma jamoamizga qarshi o‘ynagan holda futbolimizdan ham xabardor. Muhimi, portugaliyalik mutaxassis qo‘l ostidagi jamoani qanday qilib jahon chempionatiga olib chiqishni biladi. Buni Erondagi faoliyati davomida butun dunyoga ko‘rsatib berdi. Xullas, Keyrush ayyor va kuchli murabbiy.

Bilasizmi, aslida Keyrushga oldin ham taklif bilan chiqqanmiz. O‘FA vitse-prezidenti sifatida ishlagan Umid Ahmadjonov terma jamoaga Ektor Kuperni olib kelishdan oldin aynan Keyrush bilan gaplashgan. Hatto, Dubayda ikki marta muzokaralar stolida ham o‘tirishgan. Lekin yakunda tomonlar moliyaviy masalada bir to‘xtamga kela olmagandilar. Ha, jahon chempionatiga olib chiqa oladigan murabbiyni narxi ham shunga yarasha qimmat turadi, buni tan olamiz. Axir mundial chiptasi shunaqa - narxi baland, arzon emas...  

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mundial chiptasi arzon emas yoxud terma jamoamizni jahon chempionatiga olib chiqadigan murabbiy bor!