2 319
“Real”ni nokaut qilgan qahramonlar – Polsha ishonmagan Yaxshiboyev, Gretsiyada zaxiraga mixlangan Atanasiadis...
Butun Yevropa “Real” maydonida mezbonlarni tiz cho‘ktirgan “Sherif” g‘alabasi haqida bong urmoqda. Ko‘pchilik “ko‘hna qit’a”da umuman tanish bo‘lmagan futbolchilar haqida turli ma’lumotlarni qidira boshladi.
Aslida, avval “Shaxtyor”ni, keyin “Real” yulduzlarini nokaut qilgan futbolchilarning aksariyati turli jamoalar va murabbiylar ishonchini qozona olmagan, biroq faoliyatini yana gullatish uchun kurashdan qochmaydigan irodali yigitlari ekan. Ular “Sherif”ga nimalarga qodirligini ko‘rsatish uchun kelganini namoyon etmoqda.
Sports.uz portali tarixiy uchrashuvda qahramonlik ko‘rsatgan asosiy tarkib futbolchilarini birma-bir tanishtirib o‘tadi. Ularni yaxshilab eslab qoling. Chunki bu ketishda bu tarkib vakillari kuchli liga va qudratli klublardan taklif olishi hech gap emas.
Darvozabon Georgios Atanasiadis, 28 yosh, Gretsiya
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi, deb topilgan darvozabon “Sherif”ga uch oy oldin AYEK jamoasidan ijaraga olib kelingan.
U o‘z yurtida o‘rtamiyona posbon sanalardi. Atanasiadis – “Sherif”dagi Yevrokuboklarning guruh bosqichida qatnashish tajribasiga ega yagona futbolchi. U AYEK tarkibida o‘tgan mavsumda “Zarya”ga qarshi maydonga tushgan. O‘sha uchrashuvda uchta to‘p o‘tkazgan darvozabonni mashhur murabbiy Massimo Karrera zaxiraga mixlagan edi.
“Real” yulduzlarining o‘ndan ziyod zarbasini qaytargan grek darvozaboni ikki soat ichida ko‘p skautlar e’tiborini qozondi.
Chap qanot himoyachisi Kristiano, 28 yosh, Braziliya
“Real”ga qarshi uchrashuvda Jasur Yaxshiboyevga zo‘r pas oshirib, supergolga sharoit yaratib berdi. Tiraspolliklarning eng tajribali o‘yinchisi Yevropaga kelgunga qadar asosan o‘z yurtida nomi chiqmagan zaif jamoalarda o‘ynagan. U to‘p tepgan eng kuchli klub – “Krisiuma” ikkinchi liga vakili bo‘lgan xolos.
2017 yili Moldovada legionerlarga cheklov olib tashlanganidan keyin baxtini izlab “Sherif”ga kelgan.
Markaziy himoyachi Gustavo Dulanto, 26 yosh, Peru
Dulanto sakkiz oy muqaddam “Boavishta”dan “Sherif”ga ish izlab kelib qolgandi. Futbol sirlarini Peruda o‘rgana boshlagan bu futbolchi 16 yoshida Argentinaning “Rosario” jamoasi akademiyasiga qo‘shildi.
Avval Peruda, keyinchalik Portugaliyada to‘p tepgan futbolchi o‘z salohiyatini ko‘rsata olmadi va uni erkin agent sifatida Moldovaga qo‘yib yuborishdi.
Markaziy himoyachi Danilo Arboleda, 26 yosh, Kolumbiya
Danilo ham sakkiz oy muqaddam o‘z yurtidan Moldovaga keldi. “Deportivo” o‘ziga kerak bo‘lmay qolgan himoyachini “Sherif”ga bepul qo‘yib yubordi.
Shunga qaramay, u Kolumbiya chempioni hisoblanadi. Lekin u chempionlik qo‘lga kiritilgan davrda atigi ikki bor maydonda ko‘rinish bergan xolos.
O‘ng qanot himoyachisi Fernando Kostanza, 22 yosh, Braziliya
Sakkiz oy oldin “Botafogo” jamoasidan erkin agent sifatida olib kelingan. “Botafogo” tarbiyalanuvchisi Fernando asosiy tarkibga o‘ta olmagan. 2018 yilda uni “Lill”ga jo‘natishdi. Lekin Fransiyada ham o‘zini ko‘rsata olmay, yarim yilda ortga qaytdi.
Kostanza 2019 yilgi mavsumni to‘liq o‘tkazdi va keyin futboldan uzoqlashdi. 2021 yilning fevralida “Botafogo” foydasiz o‘yinchini “Sherif”ga qo‘yib yubordi. Hozir u jamoaning eng yaxshi himoyachilaridan biri.
Markaziy yarim himoyachi Edmund Addo, 21 yosh, Gana
Ikki oy muqaddam Slovakiyaning “Senitsa” jamoasidan kelgan. Slovakiya chempionatining o‘rtamiyona jamoasida ikki yarim yil o‘ynaganidan keyin o‘zi Moldovaga keldi va shu yozda tiraspolliklar jamoasiga qo‘shildi.
