3 038
"Ajdarlar" yana OFK Kubogini yutishga qodirmi? "Nasaf" haqida Botir Qorayev qanday fikrda?
“Nasaf” 25 avgust kuni Qarshida OFK Kubogi doirasida Turkmanistonning “Ahal” jamoasini qabul qiladi. 2011 yili “Nasaf”ning ushbu musobaqada g‘olib chiqqanini hamon yoqimli xotiralar bilan esga olamiz.
Hozir Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi bor e’tiborini “Ahal”ga qarshi bahsga qaratgan. Ushbu uchrashuv oldidan “Nasaf” klubi sport direktori Botir Qorayev bilan suhbatlashdik.
Bilsangiz, 2011 yili jamoaning OFK Kubogini yutganida u “Nasaf” sardori va yetakchisi sifatida o‘zidan yaxshi taassurot qoldirgan. Endi esa Qorayev klub mutasaddilaridan biri sifatida faoliyatini davom ettiryapti.
- Oldinda jamoani OFK Kubogi doirasida Turkmanistonning “Ahal” klubiga qarshi o‘yin kutyapti. Bo‘lajak bahsga tayyorgarlik qanday, futbolchilarning kayfiyati qay darajada?
- Tayyorgarligimiz yaxshi ketyapti. Chempionatda ikkita o‘yinda yutqazdik va bir bor durang o‘ynadik. O‘zbekiston Kubogida “Metallurg” bilan o‘yinda yaxshi natijaga erishdik. Uchta o‘yin omadsiz o‘tgani bilan futbolchilarning kayfiyati tushgani yo‘q. Oxirgi o‘yinimizni ko‘rgan bo‘lsangiz 5:2 hisobida g‘alaba qozondik. Yangi legionerimiz ham Kubokda dastlabki gollarini urdi. Jamoamizga moslashib ketyapti. “Axal” bilan uchrashuvda ham yigitlardan shunday g‘alabani kutib qolamiz.
- “Nasaf” 2011 yili OFK Kubogini qo‘lga kiritgan mahalda siz jamoa sardori edingiz va o‘sha musobaqaning eng yaxshi futbolchisiga aylangansiz. O‘sha g‘oliblik haqida eslaganingizda xayolingizga birinchi navbatda nima keladi?
- OFK Kubogi Osiyo Chempionlar ligasidan keyin ikkinchi darajali turnir bo‘lsa ham baribir bu xalqaro musobaqa sanaladi. “Nasaf” 2011 yili OFK Kubogini qo‘lga kiritdi va bunga ham 10 yil bo‘ldi. G‘oliblikni yana takrorlash uchun “Nasaf”da imkoniyat bor. Buni o‘yinchilarimiz ham yaxshi tushunib turibdi. “Axal”ni yutsak, maqsad sari yana bir qadam tashlagan bo‘lamiz. Bizga o‘sha paytda Anatoliy Demyanenkoning aytgan so‘zlari yodimizda qolgan. Nimadir yutsang, keyin uni his qilasan, hatto ko‘z oldingda pul ham ko‘rinmaydi, buni gashti boshqacha, deb aytgan.
OFK Kubogini yutish orqali shunga o‘zim ham guvoh bo‘ldim. Hozirgi tarkibimiz juda yosh. Shunga qaramay, yigitlarning ishtiyoqi katta. Harakat qilishyapti, to‘g‘ri, qayerdadir nimadir o‘xshamayapti. Ammo o‘yindan-o‘yinga yaxshilanib boryapti. 2011 yilgi jamoamizga kelsak, o‘sha paytda tajribali o‘yinchilarimiz ko‘p edi. Zaxiramiz ham yaxshi edi. Hozirgi paytda jamoamiz yoshlardan tashkil topgan bo‘lsa ham ulardagi potensial yuqori.
- 2011 yili OFK Kubogi qo‘lga kiritilishida ko‘p faktorlar bor. Masalan, murabbiylar shtabining kuchli bo‘lgani, tarkibda ham tajribali o‘yinchilar jamlangani va albatta yaratilgan sharoitlar ham shunga yarasha bo‘lgan. Bugungi tarkib yosh, sharoitlar oldingidek emas. Real baho bersak, “Nasaf” OFK Kubogini ikkinchi bor yutishga qodirmi?
