12:56 / 02.10.2021
2 439

"Sherif" ustozi: "G‘alabani samolyotda nishonladik, Shkvirinni yaxshi eslayman, Yaxshiboyev "Inter" bilan o‘yingacha tiklanishi muhim"

"Sherif" ustozi: "G‘alabani samolyotda nishonladik, Shkvirinni yaxshi eslayman, Yaxshiboyev "Inter" bilan o‘yingacha tiklanishi muhim"
Hammaning og‘zidan tushmay qolgan “Sherif” klubi o‘zi uchun yangi tarix yaratyapti. Quvonarlisi, hamyurtimiz o‘sha tarixning bir bo‘lagiga aylanyapti. Unga bunday imkoniyatni havola etayotgan jamoa bosh murabbiyi Yuriy Vernidub esa asosiy qahramonga aylanmoqda. “Real”dagi g‘alabadan keyin ushbu mutaxassis Sports.uz saytiga maxsus intervyu berdi.

“G‘alabani samolyotda nishonladik”
- Yuriy Nikolayevich, avvalo, sizni “Santyago Bernabeu” stadionida “Real” ustidan qozonilgan tarixiy va misoli ertaknamo g‘alaba bilan qutlayman! Mazkur bellashuvdan sizda qanday taassurotlar qoldi? Bu yetishib bo‘lmas orzudek tuyuladigan holat, to‘g‘ri emasmi?

- Darhaqiqat, gapingizda jon bor. Bu chindan ham har qanday klub uchun orzu. “Santyago Bernabeu”da “Real”ga qarshi turish va undan ustun kelish – bu aytish mumkin bo‘lsa, orzuning chegarasidir. Shuning uchun ham o‘ta kuchli raqib ustidan erishilgan g‘alabada xarakter va jonbozlik ko‘rsatgan barcha shogirdlarimdan minnatdorman. Ular chindan ham uchrashuvni a’lo darajada o‘tkaza oldilar.

- Uchrashuvdan keyin tunni qanday o‘tkazdingiz?
- Uchrashuv tugashi bilan biz to‘g‘ri aeroportga qarab yo‘l oldik. G‘alabani samolyotda nishonladik, desam ham bo‘laveradi. Biz to‘ppa-to‘g‘ri Kishinyovga parvoz qildik. So‘ngra u yerdan Tiraspolga qarab yo‘l oldik. Kishinyov bilan Tiraspol o‘rtasini bir soatga teng masofa ajratib turadi. Tiraspolga yetib kelganimizda tonggi 07:00 bo‘lgandi. Ko‘rib turganingizdek, erishilgan muvaffaqiyatdan keyin tunni bedor o‘tkazishimizga to‘g‘ri keldi. Aytishim joizki, uchrashuvda ishtirok etgan shogirdlarimga qo‘shimcha dam olish imkoniyatini berdim. O‘yinda ishtirok etmagan, Madridga uchib bormagan futbolchilarimiz uchun esa mashg‘ulot o‘tkazishni belgilab berdik.

- Madriddagi uchrashuvdan keyin ta’bir joiz bo‘lsa, telefoningiz “g‘alaba bilan tabriklayman!” degan mazmundagi smslar ko‘pligidan “portlab” ketay degandir?..
- Ha, gapingizda jon bor. Bunday smslar juda ko‘p keldi. Ukrainadan, Belarusdan. Aytishim kerakki, smslar ko‘pligidan ularga javob berishga ham ulgurganim yo‘q. Smslar va qo‘ng‘iroq qilgan do‘stlarim ko‘pligidan, ularning menga va boshqaruvimda bo‘lgan “Sherif”ga bee’tibor emasliklaridan juda xursand bo‘ldim. Bu yoqimli holat edi.

