07:00 / 19.08.2021
2 041

Bugun Shomurodovni Gamshik va Jervino kabi yulduzlarga qarshi rasmiy debyut kutmoqda!

Bugun Shomurodovni Gamshik va Jervino kabi yulduzlarga qarshi rasmiy debyut kutmoqda!
Joze Mourino boshchiligidagi “Roma” mavsumdagi ilk rasmiy uchrashuvini o‘tkazadi. Rim klubi UYEFA Konferensiyalar ligasi pley-off bosqichining dastlabki o‘yinida Turkiyaning “Trabzonspor” maydonida mezbonlar bilan kuch sinashadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Konferensiyalar ligasi UYEFA tomonidan tashkil etilayotgan Chempionlar ligasi va Yevropa Ligasidan keyingi uchinchi turnirdir. Bu musobaqa “ko‘hna qit’a”ning aksariyat jamoalari Chempionlar ligasi va Yevropa ligasidan chetda qolayotgani bois, imkon qadar ko‘proq klublarni xalqaro o‘yinlarga jalb etish maqsadida yo‘lga qo‘yildi.

Asosan milliy chempionatlarda yuqori o‘rinlarni egallagan va mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan klublar qatnashayotgan musobaqaga Chempionlar ligasi va Yevropa ligasidan chiqib ketgan ishtirokchilarning ham bosqichma-bosqich qo‘shilib borishi ushbu turnirning ahamiyati va nufuzini oshirmoqda.

Konferensiyalar ligasi g‘olibiga kelasi mavsumda Yevropa ligasining guruh bosqichida ishtirok etish huquqi beriladi.

Bu yilgi turnirda Italiyani sharafini himoya qilish o‘tgan mavsumda A Seriyada yettinchi pog‘onani egallagan “Roma” klubiga topshirildi. Rimliklar xalqaro musobaqaga pley-off bosqichidan qo‘shildi va “Trabzonspor”ga qarshi ikki o‘yin o‘tkazadi.

Mutaxassislar Turkiyadagi o‘yinda Mourino shogirdlari qiyin o‘yin kutayotganini ta’kidlamoqda. Trabzonliklar ancha kuchli hisoblangan milliy chempionatda ketmaket 19 ta uchrashuvdan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Bundan tashqari, “Trabzonspor” o‘z maydonidagi oxiriga 13 ta uchrashuvdan 12 tasida raqib darvozasini ishqol qilishni uddaladi.

“Trabzonsport” Turkiyaning yangi chempionatini muvaffaqiyatli boshlab, birinchi rasmiy uchrashuvida “Yeni Malatyaspor”ni safarda 5:1 hisobida yengdi. O‘z davrida, Yevropaning yetakchi klublarida o‘ynagan Marek Gamshik hamda Jervino jamoaning eng yorqin yulduzlari hisoblanadi.

Slovakiyalik hujumkor futbolchi Gamshik A Seriyada uzoq yillar davomida “Breshia” va “Napoli” sharafini himoya qilgan va yuzdan ortiq gol muallifi bo‘lgan.

Kot-d’Ivuar terma jamoasi a’zosi Jervinoni ham o‘zbek futbol muxlislariga yaxshi tanish. U faoliyati davomida Belgiya, Fransiya, Angliya, Italiya va Xitoy chempionatlarida kuchli jamoalar sharafini himoya qildi. A Seriyada “Roma” va “Parma”da to‘p tepdi. Xususan, afrikalik hujumchi “Roma”da uch mavsum o‘ynab, 71 ta uchrashuvda 17 ta to‘p kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

“Roma” Joze Mourino boshqaruviga o‘tganidan keyin jamoa o‘yinida keskin o‘zgarish bo‘lishi kutilmoqda. Portugaliyalik mutaxassis avvalgi jamoalaridagidan farqli ravishda, bu gal shogirdlarini o‘z o‘yin uslubiga moslashtirmaslikni ma’qul topdi va “Roma” hujumkor futbol namoyish qilib, muxlislarni xushnud etishini ta’kidlamoqda.

Rimliklar yozgi transferlarda juda faol ishladi. Jamoa hujumiga “Jenoa”dan Eldor Shomurodov va “Chelsi”dan Temmi Abraxam olib kelindi. Shuningdek, tajribali darvozabon Ruy Patrisiu, himoyachilar Rojer Ibanes, Brayan Reynolds, Matias Vina ham “bo‘rilar” safiga qo‘shildi.

Trabzondagi uchrashuvda hujum chizig‘ida Eldor Shomurodov o‘ynashi kutilmoqda. Agar Joze uni maydonga tushirsa, bu bellashuv o‘zbek futbolchisining rasmiy debyuti bo‘ladi.

Shomurodov Rim klubiga o‘tganidan keyin jamoaning asosiy hujumchisi bo‘lishga da’vogar ekanini ko‘rsatdi. Hamyurtimiz “Betis” va “Raja Kasablanka”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvlarda bevosita to‘rtta golda qatnashdi. Shulardan ikkitasida o‘zi to‘p kiritdi.

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, Joze Mourino qo‘l ostida yangilangan “Roma” qanday o‘yin ko‘rsatishi ko‘plab muxlisu mutaxassislarning diqqat markazida turibdi. O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari esa, Shomurodov uchun ham “bo‘rilar”ga muxlislik qiladi.

Hammamiz kutayotgan ushbu uchrashuv 19 avgust kuni Toshkent vaqti bilan 22:30 da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bugun Shomurodovni Gamshik va Jervino kabi yulduzlarga qarshi rasmiy debyut kutmoqda!