15:35 / 29.07.2021
1 161

Ja’far Irismetov “Paxtakor” tarkibidagi o‘zgarishlar va yig‘in yakunlari haqida gapirdi

Ja’far Irismetov “Paxtakor” tarkibidagi o‘zgarishlar va yig‘in yakunlari haqida gapirdi

O‘zbekistonning amaldagi chempioni – “Paxtakor” ham davralar oralig‘idagi mashg‘ulotlarini davom ettirgan holda bo‘lajak bahslarga hozirlik ko‘rmoqda. Tarkibda ayrim o‘zgarishlar yuz berganidan xabaringiz bor. Klub sport direktori Ja’far Irismetov sports.uz saytiga bir qator masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

“Xyuistra jamoaga 2-3 kun oldin qo‘shildi”
- Yig‘inimizni asosan Qibrayda o‘tkazdik, hech qayerga chiqmadik. Sabablardan bittasi pandemiya bilan bog‘liq. Qibray bizga juda qulay. Mashg‘ulotlarimizni bir mahallik rejimda olib bordik. Qolaversa, barcha mashg‘ulotlarimiz men, Sobir Xodiyev va Laslo Yambor boshchiligida o‘tdi. Chunki bosh murabbiy bilan yordamchisi biroz betob bo‘lgani sababli tayyorgarlikning asosiy qismini o‘zimiz o‘tkazdik desam ham bo‘ladi. Albatta, hammasini bosh murabbiy bilan maslahatlashgan holda uni dasturi bo‘yicha o‘tkazdik. Piter Xyuistra bizga ikki-uch kun oldin qo‘shildi. Endi uni o‘zi mashg‘ulotlarni olib boryapti. Yig‘inimizdan ko‘nglimiz to‘ldi. Ammo o‘rtoqlik uchrashuvilari o‘tkazmadik. Bunga bosh murabbiyning yo‘qligi sabab bo‘ldi.

“Transferlardan ko‘nglimiz to‘ldi”
- Transferlardan ko‘nglimiz to‘ldi. Odil Hamrobekovni qaytardik, u bilan 1,5 yillik kelishuvga erishdik. Doston Hamdamovni ham qaytarishga muvaffaq bo‘ldik. Hamrobekov singari Hamdamov bilan ham 1,5 yillik shartnoma imzoladik. Hujumchiga kelsak, biz bu pozitsiyaga juda ko‘p qidirdik. Bir nechtasini ko‘rdik. Qisqacha qilib aytsam, hujumchini borib o‘zini ko‘rib kelish muammo bo‘ldi. Nimaga? Yevropa chempionati o‘tgani sababli mahalliy chempionatlar to‘xtatib turildi. Shuning uchun o‘yinchini borib ko‘rish qiyin edi. Boyan Matichni tanlashimizni sababi, u “Partizan”da o‘ynagan. O‘yinlarini video orqali ko‘rdik.

Jamoamizga mos keladigan hujumchi bo‘lgani uchun Matich tanlandi. To‘g‘ri, bu vaziyatda katta tavakkalchilik bor. Boya aytdim-ku, hamma joyda hujumchi masalasi muammo. O‘zbekistonga Yevropadan hujumchi jalb qilish qiyin. Matich jamoamizda yaxshi o‘ynab ketadi, degan umiddamiz. “Paxtakor”ga qanchalik moslashib ketishini vaqt ko‘rsatadi. Hozircha Boyan Matich bilan besh oylik shartnoma tuzdik. O‘yinlari bilan bizga ma’qul kelsa, unga yana yaxshi shartnoma taklif qilamiz.

“Matich Cheran kabi yaxshi taassurot qoldiradi, deb umid qilaman”
- Avvalambor, biz Igor Sergeyevni qaytarishga harakat qildik. Lekin uni “Tobol” klubiga o‘tgani sababli “Paxtakor”ga qaytarish imkoniyati bo‘lmadi. Sergeyev “Tobol” bilan kelishuvga erishgandi. Shunga qaramay, biz ham harakat qildik. Keyinchalik Matich nomzodida to‘xtadik. O‘ylashimcha, bu hujumchi Derdiyokning o‘rnini bosadi. Bizga kuchliroq hujumchi kerak edi. Yuqorida aytdim, biz futbolchini jonli ravishda ko‘rib kela olmadik. Legionerlar hamma klublarda muammo. Shu sababli imkon qadar joyiga borib o‘zimiz ko‘rishni istaymiz. Masalan, Dragan Cheranni O‘zbekiston uchun top-legioner deb hisoblayman.

Hozirgi kunda Marko Stanoyevich ham “Nasaf”da o‘zini ko‘rsatyapti. Qolgan legionerlar bo‘yicha savollar ko‘p. Muxlislarimiz bitta narsani to‘g‘ri tushunishlarini xohlardimki, legioner olayotganda ularni O‘zbekistonga jalb qilish qiyin. Nimaga yaxshi saviyadagi legionerlarni olib kelmaymiz, degan savollar va tanqidlar ko‘p bo‘ladi. Xorijlik yaxshi futbolchini tanlayotganda faqatgina bizni xohishimiz rol o‘ynamaydi, ularni ham xohishi inobatga olinadi. Mana shu jarayonlarni ham hisobga olish kerak. Biz ham yaxshi legionerlarni olib kelishni xohlaymiz. Ammo aksariyat holatlarda 28-30 yoshdan yuqori bo‘lgan o‘yinchilar keladi. Yoshroq futbolchilar ko‘proq Yevropada to‘p surishni xohlaydi.