- Butun dunyo “Sherif”ning “Real” ustidan erishgan yutug‘i haqida gapiryapti. Ayting-chi, bu murabbiylik faoliyatingizdagi eng yodda qolarli hisoblanadigan g‘alaba bo‘ldimi?
- Bu boradagi fikringizga qo‘shilishimdan boshqa chora yo‘q. Hozircha va shu kungacha erishgan yutuqlarim orasida “Real”ga qarshi kechgan bellashuvdagi muvaffaqiyat chindan ham eng muhimiga aylanib ulgurdi. To‘g‘ri, bungacha ham bizda yodda qolarli g‘alaba kuzatilgan bo‘lib, o‘shanda biz Yevropa Ligasi doirasida Bilbaoning “Atletik” klubi ustidan zafar quchgandik. Endi esa jahondagi eng nufuzli turnir sifatida tilga olinadigan Yevropa Chempionlar ligasi guruh bosqichida kimsan “Real”ni dog‘da qoldirdik! “Qirollik klubi”ni Madridda tor-mor keltirish har kimga ham nasib etavermaydi. Shunday ekan, bu men uchun rostdan ham eng qimmatli g‘alabadir.

“Jasurning o‘ng sonida jarohat bor, “Inter” bilan o‘yingacha tiklanishi muhim”
- Yuriy Nikolayevich, Jasur Yaxshiboyevni boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirdingiz. Uning ilk daqiqalardanoq maydonga tushirib, gol urishiga ishonganmidingiz?

- Men uni “Shaxtyor”ga qarshi kechgan bellashuvda ham boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirganman. Jasur biz uchun kerakli bo‘lgan o‘yinchi. U o‘zining optimal formasiga kirib borishi uchun ham ko‘proq imkoniyat beryapmiz. Uni ikkinchi bo‘limda majburan almashtirishimizga to‘g‘ri keldi. Chunki Yaxshiboyevning o‘ng sonida biroz jarohat bor edi. Qolaversa, futbolchini “Inter”ga qarshi kechadigan navbatdagi o‘yingacha to‘liq oyoqqa turib olishi biz uchun muhim ahamiyatga ega.

- O‘zbekistonlik ishqibozlarni ko‘proq qiziqtiradigan savol: Yaxshiboyevni ilk bor qachon va qayerda ko‘rgansiz?
- Men Soligorsk shahrining “Shaxtyor” jamoasini boshqargan kezlarimda Jasur “Energetik-BGU” klubida to‘p surardi. U o‘sha jamoada ko‘p gollar urardi. Shuning uchun ham Yaxshiboyevni klubimizga taklif etishga qaror qilgandik. Buni qarangki, yurtdoshingizni ijaraga olishga erishdik. U “Shaxtyor”da ham ko‘plab o‘yinlarda o‘zini namoyish eta boshladi. Keyin men Soligorskdan ketdim. U esa mavsumning qolgan qismini “Shaxtyor”da davom ettirdi, Belarus chempioniga aylandi. Keyinchalik Jasur Yaxshiboyev Polshaga ko‘chib o‘tdi. Baxtga qarshi Polshada uning ishlari yurishmadi. Shu bois imkon tug‘ilgan zahoti Jasurni o‘zim bilan yana ishlashga taklif qilish niyati tug‘ildi. “Sherif” klubini boshqarishga kirishganimdan keyin rahbariyatdan Yaxshiboyevni taklif qilish haqida so‘radim. O‘z navbatida ular bu taklifimni ijobatsiz qoldirmadilar.

“Nabiram Modrichning futbolkasini so‘ragan, boshqasi bo‘lmaydimi, desam qat’iy ravishda yo‘q dedi”
- Agar sir bo‘lmasa, rahbariyat “Real” ustidan erishilgan g‘alaba uchun “Sherif” o‘yinchilariga qancha mukofol puli va’da qilgan?
- Rostini aytsam, bilmayman. Hammasini rahbariyat hal qiladi. Boz ustiga oddiy rag‘batlantirish haqida gapirish biroz o‘ng‘aysizroq. Asosiysi, qo‘lga kiritgan yutug‘imizdan barchamizning ko‘nglimiz to‘ldi, behad mamnunlik his qildik. Qolgani rahbariyatning ishi.