- Quvayt jamoasi tarkibini kuchaytirdi. Yaqinda safiga yaxshi legionerlarni oldi. Biz o‘ynagan paytda OFK Kubogidagi o‘yinlar uy-safar tizimida o‘tardi. Hozir pandemiya sababli bitta o‘yindan iborat bo‘lyapti. Shuning uchun eplasa bo‘ladi.
- “Nasaf”ning OFK Kubogini yutgan paytida siz himoyada mustahkam qo‘rg‘on bo‘la olgandingiz. Hozirgi “Nasaf”da yangi Botir Qorayev sifatida kimni ko‘ryapsiz?
- Mening pozitsiyamda Sherzod Nasrullayev o‘ynayapti. U jamoaning yetakchilaridan biri. Oxirgi beshta turda o‘ynamadi. Chap tomonda muammolarimiz borligi bilinib qoldi. Xudo xohlasa, Sherzod “Axal”ga qarshi o‘ynaydi. Balki unda o‘yin amaliyoti kamroq bo‘lishi mumkin. Chunki beshta turdan beri o‘ynamadi. O‘ylaymanki, bu kamchilik bartaraf etilib, o‘yinga tezroq qo‘shilib ketadi. Jamoada yana Umar Eshmurodov, Xusniddin Aliqulov kabi himoyachilarimiz ham bor. Ular O‘zbekistondagi eng yaxshi himoyachilardan biri. Terma jamoada ham bemalol o‘ynay oladilar.
- Umuman aytganda, “Nasaf”ning oldiga OFK Kubogini yutish bo‘yicha aniq maqsad qo‘yilganmi? Yoki klub bu borada tavakkalona yo‘l tutmoqchimi?
- Har doim “Nasaf” yuqori maqsad qo‘yadi, biz o‘ynagan paytda ham, hozir ham. Jamoa yosh bo‘lsa-da, o‘tgan yili ikkinchi o‘rinni oldi. Hammma vaqt chempionlik, medallar uchun kurashish vazifasi qo‘yiladi. Bu yil jamoa OFK Kubogini yutishga harakat qiladi.
- “Nasaf” o‘sha muvaffaqiyatidan 10 yil o‘tib yana OFK Kubogiga qaytdi. Bunda ramziy ma’no bordek...
- Hammasini bir-biriga bog‘liq joyi bor. “Nasaf” OFK Kubogini yutgandan keyin bir necha yil davomida Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etdi. Keyin orada tanaffus bo‘ldi. Mana, endi yana OFK Kubogida qatnashyapti. Jamoamizda o‘zini ko‘rsatish va ikkinchi bor musobaqada yutish uchun ishtiyoq baland. 10 yillik tanaffusdan so‘ng, yana OFK Kubogida g‘olib chiqsak ajoyib natija bo‘lardi.
- Murabbiy sifatida ishlab kelayotgan Botir Qorayev endi “Nasaf”da sport direktori lavozimida. Tashkiliy ishlar bilan band bo‘lish sizga qo‘shimcha qiyinchiliklar keltirib chiqarmaydimi?
- Murabbiylikdan bu ishga o‘tdim. Albatta, hamma sohada o‘ziga yarasha qiyinchiliklar bo‘ladi. Qiyinchiliksiz yaxshi natijaga erishib bo‘lmaydi. Bu ishni ham yaxshi bajarishga harakat qilyapman. Ammo murabbiylikni ham tashlab qo‘yganim yo‘q. Pro litsenziyasi uchun o‘qiyapman. Mendan tashqari, Shuhrat Toshpo‘latov bilan Eldor Moyliyev ham tahsil olyaptilar. Hamma ishni o‘rganish odamga hech qachon zarar qilmaydi.
- “Nasaf”ning yozgi seleksiya ishlaridan qanchalik qoniqdingiz?
- Transfer oynasi paytida ko‘prog‘ini xohlaydi. Lekin jamoada moliyaviy muammolar bor. Shunga qaramay, Kaluderovichni oldik. Bahrom Abdurahimov bilan Doniyor Narzullayevni qaytardik. Qo‘ldan kelganicha yaxshi transferlarni amalga oshirishga harakat qildik. O‘ylaymanki, yaxshi xaridlarni bajardik. Jamoamiz uchun foydali.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi