17:21 / 02.10.2021
1 753

"Andijon" qilgan ishni biz qila olmaymizmi? - "Qo‘qon-1912" futbolchisi Ashurmatov qanday motivatsiya bergani haqida

"Andijon" qilgan ishni biz qila olmaymizmi? - "Qo‘qon-1912" futbolchisi Ashurmatov qanday motivatsiya bergani haqida
“Qo‘qon-1912” jamoasi uchun 21-turdagi o‘yin unutilmas bo‘lib qoldi. Sababi, Baxtiyor Ashurmatov shogirdlari amaldagi chempion – “Paxtakor”ga qarshi maydonga tushishdi. Uchrashuvdan avval hech kim maydon egalarini to‘rtta gol urishini kutmagandi. Lekin “Qo‘qon-1912” futbolchilari bu ishni amalda uddalay olishlarini isbotladi. “Paxtakor” esa “Andijon”dan keyin ikkinchi mag‘lubiyatini Qo‘qonda qabul qilib oldi.

Mezbonlarning andijonlik futbolchisi Sardor Azimov “Paxtakor” bilan o‘yinda zaxiradan maydonga tushib jamoasining to‘rtinchi golini urdi va o‘yinga nuqta qo‘ydi. Ushbu futbolchi o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashar ekan, avvalo uchrashuv to‘g‘risidagi taassurotlari haqida gapirdi.

- O‘yindan oldin bosh murabbiyimiz – Baxtiyor aka Ashurmatov bizga jamoamiz 18 yildan beri “Paxtakor”ni yutmayotganini, endi tarixni yangilash vaqti kelgandir, bu qora an’anaga barham berishimiz zarur deb bizni ruhlantirdi. Masalan, “Metallurg”ni ham anchadan beri yuta olmayotgandik. Bu safar Bekobodda g‘alaba qozondik. Endi “Paxtakor”ga navbat kelganini aytgan holda murabbiy bizga katta motivatsiya berdi. Jamoa yaxshi ruhlanib maydonga tushdi va ilk daqiqalardanoq g‘alaba ishtiyoqida o‘ynashni boshladik.

Bu oddiy g‘alaba emas. Chunki raqib amaldagi chempion va birinchi o‘rinda borayotgan “Paxtakor” edi. Qolaversa, Azimov yuqorida aytganidek, qo‘qonliklar 18 yildan beri bu jamoa ustidan g‘alaba qozona olmayotgandi. O‘yinning harorati ham baland bo‘ldi. Ayniqsa, “Paxtakor” 2:0 ni 2:2 ga aylantirganidan keyin ko‘pchilik endi mehmonlar g‘alabani ilib ketishini taxmin qilayotgandi. Biroq “Qo‘qon-1912” yana o‘yinga qayta oldi. Bu jamoaning kuchli xarakter va irodasidan darak. Bu xususida Azimov shunday dedi:

- To‘g‘risini aytsam, ikkinchi golni o‘tkazib yuborishimizda mendan ham biroz xatolik o‘tdi va bunda o‘zimni aybdor his qildim. Natijada xatoimni to‘g‘rilashim shartligini tushunib turgandim. Xudoga shukurki, Bamba gol urganidan keyin yanada ruhlanib ketdik. Uchinchi golning ortidan to‘rtinchisini ham urdik. “Paxtakor” esa o‘z darvozasidan uchinchi golni o‘tkazgach, ruhan sinib qoldi. Har holda men shunaqa deb o‘ylayman.

Sardor o‘yinni asosiy tarkibda boshlagani yo‘q. Bosh murabbiy uni ikkinchi bo‘limda o‘yinni kuchaytirish uchun tushirdi va topqirligi ish berdi. Futbolchi murabbiyning ishonchini qozonib to‘rtinchi golga mualliflik qildi...