- Eshitishimcha, nabirangiz sizdan imkon tug‘ilsa, Luka Modrichning futbolkasini sovg‘a sifatida olib kelishni iltimos qilgan ekan. Shu to‘g‘rimi? U orzusidagi sovg‘ani qo‘lga kiritib bo‘ldimi?
- To‘g‘ri eshitibsiz. Nabiram mendan chindan ham Luka Modrichning futbolkasini so‘ragan. Unga boshqa o‘yinchilarnikini olib kelsam bo‘lmaydimi, deb aytganimda qat’iy ravishda yo‘q deya javob qaytargan. Modrichga rahmat. U futbolkasiga dastxat yozib berib, menga uzatdi.

- “Real” ustidan erishgan yutuqdan keyin “Sherif” haqida hamma gapiryapti. Shunday e’tiroflardan keyin o‘zingizni yettinchi osmonda his qilyapsizmi?
- Bu yoqimli bo‘ldi, albatta. Ammo musobaqa hali davom etmoqda. Oldinda esa uchrashuvlar ko‘p. Agar “Real”ni yutdik, degan xayolga berilib o‘zimizni osmonda yurgandek his etaversak pand yeb qolishimiz hech gap emas. Hali ko‘p ishlashimiz kerak. Faqat ishlash, ishlash va yana ishlash kerak. Agar boshqa klublarga qarshi o‘yinlarda ham mana shunday natijaga erishsak, xursandchiligimiz davom etishi tayin. Shunda orzularga berilish mumkin bo‘ladi.

- Darhaqiqat, bu murabbiylik faoliyatingizdagi eng qimmatli va yodda qolarli g‘alaba bo‘ldi. Aytish joiz bo‘lsa, siz uchun bu keyingi faoliyatingizda o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi” vazifasini bajarib beradimi?
- Yo‘q, bu shunchaki g‘alaba. Ustiga-ustak bu yutuq evaziga nimanidir qo‘lga kiritganimiz yo‘q. Oldinda esa guruh bosqichining yana to‘rtta o‘yini kutib turibdi. Oldinda bizni “Inter”ga qarshi ketma-ket ikki o‘yin, o‘z maydonimizda “Real” bilan javob bellashuvi va safarda “Shaxtyor”ga qarshi kechadigan duel kutib turibdi. Agar qolgan uchrashuvlarni ham ko‘tarinki ruhda o‘tkazib, musobaqaning pley-off bosqichiga yo‘l oladigan bo‘lsak, bu chindan ham juda katta natijaga aylangan bo‘lardi. Hozircha esa bu shunchaki va kishini xursand qiladigan g‘alabadan boshqa narsa emas. Hali oldinda amalga oshirishimiz kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Shu ruhda davom etadigan bo‘lsak, pley-offga chiqishni zo‘r natija sifatida qabul qilish mumkin bo‘ladi.

- “Sherif”ning tarkibi asosan legionerlardan tashkil topgan. Agar mahalliy futbolchilar bilan o‘ynalganda jamoa Chempionlar ligasida bunday natijalarga erisha olmagan bo‘lardi. Bu fikrga qo‘shilasizmi?
- Jamoada moldovan millatiga mansub futbolchilar o‘ynashlariga qarshi emasman. Lekin bugungi kunda chetdan kelgan legionerlar ulardan kuchliroq ko‘rinyapti. Faqat bu gapimni to‘g‘ri qabul qilishsa bo‘lgani. Qolaversa, Moldaviyada legionerlar limiti yo‘q. Shu sababdan ham asosiy urg‘uni legionerlarga beryapman.

“Shkvirinni bilaman”
- Yuriy Nikolayevich, o‘zbek futboli haqidagi ma’lumotlarni sizga Yaxshiboyev yetkazadimi yoki bunday ma’lumotlarni boshqalardan olasizmi?

