23:17 / 20.10.2021
858

Mutaxassis "Nasaf"ning Andijondagi o‘yinda imkoniyatini nega pastroq baholayapti?

Mutaxassis "Nasaf"ning Andijondagi o‘yinda imkoniyatini nega pastroq baholayapti?
O‘zbekiston Superligasi tobora manziliga yaqinlashib kelyapti. 21 oktabr kuni 23-tur uchrashuvlariga start beriladi. Bu safar tur doirasidagi yetti o‘yin besh kunga taqsimlandi. Turning oxirgi o‘yini 25 oktabr kuni “Andijon” – “Nasaf” ishtirokidagi o‘yin bilan yakuniga yetadi.

O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi rahbari Kamoliddin Murzoyev jamoalarning imkoniyatlari haqida o‘zining munosabatini bildirdi.

21 oktabr (payshanba)

“Metallurg” – AGMK

- “Metallurg” jamoasini ikkinchi davrani juda tushkun holatda o‘tkazayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, bu o‘yin ular uchun hayot-mamot janggi bo‘ladi. Lekin shunday bo‘lishiga qaramasdan, baribir AGMK jamoasida barqarorlik bor. Jamoa o‘yinchilarining mahoratini hisobga olganda, 45x55 sifatida AGMKning imkoniyatini yuqoriroq baholagan bo‘lardim.

22 oktabr (juma)

“Surxon” – “Qizilqum”

- Bu o‘yin ham qiziqarli kechadi. Ikkala jamoa ham so‘nggi uchrashuvlarda yaxshi o‘yin o‘tkazib kelmoqdalar. O‘ylashimcha, “Surxon” klubi ham kerakli ochkolarni qo‘lga kiritishga ulgurdi. Ko‘rib turibmizki, “Qizilqum” ham yomon o‘yinlar o‘tkazayotgani yo‘q. Mening fikrimcha, ushbu juftlikda jamoalarning imkoniyati teng – 50x50.

“Bunyodkor” – “Turon”
- Bu o‘yinda “Turon” jiddiy raqibga qarshilik ko‘rsatishga harakat qilib ko‘radi. Chunki bu klubning “Paxtakor”, “Lokomotiv” kabi jamoalarga qarshi o‘yinlarini inobatga oladigan bo‘lsak, bu safar tabiiyki, “Bunyodkor”ga ham ana shunday qarshilik ko‘rsatishi tabiiy. Lekin so‘zsiz ushbu bellashuvda “Bunyodkor” favorit hisoblanadi.

23 oktabr (shanba)

“Qo‘qon-1912” – “Lokomotiv”

- “Qo‘qon-1912” jamoasi oxirgi turda Jizzaxda “So‘g‘diyona” maydonida ochko olib qaytganidan keyin endi ushbu uchrashuvga yanada yaxshi kayfiyatda maydonga tushadi. “Lokomotiv”da esa aksincha. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bu o‘yindagi jamoalarning imkoniyatini 50x50 baholagan bo‘lardim. Ikkala jamoa ham yaxshi o‘yin ko‘rsatadi. Albatta, qo‘qonliklarning o‘z maydonida o‘ynashini hisobga olsak, ularda biroz tashabbus bo‘ladi. Shunday bo‘lsa ham men klublarning kuchini teng baholayman.

“Mash’al” – “Navbahor”
- “Mash’al”da murabbiy o‘zgarganidan keyin ayniqsa, ikkinchi davrada yaxshiroq o‘yinlar ko‘rsatyapti. Uyda o‘ynayotgani sababli “Mash’al” favorit. To‘g‘ri, “Navbahor”ham oxirgi turlarda o‘z ochkolarni yig‘yapti, o‘yini ham ancha qovushyapti. Muborakda yaxshi o‘yin kechadi. Fikrimcha, 55x45 foiz bo‘yicha “Mash’al”da ustunlik ko‘proq. Buni ularning o‘z maydonida o‘ynayotgani uchun aytyapman.

24 oktabr (yakshanba)

“So‘g‘diyona” – “Paxtakor”

- Bu turning eng markaziy o‘yini deb o‘ylayman. Bu yerda ikki faktor rol o‘ynashi mumkin. Birinchisi, “So‘g‘diyona”ga xohlasa-xohlamasa ochko kerak. Chunki klub butun mavsum davomida medallar uchun kurashib keldi. Mavsum oxiriga kelganda, buni qo‘ldan boy bermaslik uchun astoydil harakat qiladi va “Paxtakor”dan ochko olganlar qatorida turadi. “Paxtakor” chempionlikni rasmiylashtirganidan so‘ng bu uchrashuvga qay darajada yondashuvi ko‘p narsani hal qiladi. Ochig‘ini aytganda, bu juftlikda jamoalarning imkoniyatlari 50x50.

25 oktabr (dushanba)

“Andijon” – “Nasaf”

- Ko‘ryapmizki, “Andijon” jamoasi har bir turni final darajasida o‘tkazyapti va ochko uchun borini beryapti. E’tibor beradigan bo‘lsak, “Andijon” o‘z maydonida muxlislariga suyangan holda harakat qiladi. “Nasaf”ning Andijonga OFK Kubogidagi o‘yinidan keyin kelishini inobatga olsak, menimcha, safarda qiynaladi. Albatta, tarkib va o‘yin saviyasi bo‘yicha “Nasaf” kuchliroq. Lekin OFK Kubogidagi qiyin o‘yin va yo‘l sababli odatda birinchisidan ikkinchi musobaqaga o‘tish o‘yinlari juda og‘ir kechadi. Klublarning joylashuvini inobatga oladigan bo‘lsak, “Nasaf”ga qiyinroq bo‘ladi. Bu vaziyatda muxlislarning daldasi hamda “Andijon” jamoasining oxirgi turlardagi o‘yinlarini inobatga olib, 55x45 deya baholayman.

Shuhratbek Jo‘rayev


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Mutaxassis "Nasaf"ning Andijondagi o‘yinda imkoniyatini nega pastroq baholayapti?