21:30 / 21.10.2021
1 565

Sherzod Nasrullayev: "Nasaf"ni yosh jamoa deyishingiz mumkin, lekin biz aqlan o‘sishga erishdik"

Sherzod Nasrullayev: "Nasaf"ni yosh jamoa deyishingiz mumkin, lekin biz aqlan o‘sishga erishdik"
Qarshining "Nasaf" jamoasi OFK kubogi Interzonal final bosqichida Gonkongning "Li Man" jamoasini mag‘lubiyatga uchratib finalga yo‘llanma oldi (3:2).
Murosasiz va kurashlarga boy kechgan o‘yinda g‘olib nomi asosiy daqiqalarda aniqlanmadi. Javob uchrashuvi yo‘qligi sababli bahs taqdiri bitta o‘yinda hal bo‘lishi kerak edi. Natijada bellashuv bosh hakami jamoalarni 15 daqiqadan iborat ikkita ekstra-taymlarga taklif qildi. Hujumlar sonini oshirgan maydon egalari 105+1 daqiqaga kelib g‘alaba to‘pini kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Sherzod Nasrullayevning chap qanotdan oshirgan to‘pini Andriya Kaluderovich golga aylantirdi. Biz mazkur o‘yindan so‘ng uchinchi golda katta hajmdagi ishni bajarib bergan Sherzod Nasrullayevni suhbatga chorladik.

- Avvalo g‘alaba bilan tabriklaymiz. "Li Man"ga qarshi kechgan o‘yin avvalgilariga nisbatan qay darajada qiyin o‘tdi? Jamoa kecha haqiqiy qarshilikka duch keldi...
- Rahmat katta. Fikrimcha, "Li Man" jamoasi "Ahal", "Mohun Bagan"ga qaraganda kuchliroq, deya olaman. Buni maydonda ham ko‘rdik. Bizga yetarli darajada qiyinchilik tug‘dira olishdi. O‘yin oson o‘tmadi.

- Ikkinchi bo‘limda jamoa o‘yinini yo‘qotib qo‘ygandek yoki erta xotirjamlikka berilgandek taassurot qoldirdi. Raqib esa "iflos" futbol ko‘rsatishga, "Nasaf"ning o‘yinini bo‘g‘ishga harakat qildi...
- To‘g‘ri birinchi bo‘lim davomida ustunlikka ega bo‘ldik. Ikkita gol ham urishga erishdik. Lekin ikkinchi bo‘limda ikkita tezkor gol o‘tkazib yubordik. O‘zimizning xatolarimiz pand berdi. Goldan keyin esa sust harakat qilganimiz rost. Qiyin bo‘lishi oldindan aniq edi.

- Finalda qaysi jamoa "Nasaf"ga raqib bo‘lishini kutgan edingiz?
- Qaysi jamoa bilan to‘qnash kelishimizning farqi yo‘q.

- Sizningcha "Al Muharraq" "Kuvayt SK"ga qaraganda biroz yengilroq raqibmi?
- Yo‘q, bunday o‘ylamayman. Agar kuchsiz jamoa bo‘lganida "Kuvayt SK"ni mag‘lub etmasdi. Demak o‘ziga yarasha kuchli jamoa. Finalda hamma narsa hal bo‘ladi.

- Uchrashuvdan so‘ng Ro‘ziqul Berdiyev sizni jarohat bilan harakat qilganingizni aytdi. Aslida holatingiz qanday? Balki og‘riq qoldiruvchi ukol yordamida to‘p tepgandirsiz...
- Shamollagandim. Shuningdek oyoq paylarimda biroz muammo bor edi. O‘yin paytida jarohat orttirib oldim.

- O‘zbekiston terma jamoasiga chaqirilishingizni hamma kutyapti. Lekin Srechko Katanes hozircha taklif qilgani yo‘q...
- Bu gapni ko‘pchilik insonlardan eshitganman. O‘zimga ham aytishgan. Terma jamoaga endi chaqiradi, deb o‘ylayman.

- Jamoa finalgacha og‘ir yo‘lni bosib o‘tdi. Futbolchilarda xalqaro maydon ko‘nikmasi shakllanib bo‘ldimi? Bunday yutuqdan keyin" Nasaf"ga nisbatan yosh jamoa iborasini ishlatish to‘g‘rimi?
- Ha, yosh jamoa deb, aytishingiz mumkin. Lekin aqlan o‘sishga erishdik, deya olaman. Bizni qo‘llab - quvvatlab turgan muxlislarga rahmat aytaman. Biz finalda ham g‘alaba qozonib OFK kubogini O‘zbekistonga olib kelishga, jonimizni berib o‘ynashga harakat qilamiz.

Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sherzod Nasrullayev: "Nasaf"ni yosh jamoa deyishingiz mumkin, lekin biz aqlan o‘sishga erishdik"