- Yo‘q. Bunga qadar ham futbolingiz haqida ma’lumotlar olib turganman. Misol uchun, Belarusda o‘ynaydigan o‘zbekistonlik yana bir ijrochi – Shahboz Umarov meni juda qiziqtirib qo‘ygandi. Hozir u BATEda o‘ynayapti. Shahboz ham Jasurdan qolishmaydigan o‘yinchidir. Eldor Shomurodovga kelsak, u super darajaga yeta oldi. Chunki bu vatandoshingiz top-beshlik chempionatlari orasida o‘ziga yarasha o‘ringa ega bo‘lgan Italiya A seriyasida, “Roma” klubi safida to‘p suryapti. O‘zbekistonni futbol mamlakati deb bemalol aytish mumkin. Sizlarda iqtidorli o‘yinchilar doim yetarli darajada bo‘lgan. Futbolingiz bayroqdori sifatida tilga olinadigan “Paxtakor”ni esa bilmagan ishqiboz topilmasa kerak. Bu klub doim har qanday raqibga munosib o‘yin namoyish etib keladi. Sobiq Ittifoq davrida “Paxtakor”ning dovrug‘i ancha yoyilgandi.

- Siz uchun o‘zbekistonlik murabbiylar yoki futbolchilar orasida eng yaqin do‘stlar kim?
- Do‘stlarim bor, deya olmayman-u, ammo ancha-muncha futbolchilarni bilaman. Masalan, Igor Shkvirinni. U bilan Zaporojening “Metallurg” klubida to‘p surganimda to‘qnash kelganmiz, yaxshi eslayman. O‘zbekiston futbolini muntazam ravishda kuzatib boraman, deya olmasam-da, agar bizga vataningizdan biror o‘yinchini tavsiya qilishadigan bo‘lsa, darhol ma’lumotlar to‘plashga kirishib ketamiz. Har qanday chempionatda esa yaxshi o‘yinchilar albatta topiladi.

- Agar O‘zbekistonda ishlash imkoniyati tug‘ilsa qanday yo‘l tutgan bo‘lardingiz?
- Shu kungacha menga O‘zbekistondan hech qanday taklif kelib tushmagan. Hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Nega yo‘q deyishim kerak?! Osiyo futboli ham juda qiziqarli. Qit’angizda xalqaro miqyosidagi musobaqalar o‘tkazib turiladi. Ayniqsa, Osiyo Chempionlar ligasi turnirini alohida ajratib ko‘rsatgan bo‘lardim. Inson ertaga o‘zini nima kutib turganini bilmaydi. Savolingizga javobim shunday: nega endi bunday imkoniyat yuzaga kelsa, uni rad etishim kerak?!

“Hozircha Yaxshiboyev bo‘yicha takliflar olmadik”
- Yana bir qiziqarli savol: Jasur Yaxshiboyevdan tashqari jamoangizda o‘zbekistonlik yana qaysi futbolchini ko‘rishni xohlagan bo‘lardingiz?
- Yuqorida BATEda o‘ynayotgan Shahboz Umarov haqida bejiz to‘xtalmadim. Agar uni “Sherif”ga olib kelishning iloji bo‘lsa, shunday ijrochi bilan jon deb birga ishlagan bo‘lardim. Chunki Umarovning ham texnik qobiliyati juda yuqori. Bunday ijrochilar bilan esa har qanday murabbiy bajonidil ishlagan bo‘lardi. Uning darajasi ham Yaxshiboyevnikidan aslo qolishmaydi.