Markaziy yarim himoyachi Sebastyan Till, 27 yosh, Luksemburg
G‘alaba to‘pini kiritgan futolchi ham “Sherif”ga sakkiz oy oldin taklif qilingan. Tiraspolliklar uni Luksemburgning “Progres” jamoasidan ijaraga olgan.
Tillar oilasidagi uch aka-uka – Sebastyan, Olive va Vensan Luksemburg terma jamoasi yulduzlari hisoblanadi. Ularning otasi Serj Till o‘z davrida yaxshi futbolchi bo‘lgan va keyin “Progres”da murabbiylik qilgan.
Sebastyan Till o‘z yurti chempionatida 225 ta uchrashuvda 48 ta gol va 57 ta golli pas oshirgan. Katta tajribaga ega futbolchi 2020 yilning kuzida Rossiyaga yo‘l oldi. “Tambov”da yettita uchrashuvda maydonga tushgan yarim himoyachi pulsiz qolib ketganidan keyin, “Sherif”ga ko‘chib o‘tishga qaror qildi.
Hujumkor yarim himoyachi Dimitris Kolovos, 28 yosh, Gretsiya
Bir yil oldin “Panatinaikos”dan avval ijaraga olingan Kolovos erkin agentga aylanishi bilan tiraspolliklar taklifni qabul qildi.
Bu futbolchi “Olimpiakos”da Gretsiya chempioni bo‘lgan. Keyinchalik Niderlandiyaning “Villem” va Belgiyaning “Mexelen” kabi klublarida ham tajriba to‘plagan. O‘yinida pasayish kuzatilgan Kolovos Kipr chempionatida ham o‘ynadi.
O‘z davrida hujumkor futbolchi Gretsiya terma jamoasiga jalb qilingan.
O‘ng qanot yarim himoyachisi Adama Traore, 26 yosh, Mali
“Real”ni sindirgan g‘alaba goliga pasni aynan malilik o‘yinchi tashlab berdi. Sakkiz oy avval “Mes”dan “Sherif”ga ko‘chib o‘tgan. Adama Mali terma jamoasi yetakchilaridan hisoblanadi.
Malida o‘zini ko‘rsatgan futbolchining oxirgi uch yilda Fransiya va Saudiya Arabistonidagi faoliyati ko‘ngildagidek kechmadi. “Sherif”ga kelib, yana o‘yini ko‘zga ko‘rina boshladi.
Chap qanot yarim himoyachisi Frenk Kastaneda, 27 yosh, Kolumbiya
Yarim yil avval Slovakiyaning “Senitsa” jamoasidan “Sherif”ga kelib, jamoa sardori o‘aylangan futbolchi tiraspolliklarning asosiy to‘purari hisoblanadi. Kolumbiyalik futbolchi “Sherif” safida jami 43 ta uchrashuvda 31 ta gol muallifi bo‘ldi.
Kastaneda “Sherif”ning eng qimmat futbolchisi. Uning transferi 1 million yevroga baholangan.
Hujumchi Jasur Yaxshiboyev, 24 yosh, O‘zbekiston
Birinchi gol doim muhim bo‘ladi. Tarixiy uchrashuvning 25-daqiqasida “Real” darvozasiga supergol urib, “Santyago Bernabeu”ni larzaga soldi.
Jasur 2020 yilning boshida Belarus chempionatiga o‘tganidan keyin to‘purarlik qobiliyatini namoyish qildi. Avval “Energetik-BGU” to‘qqizta, keyin “Shaxtyor-Soligorsk” safida 7 ta gol urdi. Soligoskliklar bilan mamlakat chempinligiga sazovor bo‘lgan hamyurtimiz 2021 yilning boshida Polsha chempioni “Legiya”ga o‘tdi.
Polshada Jaur Yaxshiboyevga o‘zini ko‘rsatish uchun imkon berishmadi. O‘yin amaliyotisiz qolayotgan legionerimiz 29 avgust kuni tiraspolliklar taklifini qabul qildi. “Sherif” aynan Chempionlar ligasi guruh bosqichida muvaffaqiyatli qatnashish uchun o‘zbek futbolchisini ijaraga oldi.
Jasur o‘ziga bildirilgan ishonchni Tibo Kurtuaning darvozasini ishg‘ol qilish bilan oqladi.
Yaxshiboyev Maksim Shatskixdan keyin Yevropa Chempionlar ligasida gol urgan ikkinchi o‘zbekistonlik futbolchiga aylandi. Shuningdek, u birinchi bo‘lib, “Santyago Bernabeu” arenasida to‘p kiritgan o‘zbek hujumchisi hisoblanadi. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
AQSH Isroilga puli to‘langan buldozerlarni bermadi
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
«Mosfilm» kinostudiyasi o‘z omboridagi tanklarni Rossiya armiyasiga topshirdi