Qolaversa, 30 yoshdan oshgan o‘yinchilar ham ko‘proq Saudiya Arabistoni, Qatar, BAA singari chempionatlarga borishga harakat qiladi. Chunki u yerlarda mablag‘ni bizga nisbatan 2-3 barobar ko‘proq to‘lashadi. Shuning uchun legioner muammosi “Paxtakor”da ham, boshqa klublarda ham bor. Boya aytganimdek, legionerni borib ko‘rish qiyin. Avvalo hamma joyda pandemiya. Futbolchini yillar davomida kuzatish kerak. Ammo shunga yarasha biz kimnidir ancha vaqt kuzatsagu, keyin uni qo‘lga kirita olamizmi? Masalan, “Barselona” yoki “Real” kimnidir yoqtirsa, uni 2-3 yil kuzatadi, keyin taklif qiladi. Bizda bunday imkoniyat yo‘q. Bizga yugurib kelgani “Barselona” emasmiz. Klublarni to‘g‘ri tushunaman, barchasi xorijlik o‘yinchini taklif qilayotganida katta tavakkalchilik bilan oladilar. Boyan Matich “Paxtakor”da Cheran kabi yaxshi faoliyat ko‘rsatadi, deb umid qilyapmiz.

“Rashidovning o‘rnini to‘ldirdik, ammo Yo‘ldoshev ketsa...?!
- Sardor Rashidovning ketishi bizga yo‘qotish bo‘ldi-yu, ammo uning o‘rnini Doston Hamdamovni qo‘lga kiritish orqali to‘ldira oldik. Agar Ibrohimxalil Yo‘ldoshev ketadigan bo‘lsa, uni o‘rnini qoplashimiz qiyinroq bo‘ladi. Chunki chap qanot himoyachilari short-listimizda yo‘q. Bu borada bitta variantimiz bor. Mabodo, Yo‘ldoshev ketadigan bo‘lsa, shu variant bo‘yicha futbolchini olishga harakat qilamiz.

“Sobirxo‘jayev o‘zimizga ham kerak”
- “Paxtakor”da deyarli barcha o‘yinchilarimizga takliflar bor. O‘zbekiston klublari ham ko‘plab takliflar bilan chiqishadi. Asosan Sardor Sobirxo‘jayevga chetdan jiddiy qiziqish bo‘ldi. Mana, Sardor Rashidovga takliflar bo‘lgandi, u ketdi. To‘g‘risi, Sobirxo‘jayevni jamoamizda saqlab qolishni xohlayapmiz. Hozir muzokaralar olib boryapmiz, nasib qilsa keyingi yilga u bilan shartnomani uzaytirish niyatimiz bor. Gapning ochig‘i, Sardor Sobirxo‘jayev bo‘yicha boshqa klublar bilan gaplashishni ham xohlamadik. Bu futbolchi o‘zimizga ham kerak. Shartnoma tugayotgan bo‘lsa ham bosh murabbiy uni qolishini istadi. Shuning uchun unga bo‘lgan takliflarni hatto ko‘rib ham chiqmadik. Sobirxo‘jayevga Osiyoning yaxshi klublari takliflar bilan chiqishdi.

“Chempion bo‘lish oson, uni himoya qilish qiyin”
- Hamma bizga asosiy raqib. Eskitdan barcha biladi, “Paxtakor”ga qarshi klublar 2-3 barobar qo‘shimcha kuch bilan o‘ynaydi. Chempionlikka kelsak, birinchi beshlikda borayotgan jamoalar kurashadi deb o‘ylayman. “Nasaf”, AGMK... “So‘g‘diyona” bu yil ancha barqaror o‘yin ko‘rsatyapti. Bu yoqda “Qizilqum” ham bor. Jamoamizni kuchsizlanib qoldi deyishim qiyin. Negaki, tarkib o‘zagini saqlab qoldik. Doston Hamdamov bilan Odil Hamrobekov qaytganidan keyin yanada kuchaydik deb hisoblayman. Umuman olganda, taklif qilgan uch nafar o‘yinchimiz jamoani kuchaytiradi. Hozir hamma klublar kuchayyapti. Chempionatning ikkinchi qismi ham biz uchun qiyin o‘tadi. Ikki yil ketma-ket chempion bo‘ldik. Chempion bo‘lish oson, uni himoya qilish qiyin, deb bejizga aytmaydilar.
 
Shuhratbek Jo‘rayev


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Ja’far Irismetov “Paxtakor” tarkibidagi o‘zgarishlar va yig‘in yakunlari haqida gapirdi
[/banner_pushhouse