00:07 / 13.10.2021
2 934

Katanes ham "boshladi!" yoxud Malayziya yaxshidikan-a?

Katanes ham "boshladi!" yoxud Malayziya yaxshidikan-a?
O‘zbekiston milliy terma jamoasining Iordaniyada tashkil etgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tugadi. Rejaga ko‘ra, u yerda vakillarimiz ikkita o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. Dastlab Malayziya 5:1 hisobida tor-mor keltirildi, ikkinchi o‘yinda mezbon – Iordaniyaga qarshi uchrashuvda “mehmonnavozlik” ko‘rsatib, raqibning uchta goliga javob qaytara olmadik.

Bu Srechko Katanetsning terma jamoa bosh murabbiyi sifatida ikkinchi yig‘ini bo‘ldi. Dastlab Toshkentda mashg‘ulotlar o‘tkazgach, so‘ngra safarda Shvetsiya bilan o‘yin o‘tkazilgandi. Terma jamoamiz yangi murabbiylar shtabining ixtiyoriga berilgach, endi turli-tuman o‘zgarishlar kutishimiz tabiiy. Aytaylik, tarkib va o‘yin uslubi bo‘yicha.

Bilasizmi, bundan avval terma jamoamizning Shvetsiyaga qarshi maydonga tushishini eshitganimizda xursand bo‘lganmiz. Chunki o‘zimizdan kuchli va Yevropada o‘z o‘rniga ega jamoa. Ammo keyingi raqiblarimizni eshitganimizda oldingidek xursand bo‘ldik deb aytishga asosimiz yo‘q. Nimaga? Chunki Malayziya ham, Iordaniya ham bizdan kuchli emas. Lekin vaziyat taqozosiga ko‘ra, vaqti-vaqti bilan shunday raqiblarga qarshi o‘ynab turish ham kerak ekan-da! Malayziyaga hurmatni saqlagan holda aytamizki, bu o‘yindan biz hech nima yutmadik. Tablodagi 5:1 hisobi esa hech nimani anglatmaydi. Chunki o‘zimizdan kuchsiz bo‘lgan raqibdan nimani o‘rganamiz? Qaytanga, muammolarimiz va kamchiliklarimiz ko‘rinmay ketadi, bunday o‘yinlarda.

Iordaniyaga kelsak, yomon raqib emas. Lekin boya aytdik, bizdan ustun joyi yo‘q. Ammo Ammandagi uchrashuvda mezbonlar bizning xatolarimizni yaqqol ko‘rsatib berdi. Ayniqsa, himoyadagi zaifligimiz baribir pand berdi. Katanes uchun bu jiddiy muammoga aylangan bo‘lsa ajab emas. Lekin o‘zimizdan kuchli bo‘lmagan raqibga 3:0 hisobida yutqazganimiz juda yoqimsiz bo‘ldi. Tushunamiz, sloveniyalik murabbiy yaqinda ish boshladi va u hali futbolimizni to‘liq o‘zlashtirib olgani yo‘q. Hali tanishish va moslashish jarayonida. Shuni hisobga oladigan bo‘lsak, hozircha bu mag‘lubiyat uchun uni ayovsiz tanqid qilmay turamiz. Zero, terma jamoa yangitdan shakllantirilmoqda. Shuning uchun bunday paytda g‘alabalardan ortiqcha quvonmay, mag‘lubiyatlardan ranjimay, sabr qilib kutib turamiz.

Tanqid qilish muammo emas. O‘ylashimizcha, Iordaniyaga boy berilgan yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan keyin Katanes qanday jamoani boshqarayotganini yanada yaxshiroq tushunib yetdi. Ayniqsa, nozik joylarimiz, qaysi pozitsiyalar kuchsizligi kabi jihatlar murabbiylar uchun aniq ko‘rindi. Balki murabbiy endi o‘yinni to‘liq himoyadan qurishni boshlar, balki boshqa uslubni joriy qilar, har qalay Katanetsni oson bo‘lmagan ish jarayoni kutib turibdi.

O‘yindan keyin darhol ijtimoiy tarmoqlarda terma jamoamizning o‘yini xususida turli xil fikrlar yangrashni boshladi. Barchasi bir-biridan qiziq. Lekin ishoning, bunday mag‘lubiyatlarga ko‘nikib qolganmiz. Shuning uchun Iordaniya bilan uchrashuvdagi mag‘lubiyatni sharmandali deb hisoblamay turamiz (garchi og‘riqli bo‘lsa-da). Qolaversa, baxtimizga bu rasmiy maqomda emasdi, garchi reytingga ta’sir qilsa ham. Muxlislar tomonidan “Malayziya yaxshidikan”, deya xazilomuz tarzda bildirilayotgan fikrlarni ham o‘qiyapmiz.

O‘sha gap: sabr qilib turaylik-chi! Katanes nima qilayotganini biladi, deb umid qilamiz. Hali yana chaqirilmayotgan terma jamoa futbolchilari ham bor. Yodingizda bo‘lsa, murabbiy futbolchilarimizga tajovuzkorlik va tezlik yetishmasligi haqida aytgandi. Shunday fikrni “Neftchi”da jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha ishlayotgan serbiyalik murabbiy Aleksandr Stojmirovich ham Sports.uz saytiga bergan intervyusida aytdi va o‘zbek futbolchilari o‘yin oxirigacha charchab qolayotgani, ularga tezlik yetishmasligini alohida ta’kidladi. Chetdan kelgan mutaxassislarga muammolarimiz yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Tan olamiz, futbolimiz tez emas. Srechko buni yaxshi bilib turibdi. Demak, u o‘z bilimi va tajribasini bu yerda ko‘proq ishlatishiga to‘g‘ri keladi. Biroq, afsuski, Katanes ham “boshladi!”. Bu yirik mag‘lubiyat uning terma jamoamizdagi faoliyatida birinchisi va oxirgisi bo‘lib qoladimi-yo‘qmi bilmadik, lekin unga ishonishda davom etamiz. Bundan boshqa ilojimiz ham yo‘q-da. Balki ushbu mag‘lubiyat biz uchun yaxshilikka xizmat qilar...

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Katanes ham "boshladi!" yoxud Malayziya yaxshidikan-a?