- O‘tgan yili Toshkentda “Paxtakor”ga 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchragandik. Esimda, o‘sha uchrashuvda men juda qulay imkoniyatdan foydalana olmagandim. Birga-bir vaziyatdan gol ura olmay qolganman. O‘shanda zo‘r imkoniyatdan gol ura olmaganim o‘zimga yomon ta’sir qilgandi. Bu safar esa zaxiradan maydonga tushayotganimda o‘sha qulay imkoniyatdan foydalana olmaganim uchun bugungi o‘yinda buning alamini olaman, degan niyatim bor edi. “Paxtakor” darvozasiga gol urgach, o‘tgan yilgi xatoimni to‘g‘riladim deb o‘ylayman, - deydi Sardor.

Tan olish kerak, qo‘qonliklar kecha zo‘r o‘yin ko‘rsatishdi. Bu biz bilgan oldingi “Qo‘qon-1912” emasdi. Futbolchilarning ko‘zi yonib turdi. O‘yini ham yaxshi chiqdi. Mana, o‘ynasa bo‘lar ekan-a? Qiziq, jamoa nega har bir uchrashuvni shunday o‘tkazmaydi? Bu savolga Azimov o‘z munosabatini bildirdi.

- O‘zimiz ham bunday natijani kutmagandik. Menimcha, hammada ham shunaqa bo‘lsa kerak. Ya’ni, har bir jamoa chempionga qarshi ikki barobar ko‘proq kuch bilan o‘ynaydi. Bizda ham xuddi shunday bo‘ldi. “Paxtakor”ga qarshi eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatish ishtiyoqimiz kuchli edi. Baribir chempionni taslim qilish boshqacha bo‘larkan. Baxtiyor aka Ashurmatov uchrashuvdan avval “Andijon” qilgan ishni biz qila olmaymizmi, endi bizni navbatimiz keldi dedi. Chindan ham endi bizning navbatimiz kelgan ekan, “Paxtakor”ni yutdik. Uchrashuvdan keyingi taassurotlarimiz ham yuqori darajada bo‘ldi. Murabbiylar ham xursand edi. Muxlislarimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. “Paxtakor”ni mag‘lubiyatga uchratish orqali hammaga ishonch bag‘ishlaganimizni murabbiyimiz aytib o‘tdi.

Darvoqe, “Paxtakor”ning ko‘rsatgan o‘yini ham tahlil qilinyapti. Jamoa nega bunday o‘ynagani, nima uchun o‘z darvozasidan to‘rtta gol o‘tkazib yuborgani hayron qoldiryapti. Yoki “Paxtakor” sust o‘ynadimi?

- “Paxtakor” bizga qarshi kuchsiz o‘ynadi, demagan bo‘lardim. Bu har bir jamoada uchrab turadigan holat. Har doim ham bir tekis ketavermaydi. “Paxtakor”da yo‘qotadigan hech nima yo‘q, ta’qibchilaridan ancha ilgarilab ketgan. Bizning oldimizga esa kuchli beshtalikka kirish vazifasi qo‘yilgandi. Shuning uchun qattiq harakat qilyapmiz. Bu boradagi raqobat ham kuchli. Chunki oldimizdagi raqiblar ham jiddiy kurashishyapti. Har bir yo‘qotilgan ochko bizga qimmatga tushyapti. Lekin jamoamiz uchun orqaga yo‘l yo‘q. Raqib kim bo‘lishidan qat’iy nazar ochkolarimizni jamg‘arishimiz kerak.

“Paxtakor” bizga qarshi bo‘shashgani yo‘q. Ularda professionallar yig‘ilgan. Futbolchilari har doim kuchliligini ko‘rsatishga harakat qiladi. Shu bois ikki yildan beri chempion bo‘lib kelyapti. Yana qaytaraman, raqib sust o‘ynadi deb o‘ylamayman. Biz keyingi uchrashuvni “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘tkazamiz. Bizda oson o‘yinning o‘zi qolgani yo‘q. Har biri juda qiyin kechadi. Keyingi turlarda “Lokomotiv”, AGMK kabi jamoalarga qarshi o‘ynaymiz. Ko‘rib turganingizdek, asosiy raqobatchilarimizga qarshi maydonga tushamiz, - deya fikrini yakunladi, Azimov.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Andijon" qilgan ishni biz qila olmaymizmi? - "Qo‘qon-1912" futbolchisi Ashurmatov qanday motivatsiya bergani haqida