22:07 / 24.10.2021
2 278

Piter Xyuistra: "Bunday maydonga itlarni ham sayrga olib chiqishmaydi! Sifatli futbol qani deb so‘ramang!"

Piter Xyuistra: "Bunday maydonga itlarni ham sayrga olib chiqishmaydi! Sifatli futbol qani deb so‘ramang!"
Superliganing 23-turidan o‘rin olgan "So‘g‘diyona" - "Paxtakor" (1:0) uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Piter Xyuistra matbuot anjumanida qatnashdi.

"Bugun tarkibni aniqlash borasida qiyinchilikka duch keldik. MTJdan jarohat bilan qaytganlar bor edi, OTJga chaqirilgan futbolchilar bor va yo‘qotishlarimiz katta bo‘lgani bois qaydnomaga yosh futbolchilar ham kiritildi. Bugun yoshlar "So‘g‘diyona"ga qarshi bahsda yaxshi o‘ynashdi deb o‘ylayman. Xursand qilgan jihat juda yaxshi bo‘lmagan maydonga qaramay biz yerdan uzatmalar berib, bir necha marta chiroyli kombinatsiyalar tashkil qila oldik.

Bugun menga yoqmagan ikki jihat bo‘ldi. Birinchisi, adashmasam ikki tur oldin shu hakam Qo‘qondagi o‘yinni boshqarib borgandi. Uch turda ikkinchi marta bir hakamning "Paxtakor"ning safardagi o‘yiniga tayinlanganini tushunmadim.

Ikkinchisi juda ham yomon maydon. Bu shunchaki yomon emas, juda va juda maydon! O‘xshatishimiz qo‘pol chiqar ammo Niderlandiyada bunday maydonga itlarni ham sayrga olib chiqishmaydi! Muxlislar birinchi va uchinchi o‘rindagi jamoalar ishtirokidagi o‘yinda chiroyli futbol ko‘rmadik deb e’tiroz bildirishi mumkin, lekin avval maydonga boqish kerak. Sifatli futbol nega bo‘lmaganini maydon aytib turibdi. Maydon bo‘lmasa hech qachon sifatli futbol va futbolning o‘sishi bo‘lmaydi! Umid qilamanki bu borada ishlar amalga oshirib boriladi.

"So‘g‘diyona" jamoasiga keyingi o‘yinlarda omad tilayman. Ular ham o‘z vazifalarini bajarish uchun kurashishmoqda.

Bizning oldimizda ham uchta o‘yin bor, chempionlikni qo‘lga kiritib bo‘ldik va endi yoshlarga ko‘proq imkoniyat beramiz. Keyingi o‘yinlargacha jarohat olganlar safga qaytishadi, bundan tashqari U-23 saralashida ishtirok etgan futbolchilarimiz ham tarkibimizga qaytishadi. Xalqaro musobaqalar yosh futbolchilarga tajriba maktabi bo‘ladi", - dedi Piter Xyuistra.

- O‘zbek hakamlari haqida qanday fikrdasiz?
- Hakamlik umumiy darajada yomon emas. Hozir VAR bor, negadir hamma o‘yinda ham bu ishtilmaydi. Bugungi o‘yinda ham VAR bo‘lganida Matichning goli hisobga olingan bo‘lardi. VAR har bir o‘yinda ishlatilishi kerak edi. Hakam muxlislarning reaksiyasiga bog‘lanib qoldi, mezbon futbolchilari maydonga yiqilsa muxlislar ta’siri ostida hakam jarima to‘plarini berib tashladi.

Maydonlar haqida ham gapirmoqchi edim, maydonlar Superliga yuzi hisoblanadi. Buni hal qilish kerak edi. O‘tgan mavsum maydonlar holati yaxshi edi, ammo bir yil ichida nima bo‘ldi-ki biz oxirgi paytlarda safarda faqat yomon maydonda o‘ynayapmiz. Agar men ishlayotgan klubda shunday maydon bo‘lganida o‘zimni noqulay his qilgan bo‘lardim. Yaxshi maydonlar iqtidorli futbolchilaning o‘sib borishiga yordam beradi. Bunday maydonlarda yosh futbolchilar o‘smaydi.

"Turon" misolida bir gapni aytmoqchiman, ular barcha sharoitlarni yaratishgan, maydoni ham ajoyib. Bu jamoa nega ko‘p ochko jamg‘armayapti bilasizmi? Sababi ular safarga borishadi va yomon maydonda o‘ynashadi.

- "Paxtakor"ning bugungi mag‘lubiyati ishtiyoq yo‘qligi bilan bog‘liqmi?
- Ishtiyoq bilan muammo yo‘q edi. Yigitlar men kutganidan ko‘ra yaxshiroq o‘ynashdi. Himoya markazida ikki yosh futbolchi tandemi o‘ynadi: Chobanov-Azmiddinov. Chobanovning qizil kartochka olgani yomon bo‘ldi. O‘sha vaziyatda bu jazo anchagina oshirib yuborilgandi deb o‘ylayman.

- "Paxtakor" chempion bo‘lib bo‘ldi, keyingi uchta o‘yinda mukofot pullaridan tashqari yana qanday motivatsiya bo‘ladi?
- Mening jamoamdagi futbolchilar shunchaki futbolni sevishadi. Shu bois hech narsani hal qilmaydigan o‘yinlarda ham ular maydonga tushib chiroyli futbol namoyish etishga urinishadi.

- "So‘g‘diyona" bu mavsum "Paxtakor"ga qarshi ikki marta o‘ynadi: bitta g‘alaba va bitta durang qayd etdi. Nima deb o‘ylaysiz Jizzax klubi qaysi jihati bilan kuchlilik qildi?
- "So‘g‘diyona" bizdan kuchli deb o‘ylamayman. Musobaqa jadvali buni aytib turibdi, ko‘pincha shunday bo‘ladi qaysidir o‘yinda kuchli o‘ynasang ham yuta olmasliging mumkin. Kubokda ham "So‘g‘diyona" bilan to‘qnash kelishimiz mumkin. Agar shunday bo‘lsa kuchliligimizni ko‘rsatishga urinamiz.

- Sharof Muhitdinov OCHLda ajoyib o‘ynadi, ammo Superligada ko‘pinchi zaxirada qolib ketdi.
- Shunchaki yarim himoyamizda raqobat kuchli, shu bois barcha futbolchilarga imkoniyat berdik. Ba’zida Sharofdan chap qanot himoyasida ham foydalandik. Uning universalligi ustun jiatlaridan biri.

- Bugun Cheran va Anzur Ismoilov nega zaxirada qolib ketdi?
- Ikkalasida ham jarohat bor edi. Ularning maydonga tushmasligi o‘yindan oldin ma’lum edik, shunchaki yoshlarga maslahat berishlari uchun Jizzaxga olib kelgandik. Tajribali futbolchilar murabbiylar kabi o‘ylashadi va yoshlarga yordam berishadi.

- "So‘g‘diyona" ikkinchi o‘ringa loyiqmi?
- Albatta, agar sen jamg‘argan ochkolaring ikkinchi o‘ringa yetarli bo‘lsa demak sen loyiqsan. Ba’zida "Nasaf", ba’zida "So‘g‘diyona" juda ham yaxshi o‘ynadi. So‘nggi turlarda "So‘g‘diyona" "Nasaf" bilan o‘zaro o‘ynaydi va qiziqarli o‘yin bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Piter Xyuistra: "Bunday maydonga itlarni ham sayrga olib chiqishmaydi! Sifatli futbol qani deb so‘ramang!"