- Yaxshiboyev bilan “Shaxtyor”da ishlaganingizni aytib o‘tdingiz. O‘shanda u qanday muammolarga yo‘liqqandi?
- Ochig‘ini aytaman, u bilan birga ishlash chog‘ida o‘rtamizda hech qanday muammo bo‘lmagan. Har qanday o‘yinchi o‘zi tug‘ilib o‘sgan, e’tiqod qilgan dinidan tamoman boshqacha aqidaga amal qiladigan mamlakatga kelib qolsa, tabiiyki, madaniyat, mentalitet va boshqa ko‘plab jihatlar borasida muammolarga yo‘liqishi tayin. Jasur ham Belarusga kelgan paytda ancha yosh edi. O‘z –o‘zidan unda ham yuqorida sanab o‘tilgan jihatlar borasida muammolar paydo bo‘lgan. Yana qaytaraman: Jasur Yaxshiboyev bilan ilgari ham umumiy til topishganman. Hozir ham o‘rtamizda hech qanday muammo yo‘q.

- Vatandoshimizning “Sherif”dagi kelajagini qanday tasavvur qilyapsiz? “Real” darvozasiga urgan golidan keyin Jasurga boshqa klublar tomonidan qiziqish boshlangandir?
- Gol – o‘z nomi bilan gol. Hozircha boshqa klublar tomonidan Yaxshiboyev haqida takliflar olmadik. Eng asosiysi, Jasur bundan keyin ham oyoqlarida mahkam turib “Sherif”ning asosiy o‘yinchilaridan biri sanalishini isbotlashda davom etmog‘i kerak. U mashg‘ulotlarda astoydil ishlashi, o‘z darajasini yana oshirish haqida o‘ylashi kerak. Shunda uning xizmatiga ko‘z tikadigan klublar soni keskin darajada ortishi mumkin. Bundan boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas.

Agar o‘sha goldan so‘ng, Jasur endi mashg‘ulotlarda ortiqcha ter to‘kishimga hojat yo‘q, degan fikr bilan xayolini chalg‘itadigan bo‘lsa, bu uning uchun yakunda yomon holatga aylanishi mumkin. U hali yosh. “Real”dek klub darvozasiga gol kiritganidan havolanib ketmay ishlashda davom etsa, hammasi a’lo darajada chiqishi mumkin. O‘ylaymanki, Yaxshiboyevning o‘zi ham nima qilish kerakligini biladi. Tabiiyki, Jasur Yaxshiboyevda ham o‘z orzusi bo‘lsa kerak. Agar u ustida ishlashdan to‘xtamasa, Yevropaning jiddiy klublaridan biri safida o‘ynash imkoniyatiga ega chiqadi.

- “Sherif” CHL guruh bosqichining startida o‘zidan zo‘r taassurot qoldirib, ikkita o‘yinni yutdi va 100 foizli natija ko‘rsatgan holda faxrli 1-o‘rinni egallab turibdi. Rahbariyat “Sherif” oldiga qanday vazifalarni qo‘ygan?
- Oldindan bir narsa deyishni yoqtirmayman. Hali bizni to‘rtta o‘yin kutib turibdi. Sizning bu savolingizga 7 dekabr kuni “Shaxtyor” ga qarshi bo‘lib o‘tadigan o‘yindan keyin javob qaytarishim mumkin. O‘shanda turnir borasidagi reja haqida gapirish mumkin bo‘ladi. Agar yo‘lda davom etishga erishadigan bo‘lsak, shunda maqsad qo‘yish mumkin.

- O‘zbekiston terma jamoasini endi yangi bosh murabbiy – Srechko Katanes boshqaryapti. Bu haqda qanday fikr bildirgan bo‘lardingiz?
- Rostini aytishim kerak, xushomat qilishga o‘rganmaganman. Chunki O‘zbekiston terma jamoasi ishtirokidagi o‘yinlarni kuzatishimga to‘g‘ri kelmagan. Faqat shuni ta’kidlashim mumkinki, Srechko Katanes juda taniqli murabbiy. Uning qo‘li ostida O‘zbekiston terma jamoasini yaxshi o‘yinlar ko‘rsatishi va o‘zi uchun armon bo‘lib kelayotgan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishini tilab qolaman.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Sherif" ustozi: "G‘alabani samolyotda nishonladik, Shkvirinni yaxshi eslayman, Yaxshiboyev "Inter" bilan o‘yingacha tiklanishi muhim"